Breaking News

Koronavirus: AQShda aholini ro'yxatga olish qiyinlashmoqda


Aholini ro'yxatga olish milliy kuni haqida eslatma, Orlando, Florida, 2020-yil, 24-mart

2020-yil AQShda aholi qayta ro'yxatga olinadi. Har 10 yilda takrorlanadigan jarayon bu safar koronavirus pandemiyasiga to'g'ri keldi. Bu aholini ro'yxatga olish uchun olib boriladigan an'anaviy targ'ibot ishlariga pand bermoqda.

Kentuki shtatining Manfordvil shahrida jamoat kutubxonasining yopilishi ortidan odamlar bu yerda ro'yxatdan o'tish uchun uchun foydalanadigan kompyuterlar faoliyati ham to'xtab qoldi.

Floridaning Orlando shahrida uyma-uy yurib aholini ro'yxatdan o'tishga undash kampaniyasi bekor qilindi.

Minneapolis shahrida esa aholini ro'yxatdan o'tishga targ'ib qilish maqsadida rejalangan konsert dasturi onlayn rejimga ko'chirildi.

Federal yordam shtatlar va shaharlarga qancha miqdorda ajratilishini aniqlash uchun aholini ro'yxatdan o'tkazish muhim. Ushbu kun yaqinlashar ekan, shtatlar yangi sharoitga moslashib, aholiga ma'lumot yetkazishning ilgari qo'llanmagan usullaridan foydalanishga o'tmoqda.

AQSh Ro'yxatga olish byurosidan kelgan xat, 2020-yil, 19-mart
AQSh Ro'yxatga olish byurosidan kelgan xat, 2020-yil, 19-mart

28-aprel kuni Aholini ro'yxatga olish byurosi joylarda tayyorgarlik ko'rish ishlarini yana ikki haftaga, 15-aprelgacha qoldirish haqida qaror chiqardi.

Bu esa har 10 yilda bo'ladigan ulkan ijtimoiy loyiha uchun bir necha yillardan beri tayyorgarlik ko'rib kelayotgan ko'plab faollar va rasmiylarning rejalarini izdan chiqarishi mumkin.

"Yuzma-yuz ko'rishish xavfsiz bo'lmagan bir paytda hammamiz aholimiz bilan qanday aloqaga chiqish haqida o'ylanyapmiz", - deydi bir qator mahalliy nodavlat tashkilotlar koalitsiyasi yetakchisi Jennifer Chau.

Faollar endi onlayn targ'ibot usullariga o'tmoqda. Uyma-uy yurish, yig'inlar o'tkazish o'rniga telefonga xabar jo'natish, vebinarlar tashkil qilish, qo'ng'iroq qilish va ijtimoiy tarmoqlarda kampaniyalar o'tkazish kabi usullardan foydalanishmoqda. Ammo har doim ham bu usullar samarali emas. Chunki, deydi faollar, jamiyat yetakchilari bilan, federal hukumat tashabbuslariga shubha bilan qaraygidan guruhlar bilan yuzma-yuz muloqot qilish muhim.

"Ro'yxatga olish uchun kerakli bo'lgan aniq raqamlarni yig'ish ancha qiyinlashyapti, - deydi ispanzabonlar huquqlarini himoya qiluvchi NALEO ta'lim jamg'armasi rahbari Arturo Vargas. - Yaxshiyamki, texnologiya bor. Usiz hozirgi ishlarimizni qila olmagan bo'lardik".

Alyaska shtatida yashovchi 90 yoshli ayol 2020-yil birinchi bo'lib ro'yxatdan o'tgan shaxs bo'ldi, 2020-yil, 20-yanvar.
Alyaska shtatida yashovchi 90 yoshli ayol 2020-yil birinchi bo'lib ro'yxatdan o'tgan shaxs bo'ldi, 2020-yil, 20-yanvar.

AQShning Aholini ro'yxatga olish byurosi targ'ibot ishlari va reklama uchun 500 million dollar ajratgan. Bundan tashqari, nodavlat tashkilotlar va faollar ko'ngilli ravishda yordam beradi.

"Odamlar tushunishini xohlaymiz, shtatlar qancha yordam olishi odamlar soniga bog'liq", - deydi minnesotalik demograf Syuzan Brouer.

Aholini ro'yxatga olish ayni paytda Kongressda har bir shtatga nechta o'rin ajratilishi va saylovchilar kollegiyasi miqdorini aniqlash uchun ham ishlatiladi. Shuningdek, 1,5 trillion dollarlik federal yordam shtatlardagi odamlar soniga qarab taqsimlanadi.

Koronavirus tufayli Aholini ro'yxatga olish byurosi uysiz odamlar, talabalar, mahbuslar va qariyalar uyida yashovchilar kabi toifadagi odamlar sonini aniqlashni avgust o'rtasigacha qoldirdi.

"Aholini ro'yxatga olishda yuz berishi mumkin bo'lgan hamma yomon holatlarni hisobga olganmiz, lekin bu narsa yuz berishini kutmagan edik. Lekin jamoamiz yechim topish uchun qattiq harakat qilyapti", - dedi byuro vakili Al Fontenot.

Boshqa tomondan, deydi Brouer, uyida o'tirgani uchun ko'pchilikda anketa to'ldirishga yetarlicha vaqt bo'ladi.

Aholini ro'yxatdan o'tkazish kampaniyasi ustida ishlayotgan faollar, Arizona, 2020-yil, 8-fevral.
Aholini ro'yxatdan o'tkazish kampaniyasi ustida ishlayotgan faollar, Arizona, 2020-yil, 8-fevral.

Ba'zi hududlarda pandemiya boshlanguncha amalga oshirilgan targ'ibot ishlari o'z natijasini beryapti. Masalan, Nyu-York shahrida shu maqsadda 40 million dollar sarflandi. AQShda pandemiya markaziga aylanganiga qaramay, aholini ro'yxatga olish boshlanishining ilk haftasidayoq shaharda anketa to'ldiruvchilar soni 2010-yilgi natijadan o'tib ketdi.

27-mart holatiga ko'ra, AQSh rezidentlarining 30 foizi ro'yxatga olish anketasini to'ldirib bo'lgan. Odamlar uyiga borib, ro'yxatdan o'tishni iltmos qiluvchi xodimlarning aksariyatiga maygacha bunday ishlarni to'xtatib turish buyurilgan.

"Shu holatda ham ko'rsatkichlarimiz 2020-yildagidan yaxshiroq", - deydi Nyu-York shahridagi nodavlat tashkilot rahbari Shina Rayt.

San-Fransisko shahrida 1-aprel anketa to'ldirish kuni deb e'lon qilingan edi. Ammo koronavirus tufayli bu tadbir ortga surildi. Shu kuni mahallalarda maxsus mashinada yurib, aholini ro'yxatdan o'tkazish uchun da'vat qilish va joylarda oziq-ovqat ulashish, tadbirlar tashkil etish uchun 3,5 million dollar mablag' ajratilgan edi. Endi bu pul targ'ibot materiallarini chop etish va video marketing uchun sarflanadigan bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG