Breaking News

O'zbekistonda koronavirusga qarshi kurash: qariyb 650 odam karantinda


O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi qoshida jamoatchilikka koronavirus haqida ma’lumot taqdim etuvchi, aholi 24 soat davomida murojaat qilishi mumkin bo’lgan aloqa markazi ishga tushirildi

Mamlakatda koronavirus rasman qayd qilinishi ortidan O’zbekiston hukumati ijtimoiy vaziyat nazoratiga doir choralarni keskin kuchaytirmoqda.

16-mart holatiga ko’ra, respublikadda kasallanganlar soni sakkiz kishiga yetgan, so’nggi holat 14-mart kuni Londondan qaytgan o’zbekistonlikda qayd qilingan. Sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning aytishicha, ayni damda 641 kishi karantinda. Bemorlarning ahvoli qoniqarli, deydi vazir.

Adliya vazirligi epidemiyaga qarshi kurashga to’sqinlik qilish, vahima uyg’otuvchi yolg’on xabar tarqatish 8 yilgacha qamoq jazosiga sabab bo’lishi haqida ogohlantirdi.

Ammo bu keskin choralar virus vahimasi bilan ijtimoiy hayotda boshlangan sarosimani bartaraf etayotgani kuzatilmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlariga talab oshgan, narx-navolar ko’tarilgan.

Hukumat mulozimlari bozorlarda yurib aholini tinchitishga urinmoqda. Davlat idoralari, xususan bojxona qo’mitasi vakillari ijtimoiy tarmoqlarda aholiga oziq-ovqat zahirasiga to’la omborlarni namoyish qilmoqda.

Koronavirus poytaxtda qayd qilinishi ortidan viloyatlarga qaytayotganlar soni ham keskin oshgan. Transport xarajatlari shunga muvofiq jiddiy ko’tarilgan.

O’zbekistonda Qozog’istonda kuzatilgani kabi favqulodda holat e’lon qilinmagan.

Ammo virus xavfining oldini olish, shuningdek ijtimoiy vaziyat nazoratiga doir choralar o’ta keskinlashtirilgan, qamoq jazosi nafaqat vahima uyg’otuvchi yolg’on xabarlar tarqatish, balki kasallikni yashirish, qasddan yuqtirish holatlariga ham tegishli ekanligi ma’lum.

Koronavirusga qarshi kurash bo’yicha hukumat yig’lishini o’tkazgan Bosh vazir Abdulla Aripov keskin bayonotlar bilan chiqqan.

Hukumat rahbari vahima tufayli mamlakatda narx-navolar oshishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Ishlab chiqaruvchilarni, bozordagi sotuvchilarni mahsulot bahosi asossiz oshirilishi uchun keskin choralar bilan ogohlantirgan.

Aripovga ko'ra, hukumat shoshilinch tarzda 500 ta sun’iy nafas oldirish apparatlariga buyurtma bergan, kasallik yuqtirganlarni joylashtirish uchun maxsus izolyasiya bloklari ko’paytiriladi deb aytgan.

Avvalroq koronavirusga qarshi kurashda ko’maklashish uchun kelgan xalqaro toifadagi mutaxassis Mixail Favorov O’zbekiston uchun birinchi galdagi vazifa sun’iy nafas oldirish apparatlarini xarid qilish, virus yuqtirganlarni joylashtiruvchi maxsus bo’linmalar ochish lozimligini ta’kidlagan edi.

Kasallanganlarni besh nafari bir oila vakillari. Dastlabki holat Fransiyada qaytgan ayolda aniqlangan edi. Alohida qayd etilgan 6-holat Turkiyadan qaytgan fuqarodan topildi.

Ayni paytga kelib Fransiyadan qaytgan yo’lovchilarning ayrimlari karantinga, ayrimlari tibbiy nazoratga olingan.

Koronavirus qayd qilingan bemorlar bilan muloqotdan bo’lganlarni aniqlash, ularni aholidan chetlatish choralari davom etayotgani ta’kidlanadi.

Shuningdek, 16- mart kuni kasallanganlar soni olti nafardan sakkiz kishiga chiqqani ma’lum bo’ldi. Ulardan biri avval Fransiyadan qaytgan ayolning qarindoshi bo’lsa, yana biri 14- mart kuni Londondan uchib kelgan o’zbekistonlik ekani aytilmoqda.

Mamlakatda virus tarqashining oldini olish choralari kuchaytirilgan. Bog’cha va maktablar karantinda. Oliy ta’lim maskanlarida o’qish to’xtatilgan. Ommaviy tadbirlar bekor qilingan. Sport musobaqalariga taqiq qo’yilgan.

Hukumat poytaxtdan viloyatlarga qaytayotgan talabalar uchun yo’l chiptalariga imtiyozlar va'da qilgan.

Koronavirus bilan bog’liq vaziyat yuzasidan jamoatchilikka ma’lumot taqdim etuvchi, aholi 24 soat davomida murojaat qilishi mumkin bo’lgan aloqa markazi ishga tushirildi.

O’zbekiston 16-martdan boshlab xorij davlatlaridan fuqarolar kirishini taqiqlagan, xalqaro qatnovlar ham to’xtagan.

Chet eldagi o’zbekistonliklar uchun chegaralar ochiq, lozim bo’lgan taqdirda ular alohida charter reyslar bilan olib kelinadi. Mamlakatga kelgach ular 14 kun davomida karantinda saqlanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG