Breaking News

Tojikiston va Qirgʻiziston orasida sovuq urush: bundan kim yutadi?


Markaziy Osiyo xaritasi

Tojikiston va Qirgʻiziston orasidagi sovuq urush fevral oyining oʻrtalarida keskin tus ola boshladi. Tojik generali Abdullo Navjuvonovning 12-fevral kuni matbuot anjumanida jurnalistlar savoliga bergan javobi ana shu tanglikka sabab bo’ldi.

“Tarixni koʻtarib koʻring, ruslar Botken azaldan tojiklar yeri edi, deydi. Biror marta qirgʻizlar yashamagan ekan. Qirgʻizlarni keltirib yer berdik, joy berdik, endi bizga muammo boʻlibdi. 2014-yilgacha shu masala jiddiy muammo edi. 2019-yildan bu yogʻiga qirgʻiz bizga shart qoʻya olmaydi... Sogʻd viloyatining birinchi raqamli muammosi qirgʻizlar bilan chegara masalasi... Agar tarixni olsak, Oʻsh viloyatida hamisha tojiklar yashagan ekan. Botkand, Botken emas nomi, Botkand, bu tojik tilida...“, - deya bayonot bergan edi Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Sogʻd viloyati Boshqarmasi boshligʻi general-mayor Navjuvonov.

Tojik general-mayori Abdulla Navjuvonov
Tojik general-mayori Abdulla Navjuvonov

Bu soʻzlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinganidan soʻng Qirgʻiziston tomoni eʼtirozlar bilan chiqdi. 14-fevral kuni Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligiga Tojikistonning Bishkekdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nazirmad Alizoda chaqirilib, unga tojik generalining soʻzlaridan qirgʻiz tomoni norozi ekanligi bildirildi.

Tojikistoning ayrim OAV, shuningdek internet segmentida 2020-yilning 13-fevral kuni “Tarixni koʻtaradigan boʻlsak, Botken hech qachon qirgʻiz yeri boʻlmagan”, deb nomlangan maqola eʼlon qilindi. Unda Qirgʻizistonga qoʻshni boʻlgan Sogʻd viloyati huquq-tartibot idorasining rahbari, yumshoq qilib aytganda, tarixni va faktlarni soxtalashtirishga uringan. Uning bayonot berishicha, goʻyoki “ota-bobolari qirgʻizlarni bu yerga olib kelgan va ularga bu yerlarni bergan ekan. Bu oʻz navbatida bugunga kelib tojik tomoni uchun muammoga aylanibdi”,–deyiladi Qirgʻiziston TIV bayonotida.

Qirgʻiziston Davlat chegara xizmati Raisining birinchi oʻrinbosari, Bosh shtab boshligʻi Abdukarim Alimbayev “Botken hech qachon tojiklarniki boʻlmagan va bundan keyin ham boʻlmaydi. Azaldan qirgʻizlarning yerlari boʻlgan”, - deya tojik generalining fikriga keskin munosabat bildirdi.

“Uning gaplari – tarixni bexabarlik. Viloyat davlat organi rahbari bunday demasligi kerak. Chegara masalasi hukumat tomonidan hal qilinadi. U ikki mamlakat prezidentlari olib borayotgan ishlarga qarshi chiqdi. Uning soʻzlari ikki mamlakat hamkorligiga ziddir. Agar ish shu darajaga yetgan boʻlsa, bizning ota-bobolarimiz hozirgi Botken yerida joylashgan Vorux, Chorkuh anklavlari hududida ham yashaganligini aytishimiz mumkin. Ota-bobolarimiz Murgʻob va Jirgʻatolda ham yashagan“, - deya bayonot berdi Alimbayev.

Qirgʻizistonning Botken viloyati maʼmuriyati ham tojik generalini adovat qoʻzgʻashda ayblamoqda. Botken viloyat maʼmuriyati matbuot xizmati “Ichki ishlar vazirligi Sogʻd viloyati boshligʻi general-mayor Abdullo Navjuvonov oʻzining provokatsion bayonotlari bilan chegara hududidagi tinchlikni buzmoqda va ikki xalq oʻrtasida adovat qoʻzgʻatmoqda”, - degan bayonot bilan chiqdi.

Qirgʻizistonda jamoatchilik ham tojik generali soʻzlarini jiddiy tahdid sifatida qabul qildi. Fuqarolardan biri Toktayim Umetaliyevaning chegara masalalariga bagʻishlangan davra suhbati paytida aytishicha, general Abdullo Navjuvonovning bayonoti butun Markaziy Osiyoning xavfsizligiga tahdiddir.

“Uning soʻzlarini hukumatning rasmiy pozitsiyasi sifatida qabul qilish mumkin. Ushbu bayonot nafaqat Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi mojaroga qaratilgan ”, - dedi Toktayim Umetaliyeva.

Tojikistondagi jamoatchilikning maʼlum bir qismi esa general Abdullo Navjuvonovni qoʻllab-quvvatlamoqda. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda ham general haqiqiy vatanparvar sifatida eʼtirof etilmoqda.

Ammo shunga qaramay 18-fevral kuni Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin mazkur masala yuzasidan rasmiy bayonot berib, general Navjuvonovning fikri bu uning shaxsiy fikri va hukumat pozitsiyasi emasligini taʼkidladi.

“Birinchidan, bu Tojikiston Respublikasi So’gʻd viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Abdullo Navjuvonovning fikri. U bu soʻzlarni Tojikistonning rasmiy pozitsiyasi deb qabul qilinadigan rasmiy yigʻilishda aytgani yoʻq”, – dedi Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin.

“Chegaraning barcha masalalari boʻyicha bizning rasmiy pozitsiyamiz hukumatlararo komissiyalarning yigʻilishlarida bayon etilgan. Tojikiston yoki Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ikki tomonlama komissiya raisi boʻlgan bosh vazirning oʻrinbosari (Azim Ibrohim – “Amerika Ovozi”) Tojikistonning rasmiy pozitsiyasini ifoda etishga haqli”, - dedi Tashqi ishlar vaziri jurnalistlar bilan uchrashuv paytida.

Qirg'iziston-Tojikiston: Hududiy da'volar mansabdorlardan chiqadi, xalqdan emas
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:53 0:00


Tojikiston Tashqi ishlar vaziri “Yuqori darajadagi kelishuvlarga qaramay Qirgʻizistonda ham alohida mansabdor shaxslar qarama-qarshi chiqishlar qiladi. Bu yerlarning tarixi Tojikiston Fanlar akademiyasining tarixchilari va arxeologlari tomonidan yaxshi oʻrganilgan. Ular har ikki mamlakatning tarixini yaxshi biladi”, - deya taʼkidladi.

Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin shu kuni soʻnggi 16 yil ichida chegara masalalari boʻyicha ikki tomonlama kelishuvlarning bajarilishini qoniqarsiz, deya baholadi.

Ilgari Tojikiston Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari vazifasida ishlab kelgan general-mayor Abdullo Navjuvonov shu yilning 24-yanvar kuni So’gʻd viloyati boshqarmasi boshligʻi vazifasiga tayinlangan edi. U 12-fevral kuni matbuot anjumani paytida Qirgʻiziston bilan chegara masalasini So’gʻd viloyatining birinchi raqamli muammosi deya taʼkidladi.

Markaziy Osiyoda siyosiy masalalar boʻyicha mustaqil tahlilchi Neʼmatullo Mirsaidovning aytishicha, general Navjuvonov yuqoridagi soʻzlarini Botken hududiga daʼvogarlik sifatida aytmagan. Tarixda shunday boʻlgan, bu muammo bizga avlodlarimizdan meros qolgan, degan fikrni aytdi. Ammo aynan shunday murakkab bir vaziyatda bunday fikrlarni aytmaganida yaxshiroq boʻlar edi.

“Bu rasmiy pozitsiya emas, balki oʻtmish haqida suhbat edi. Bugun Tojikiston munozarali masalalarni hal qilmoqchi. Ammo Botkenning maqomi borasida hech qanday savol yoʻq. Hech kim bunga daʼvo qilmaydi. Botken va So’gʻd viloyatlarining muayyan hududlari masalasida nizolar mavjud. Hech kim Botkenga da’vo qilayotgani yoʻq. General Navjuvonov oʻtkazgan matbuot konferensiyasida men qatnashgan edim. Oʻtmishga oid gap tinch, doʻstona ohangda aytilgan edi. Bu muammo Sovetlar davrida hududlarning shoshilinch va noaniq taqsimlanishi natijasida paydo boʻldi. Bugungi kunda Botken viloyatining maʼmuriy markaziga hududiy daʼvolarni taqdim etish mantiqsiz. Bugun bu haqda, yaʼni uzoq tarixdagi hududiy boʻlinish haqida gapirish kerakmi yoki yoʻqmi – bu boshqa savol. Afsuski, bunday bayonotlar, koʻpincha, qirgʻiz siyosatchilarining ogʻzidan ham chiqadi, ular ham mulohazali boʻlishi kerak”, - deydi Mirsaidov.

Qirgʻizistonlik ziyoli Ilash Toʻychiyevning “Amerika ovozi” bilan suhbatda aytishicha, ikki davlat orasidagi tortishuvlardan biror foyda yoʻq. Bu aslida Markaziy Osiyoning birligini istamaydiganlarning ishi.

Qirgʻizistonlik ziyoli Ilash Toʻychiyev
Qirgʻizistonlik ziyoli Ilash Toʻychiyev

“Aslida xalq janjal qilmaydi. Barcha tortishuvlar uyushtiriladi. Kelisholmasligining sababi bu yerda ichki va tashqi dushmanlarning aralashuvida. Maqsad Markaziy Osiyo birlashmasin. Yana kimdir uni bosib olishi kerak. Xitoymi, Amerikami, Rossiyami. Qirgʻiziston va Tojikistonning yer, suv deb tortishuvi, janjallashuvidan ikkisi ham yutmaydi. Bundan tashqaridagi dushmanlar yutadi. Shuning uchun birlashgani qoʻyishmaydi”, - deydi Ilash Toʻychiyev.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG