Breaking News

Markaziy Osiyo koronavirusdan qanday himoyalanmoqda?


Koronavirusning elektron mikroskopdagi ko'rinishi

Xitoyning Uxan shahrida aniqlangan va og‘ir turdagi zotiljamni keltirib chiqaruvchi koronavirus Yevropa va Osiyoning bir qator mamlakatlari, AQSh va Avstraliyaga ham tarqaldi. Xitoyda bu kasallikka chalinganlar va undan vafot etayotganlar soni tobora ortib bormoqda.

Xitoyga qo‘shni Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari koronavirus kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun profilaktika tadbirlarini kuchaytirdi. Hozirga qadar mintaqada kasallikka chalinish holati qayd etilmadi. Boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi mintaqa aeroportlari va chegara punktlarida nazorat kuchaytirildi. Respirator kasalliklar belgilari kuzatilgan kishilarga alohida e’tibor qaratilyapti.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jizzax va Buxoro viloyatida bir necha kishi koronavirusga chalingani, kasallik banandan ham yuqishi mumkinligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mish-mishlarni tasdiqlamadi. Vazirlikning bildirishicha, koronavirusning meva-sabzavotdan yuqishi ilmiy jihatdan isbotlanmagan. Shuningdek, vazirlik o‘zbekistonliklarga Xitoyga safar qilmay turishni maslahat berdi.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga qaraganda, shu paytgacha Xitoydan kelgan 6 mingdan ziyod kishi aeroportlarda tekshiruvdan o‘tkazildi. Tana harorati ko‘tarilgan yo‘lovchilar avval aeroportdagi maxsus izolyatorga, u yerdan kasalxonalarga jo‘natilyapti. Qozog‘iston hukumati xitoylik tranzit yo‘lovchilar uchun vizasiz tartibni bekor qildi. “Xorgos” xalqaro chegara hamkorlik markazining Qozog‘istondagi qismi yopildi. Bundan tashqari, Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasidagi poyezdlar qatnovi vaqtinchalik to‘xtatildi.

Koronavirusdan himoyalanish maqsadida Qirg‘iziston hukumati Xitoy bilan chegarani yopishga qaror qilgan. Bundan tashqari, Xitoydan go‘sht va go‘sht mahsulotlari olib kelishga vaqtinchalik taqiq qo‘yildi. Davlat veterinariya va fitosanitar xavfsizlik isnpeksiyasi Xitoydan 140 tonna zararlangan go‘sht olib kelingani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. “2020-yil boshidan beri Xitoy Xalq Respublikasidan Qirg‘iziston Respublikasiga go‘sht olib keligani yo‘q”, – deyiladi inspeksiya tarqatgan bayonotda.

Koronavirus haqidagi mish-mishlar Tojikistonda ham tarqaldi: “Somon Air” reysi bilan Xitoydan kelgan bemor yo‘lovchining vafot etgani to‘g‘risidagi gap-so‘zlar rasman tasdiqlanmadi. “Somon Air” aviakompaniyasi 4-fevralga qadar Xitoyga aviaparvozlarni to‘xtatib qo‘ygan. Tojikiston Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari Miramuddin Kamolzoda jurnalistlar bilan uchrashuvda mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorligini ma’lum qildi.

Rasmiy ma’lumotlar odatda cheklangan tarzda e’lon qilinadigan Turkmanistonda Sog‘liqni saqlash va tibbiy sanoat vazirligi “sanitariya-karantin punktlarida, viloyat sanitariya-epidemiologiya xizmatlarida, shuningdek, xorijga ketayotgan va xorijdan qaytayotgan fuqarolar uchun tekshiruv kuchaytirilganini” bildirdi.

Markaziy osiyolik mehnat muhojirlarining asosiy qismi islaydigan Rossiya ham koronavirus tarqalishining oldini olish uchun nazoratni kuchaytirdi. Jumladan, Amur oblasti hukumatining qaroriga binoan Blagoveshensk shahrini Xitoyning Xeyxe shari bilan bog‘laydigan o‘tish punki 1-fevralgacha yopib qo‘yilgan. Biroq 28-yanvar kuni Xeyxedagi rossiyaliklar vataniga qayta olishi uchun vaqtinchalik transport yo‘lagi ochildi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ko‘p boradigan Turkiyada Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Koja xavotirga sabab bo‘laidgan vaziyat yo‘qligini bildirdi. Uning aytishicha, aeroportlarda Xitoydan kelayotgan barcha yo‘lovchilar termal kameralar bilan tekshirilyapti. Turkiyada koronavirus yuqqani taxmin etilgan bir necha kishi tekshiruvlardan o‘tkazildi va taxminlar tasdig‘ini topmadi.

Koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Xitoyning Xubey viloyati Uxan shahrida va boshqa bir qator shaharlarda karantin e’lon qilingan. Shaharlarga kirish va chiqishlar yopilgan. Karantin e’lon qilingan shaharlarni chet davlatlar fuqarolari, xususan, markaziy osiyoliklar ham tark eta olmayapti.

O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 27-yanvar kuni brifing o‘tkazgan va chet el fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha xalqaro majburiyatlar bajarilishini aytgan. Chet el diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar vakillarining savollariga javob bera turib, Xitoy tomoni mamlakat hukumati hozirda chet el fuqarolarini Uxan shahridan evakuatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqayotganini bildirgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG