Breaking News

Yil sarhisobi: 2019-yil O'zbekiston uchun qanday kechdi?


Oliy majlis va mahalliy kengash uchun kurash olib borgan partiyalar vakillari bahsi
Oliy majlis va mahalliy kengash uchun kurash olib borgan partiyalar vakillari bahsi

O'zbekistonda yil so’ngida o’tkazilgan parlament saylovlari, Prezident Shavkat Mirziyoyevning xorijdagi muxolifat va tashqi siyosatga doir bayonotlari, jurnalistlar va blogerlarga tahdid qilgan amaldorlarning jazosiz qolgani, ijtimoiy adolatga doir muammolar hamda qonunlarning qog’ozdan amalga ko'chishi qiyin kechayotgani ba'zi kuzatuvchilar tomonidan mamlakatda islohotlar zaiflashganining daragi o’laroq ko’rilmoqda.

O’zbekiston Oliy Majlisi va mahalliy kengashlar uchun 22-dekabr kuni o'tgan saylovlar Prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan o’tgan dastlabki yirik siyosiy tadbir bo’ldi.

Mustaqil ekspertlar xulosasiga ko'ra, parlament saylovlari faollar kutgan ochiq siyosiy kurashga aylanmadi. Saylov jarayonini mamlakatdan kuzatgan xalqaro kuzatuvchilar ham bu tadbirda haqiqiy siyosiy raqobatni, muxolifat ishtirokini qayd etishmadi.

Saylovlar O’zbekiston parlamentidagi siyosiy kuchlar tarkibi, taqsimotida ham o’zgarish qilmadi. Prezident Mirziyoyev nomzodini surgan Liberal-demokratlar yetakchilikda, keyingi o’rinlarni “Milliy tiklanish”, “Adolat”, Xalq demokratik partiyasi va Ekologik partiya vakillari egalladi.

Nomzodlar 50 foizdan oshiq ovoz to’plamagan 25 okrugda esa 5-yanvar kuni qayta saylovlar o’tadi, ammo uning natijasi, o’tgan saylovlar kabi jamoatchilik uchun muhim emas deb ko’rilmoqda.

Faollarga ko’ra, Prezident Mirziyoyevning siyosiy islohotlaridan darak berishi lozim bo’lgan parlament saylovlari, aksincha, mamlakatda siyosiy islohotlar kutilmasligiga ishora qilgan.

“Parlament saylovlari Prezident Mirziyoyev islohotlari mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ko’rsatib berdi, saylovga nisbatan tanqid ichkarida ham, tashqarida ham kuchli. Bu hokimiyatning siyosiy islohotlar qilmasligiga doir ishorasi”, - deydi o’zbek faollaridan biri Namoz Normo’min.

Siyosiy muxolifatga doir fikr bildirgan Prezident Mirziyoyev xorijdagi siyosiy partiyalarni rad etdi; muxolifat faqat yurt ichida shakllanishi mumkinligini ta’kidlar ekan, siyosiy islohotlar boshlanishiga umid qilayotgan xorijdagi muxolifatga aniq ishoralar berdi.

Prezidentning bu bayonoti Karimov o’limi ortidan qudratga kelgan yangi hokimiyatning siyosiy ochiqlik, liberalizm va demokatik tamoyillarga doir pozitsiyasi sifatida baholanmoqda.

Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan o’zbek faollaridan biri Hazratqul Xudoyberdiga ko’ra, Shavkat Mirziyoyevning yil oxirida qilgan bu chiqishi 2019-yil davomidagi vaziyat bilan ham isbotlanadi.

“2019-yil jamoatchilik uchun ijtimoiy hayotdagi turli qarama-qarshiliklar bilan kuzatildi. Eslasangiz, yilning o’zi tashvishli xabarlar bilan boshlangan edi, Qashqadaryoda mulki buzilayotgan tadbirkorning hokimiyat vakilini yoqib yuborgani jamoatchilikda jiddiy aks sado berdi. Ammo yil davomida bu kabi ijtimoiy zo’ravonliklarga ko’p bor guvoh bo’ldik. Jurnalistlar, blogerlar hibs qilindi, qamaldi, haqoratlandi, tahdidga uchradi, ayrimlari hatto jinnixonaga joylashtirildi. Bu zo’ravonliklarning ortida, asosan, hokimiyat vakillari turdi. Afsuski, ularga nisbatan biror chora ko’rilgani yo’q. Uzoq kutilgan saylovlar ham siyosiy vaziyatda hech narsani o‘zgartirmadi. Parlamentda yana o’sha qo’g’irchoq partiyalar. Prezidentning xorijdagi muxolifatga doir bayonoti esa mutlaqo aqlga sig’maydi, zamonaviy dunyoda xorijdagi faolning saylovda qatnashib, hokimiyatga kelish holatlari ko’p. Mana qo’shni Pokiston, Afg’onistondagi vaziyat bunga oddiy misol. Mirziyoyevning xorijdagi muxolifatni taqiqlashi siyosiy, huquqiy jihatdan ham o’ta savodsiz bayonot. Bu yangi hokimiyatda ham rejim shakllanayotganidan darak beradi”, - degan fikrda Hazratqul Xudoyberdi.

Rasman, hukumat, xususa,n prezident Mirziyoyev ham hokimiyat uchun siyosiy raqobat bo’lishiga, muxolifatga qarshi emas, ammo bu muxolifat mamlakat ichkarisida shakllanishi kerak, degan qarashda.

O’zbekistondagi turg’unlik davri muxolif qarashdagi yuzlab fuqarolarni xorijga chiqib ketishga majbur etdi. Ular qatorida nafaqat muxolifatdagi siyosiy partiya faollari, balki fuqarolik jamiyati uchun kurashgan huquq himoyachilari, jurnalistlar ham ko’p. Ularning aksariyati hamon vatanga qaytish, fuqarolik jamiyati qurilishida ishtirok etish qarorida turibdi.

Hazratqul Xudoyberdi ham O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan “O’zbekiston ozodlik harakati” tashabbus guruhiga asos solgan. Xudoyberdiga ko’ra, harakatni ijtimoiy tarmoqda 2 mingdan oshiq kishi qo’llamoqda, aksariyati O’zbekistonda, ayrimlari xorijda.

“Hozirgi vaziyatdagi ijobiy hodisa bu jamoatchilikda nisbatan uyg’onish borligidir. Albatta, bu uyg’onish hokimiyat almashishi, Mirziyoyevning islohotlarga doir va’dalari tufayli yuzaga chiqdi. Ammo o’tayotgan yil islohotlar, o’zgarishlar bo’yicha jamoatchilik fikri oldinga chiqqanini, hukumat esa bu uyg’onishlardan cho’chiyotganini ko’rsatdi. Deylik, jamoatchilik fikri lokomotivga aylangan bo’lsa, hukumat orqada, harakatni og’irlashtirish bilan band. Bunga yil davomida kuzatilgan zo’ravonliklar misolida guvoh bo’ldik. Hokimiyat islohotlardan yuz o’girib, hammasini avvalgi holatda tiklash qaroriga kelgandek”, - deydi xorijdagi muxolifat vakili Hazratqul Xudoyberdi.

2019-yil jurnalistlar, bloggerlarga nisbatan tazyiqlar, tahdidlar yuz berishi bilan birga, mamlakatda so'z erkinligi avvalgi yillarga qaraganda yaxshiroq ekani ham qayd etilmoqda.

Yil yakunlanar ekan Andijonda yana bir bloger Otabek Nuritddinov 15 kunik qamoqqa tashlangani haqidagi ma’lumotlar chiqdi. Ijtimoiy vaziyatga doir tanqidiy fikrlari bilan tanilgan bolger mahalliy hokimiyat bilan ziddiyatga borgani uchun ma’muriy jazoga loyiq ko’rilgani ta’kidlanmoqda.

Dekabr oyining so’nggi kunlarida Bosh prokuratura Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyev blogerning “janozasini o’qishga” chaqirishiga doir tahdidlarida jinoyat alomati topilmagani haqida xabar tarqatdi. Avvalroq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayevning “Kun.uz” jurnalistlariga qilgan tahdidida ham jinoyat alomatlari topilmagan edi.

Yil yakunlanishi arafasida mamlakatdagi taniqli blogerga aylangan Shabnam Olloshukurova ruhiy kasallar shifoxonasidan chiqarildi, rasman uning salomatligi yaxshi, ortiqcha davolanishga muhtoj emas deb topilgan.

Jurnalist va muxolifatchi Mahmud Rajabning Xorazmdan Toshkentga rejalashtirgan norozilik aksiyasini ijtimoiy tarmoqlarda jonli yoyinlashi paytida hibsga olingan Olloshukurova dastlab 10 kunlik qamoqqa, keyinchalik sud qaroriga ko’ra, qamoqdan asab kasalliklari dispanseriga majburiy muolaja uchun yotqizilgan edi.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi yetakchisi, shoir Muhammad Solihning kitoblarini O’zbekistonga olib kirishi ortidan jinoiy javobgarlikka tortilgan Mahmud Rajab bilan bog’liq vaziyat ham hokimiyat va’da qilgan siyosiy liberalizm, demokratik islohotlar qog’ozda qolayotganining isboti o’laroq ko’riladi.

Faollar 2019-yildagi eng umidli holatlar sifatida jamoatchilik darajasida uyg’onishlar va o’zbek matbuotidagi nisbiy erkinliklar davom etayotganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG