Breaking News

O'zbekiston gilamlari endi Nyu-Yorkdagi maxsus do'konda


Nyu-Yorkning Kvins tumanida "Gilam Uz" do'koni ochildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:37 0:00

Nyu-York: Kvins tumanida "Gilam UZ" do'koni ochildi

Nyu-Yorkning Kvins tumanida mo'jaz "Gilam Uz" do'koni ochildi. Uni o'zbekistonlik-amerikalik ochgan. Vatandoshlar bu biznesni quvoch ila qarshi olishdi.

Nyu-Yorkda Bruklindan so'ng o'zbekistonlik immigrantlar zich istiqomat qiladigan hudud - Kvins tumanidamiz. Bugun bu yerda “Gilam Uz” do'koni karnay-surnay sadolari ostida ochildi.

Uni 15 yil oldin Amerikaga ko'chib kelgan o'zbekistonlik, 43 yashar Nosir Rajabov ochdi. Gilamlari barcha xaridorlarga mos kelishini aytsa-da, u mijozlari orasida vatandoshlari ko'proq bo'lishiga ishonadi.

Amerikada o'zbekistonliklar safi kengayar ekan, to'ylar ko'paygan, uy-joy sotib olayotganlar ortmoqda. Demak, gilamlarga ehtiyoj ortishi tayin.

“O'zbek xalqi gilamsiz yasholmaydi, uyda yurolmaydi ham” - deydi Nosir.

U grin kartani qo'lga kiritgan yurtdoshlari kabi AQShdagi yangi hayotini oddiy ishdan boshlagan. Yillar davomida tajriba va sarmoya orttirib, biznesini ochishga qaror qildi.

O'zbekistonlik-amerikaliklar jamiyatining nisbatan yosh to'lqini vakilining ushbu yutug'ini vatandoshlari tarixiy deyishmoqda. Amerikaga 30 yil oldin O'zbekistondan ko'chib kelgan, bugungi kunda nafaqat Buxoro yahudiylari balki o'rta osiyolik immigrantlar hayotini yoritadigan jurnalist Rafael Nektalov voqeani shunday izohlaydi.

“Bugun bizning jamiyat hayotidagi tarixiy kun. Kvins tarixida ilk bor, shunday do'kon ochildiki u yerdagi mahsulotlar O'zbekistondan olib keltirilgan. To'lqinlantirayotgan boshqa jihati esa ular mening ona shahrim Samarqand mollari”- deydi Kvinsda chiqadigan “The Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Nektalov.

Yangi do'kon, Nyu-York
Yangi do'kon, Nyu-York

“Gilam Uz” do'koni ochilishini o'zbekistonliklar jamiyati hayotidagi ahamiyatini sharhlar ekan, o'zbekistonlik immigrantlar faoli Daler Hamidov shunday deydi:

“Xabaringiz bor aziz do'stlar birinchi bo'lib biz “Amerika ovozi”ga bu xabarni yetkazgan edik. O'tgan yili noyabr oyida birinchi bo'lib biz rasmiy ravishda AQShda O'zbekiston ishlab chiqaruvchisi “SamAntepGilam” (SAG) korxonasi mahsulotlari, bizning zamonaviy va sifatli gilamlarni Amerika bozorlariga chiqargan edik. Bugun biz Nyu-Yorkning Kvins degan tumanida ikkinchi savdo do'konimizni ochyapmiz. Buning mohiyati komyunitimiz uchun juda katta. Chunki bizning shiorimiz... Biz mardikor emas, tadbirkor!” darajasiga ko'tarmoqchimiz xalqimizni. Bizning O'zbekiston xalqi juda mehnatkash, mehnatsevar. Bilimli, zehni kuchli. Shuning uchun jomeamiz ahliga yordam ko'rsatib konsalting, iqtisodiy, ilmiy yordam berib Amerika bozoriga chiqarib... shuning mahsuli sifatida bugun biz hammalaringiz ishtirokingizda Kvinsda ana shu gilamlar magazini hamda Shahrisabzdan olib kelingan, qo'lda tikilgan “Gulnor” mahsulotlarini olib keldik. Endi gilamlar bilan “Gulnor” mahsulotlarini 62-02 Rego parkda topishingiz mumkin”.

“Bizning jamiyatimiz bugungi kunda kengaygan. Amerikada istiqomat qilayotgan o'zbekistonliklar qariyb 300 ming kishiga yetgan. Shulardan yuz mingdan ziyodi Kvinsda yashaydi. Bular tojiklar, o'zbeklar, Buxoro yahudiylari, ruslar, koreyslar, turkmanlar, eroniylar. Bizlarni hammamizni Vatanga bo'lgan mehr birlashtiradi. O'tmishdagi hayotimiz, shahrimizni esga soluvchi bu kabi har qanday chizgilar bizning yangi mamlakatdagi turmushimizni yanada shinamroq qiladi. Boshqa tomondan olganda bu endi sog'inch emas aslo, chunki biz 30 yil oldin kelganmiz, bugungi kunda barcha yo'llar ochiq. Borib-kelib yuribmiz. Biz uchun muhim jihati bu Amerika va O'zbekiston o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik. Zero, hamma istagancha gaplashishi mumkin, biroq o'rtada biznes va hamkorliklar bo'lsa siyosatchilar o'zaro iqtisodiy aloqalar talablariga mos ish yuritishni boshlaydilar” - deydi Rafael Nektalov.

Yangi do'kon, Nyu-York
Yangi do'kon, Nyu-York

Do'kon ochilishida qatnashgan samarqandlik olim, Amerikada yashayotgan vatandoshlari hayot va faoliyatlariga bag'ishlab bir nechta kitob yozgan Asliddin Qamarzoda esa ikki davlat, O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi rasmiy munosabatlar rivojlanayotgani bu yerdagi vatandoshlari hayotiga yaxshi ta'sir qilganini aytadi. Olimning so'nggi besh yil davomidagi kuzatishlari va odamlarning kayfiyatidagi o'zgarishlar bunga bir misol.

“Uchinchi marta Amerikaga safar qilishim. Gapning ochig'i birinchi marta kelganimda, u bundan besh yil oldin edi, Amerika menga uncha yaxshi taasurot qoldirmagandi. Bu yerdagi vatandoshlarning kayfiyati ham, mehnati ham boshqacharoq edi. Ularning havasi bu yerga ishlab pul to'plash uchun kelgan mardikorlarnikidek edi. Ular pul ishlab ortga, Samarqandga qaytish niyatida yurgandek edi. Ikkinchi marta kelganimda yoshlarimizning tibbiyot kollejlarini o'qib, bitirib shu yerda tibbiyot sohasida, savdo sohasida, madaniyat sohasida ishlayotganlarini, ayniqsa Kvinsga kelgan sobiq vatandoshlarimiz bu yerda “Shashmaqom” ansamblini ochishgani, teatr faoliyat ko'rsatayotgani quvontirgandi. Bu gal kelganimda yanada katta o'zgarishlar... har qadamda yangi choyxonalar, yangi do'konlar… Mana bunday katta gilam do'koni ochilishini Samarqandda ham kamdan-kam odamlar biladi. Bu yerga kelib ushbu gilamlarni ko'rib, yana Sharisabz ustalarining Gulnor magazinida xalq hunarmandchilik mahsulotlarini keltirib namoyish qilinayotgani, sotilayotgani albatta quvonarli holdir” - deydi Asliddin Qamarzoda.

Munosabatlar mustahkamlanaverib, o'rtada nizolar bo'lmasa bu yerdagi vatandoshlar AQShda yanada kattaroq muvaffaqiyatlarga erishishlariga ishonadi olim.

Do'kon egasiga ko'ra, birinchi kuniyoq 15 dan ortiq gilam sotilgan. Xaridorlar - o'zbekistonlik-amerikaliklar.

“Biz bu ishimizni nima uchun amalga oshirdik? Eng avvalo vatandoshlarimizning og'irini yengil qilishni istadik. Biz hammamiz gilamlarni yaxshi ko'ramiz. Shuning uchun odamlarimiz har biri 50-60 kilo keladigan gilamlarni shuncha yo'ldan ko'tarib keltirishadi. Samarqanddagi do'konimga har zamon oilalar kelib uzun gilamni olishadida o'rtasidan kestiradilar va Amerikaga olib ketadilar. Ana shularni o'ylab biz ushbu loyihamizni amalga oshirdik. Bir yil ichida ikkita do'kon ochdik. 3 vagon gilam keltirdik. Yana do'konlar ochish rejalarimiz bor”, - deydi Samarqandda to'qilgan gilamlarni AQShga yetkazishni boshlagan samarqandlik tadbirkor Said Hakimov.

Vatandoshlari qatori boshqa xaridorlar ham O'zbekiston gilamlariga qiziqish bildirmoqda.

Nosir Rajabov uchun bu - Amerikadagi yangi muvaffaqiyat. Va u o'zbekistonliklarning uylarida ham, to'ylarida ham gilamlar poyandoz bo'lishi kerak degan odat bilan bog'liq.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG