Breaking News

Tramp: Neft kelishuvi energiya sanoati uchun foyda


AQSh Prezidenti Donald Tramp
AQSh Prezidenti Donald Tramp

9-aprel kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp, Rossiya rahbari Vladimir Putin hamda Saudiya Arabistoni Qiroli Salmon bin Abdulaziz o’rtasida uch tomonlama telefon muloqoti bo’lib o’tdi. Bu OPEK va unga hamkor mamlakatlar o’rtasida neft qazib olishni qisqartirish haqidagi yangi kelishuv e’lon qilinishi oldidan o’tkazildi.

“OPEK va neft ishlab chiqarish bo’yicha katta muloqot o’tkazdik. Sanoatlarimiz va neft sohamiz hozirgidan yaxshiroq bo’lishini ta’minlash uchun. Suhbat juda yaxshi o’tdi”, - dedi Tramp.

“COVID-19” pandemiyasi boshlangandan beri dunyo bo’ylab energiyaga talab kamayib, neft narxi keskin tushib ketdi.

OPEK va uning Rossiya yetakchilgidagi hamkorlari 9-aprelda kunlik neft qazib olish hajmini beshdan bir qismga kamaytirishni kelishib oldi. Ular AQSh va boshqa neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlar ham bu harakatga qo’shilishini umid qilmoqda.

Ishlab chiqarish bir kunda misli ko’rilmagan 15 million barrelga qisqarayotgan bo’lsa-da, bu chora bozorda neftning tez orada kamayishiga olib kelmaydi, dedi Tramp.

“Bugun neft sotilmayapti. Millionlab barrel neftni zaxiraga olyapmiz. Hech kim shunday bo’lishi mumkinligini o’ylamagan”, - dedi prezident.

Rasmiylarning umid qilishicha, AQShning bir qator hududlarida, xususan, eng ko’p virus tarqalgan Nyu-York shahrida pandemiya cho’qqisiga chiqmoqda. Demak, bundan buyon virusga chalinganlar soni kamayishini kutish mumkin va natijada iqtisodiyotni qayta ochish haqida o’ylash fursati ham kelmoqda, dedi Tramp ma’muriyati.

Tramp mamlakatni imkon qadar tezroq qayta izga tushirishni xohlashini, ammo bu masalada mutaxassislar fikriga quloq tutishini bildirgan.

Prezident maslahatchilari 1-maydan boshlab ba’zi bizneslarga faoliyatini qayta boshlash ruxsatini berish haqida gapirayotgani xabar qilinmoqda.

Ayrim ta’sirchan doiralar iqtisodiyotni qayta ochish masalasini ko’rib chiquvchi yangi guruh yetakchiligiga iqtisodchi Art Laffer nomzodini tavsiya qilgan. O’tgan yili Tramp tomonidan Oq uy medali bilan taqdirlangan Laffer soliqlarni kamaytirish g’oyasining keskin tarafdori hisoblanadi.

Yangi ishchi guruh nafaqat boy odamlar va korporatsiyalar, balki Amerika xalqi kerakli yordamni olishiga e’tibor qaratishi lozim, deydi “Vatanparvar millionerlar” guruhi raisi Morris Perl.

“Bu mamlakat men kabi boy hissadorlar kelasi bir necha oyda sarmoyalarimizning bir qismini yo’qotishimizni ko’tara oladi, lekin o’n millionlab amerikaliklar moliyaviy yordamsiz qolishini bir lahza ham qabul qila olmaydi”, - dedi u.

Sarmoyalarni boshqarish bo’yicha dunyoning eng yirik “BlackRock” kompaniyasi sobiq rahbari Perl fikricha, agar Laffer ishchi guruhga rahbarlik qilsa, ko’riladigan choralar kutilgan samarani berishi shubhali.

“Soliqsiz iqtisodiyotning otasi bo’lgan bu odam faqat boylarga soliqlarni kesishdan boshqa narsa taklif qilmaydi. U ishidan ayrilgan xodimlarga qo’shimcha yordam berishni noto’g’ri deb allaqachon aytdi. Agar unga qo’yib berilsa, Art Laffer millionlab amerikaliklarni qashshoqlikka boshlashi aniq va bundan Amerika oilalari butun bir avlod davomida qutila olmaydi”, - dedi Perl.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG