Breaking News

Pandemiya davrida hamshiralar yetishmovchiligi - jiddiy muammo


Bugun dunyoda 28 millionga yaqin hamshira va tibbiy yordamchilar bor. Lekin, yer yuzi aholisi talabini qondirish uchun yana taxminan 5,9 million soha xodimi zarur.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, dunyo ahli koronavirus bilan olishayotgan bir paytda global miqyosda hamshiralar va tibbiy yordamchilar yetishmovchiligi millionlab odamlar hayotini xavf ostiga qo’ymoqda.

191 mamlakatdan olingan ma’lumotlar shuni ko’rsatadiki, ko’p hollarda hamshiralarga mehnatiga yarasha haq to’lanmaydi, huquqlari poymol etiladi, belgilangan ish soatidan ko’p ishlaydi.

Hamshiralar tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan jami xodimlarning yarmidan ko’pini tashkil etib, ular tizimning muhim bo’g’inlaridan biridir. Hisoblarga ko’ra, bugun dunyoda 28 millionga yaqin hamshira va tibbiy yordamchilar bor. 2013-2018 yillarda ular soni 4,7 millionga oshgan bo’lsa-da, dunyo aholisi talabini qondirish uchun yana taxminan 5,9 million zarur. Global miqyosda hamshiralarning taxminan 90 foizi ayollar, 10 foizi erkaklardir.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti mamlakatlarga bu soha birituvchilari sonini o’rtacha 8 foizga oshirishni tavsiya etmoqda. Shu bilan birga ularni ish bilan ta’minlash masalasini ham hal qilishi zarur.

Ayniqsa, Afrika, Janubiy-sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasining ba’zi mamlakatlarida hamshiralar yetishmovchiligi kuchli. Hamshiralar xalqaro kengashi rahbari Xovard Kattonning ta’kidlashicha, bu ayniqsa epidemiya davrida odamlar hayotini yanada ko’proq xavf ostiga qo’yadi.

Italiyada oxirgi ikki hafta ichida sog’liqni saqlash xodimlarining 9 foizi koronavirus yuqtirib olgan. Ispaniyada esa bu ko’rsatkich 14 foizni tashkil etadi.
Italiyada oxirgi ikki hafta ichida sog’liqni saqlash xodimlarining 9 foizi koronavirus yuqtirib olgan. Ispaniyada esa bu ko’rsatkich 14 foizni tashkil etadi.

“Infeksiya bilan kasallanish, noto’g’ri tashxis va davolash, bemorlar orasida o’lim holatlari hamshiralar yetishmayotgan mamlakatlarda yuqori ekanini bilamiz. Bemor hayoti, tirik qolishi ularga bog’liq. Yetishmovchilik boshqa hamshiralar yuqori bosim ostida ishlashiga, ish sifatiga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi”, - deydi Katton.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti va Hamshiralar xalqaro kengashi birgalikda taqdim etgan hisobotda qayd etilishicha, hatto ko’pgina boy davlatlarda hamshiralar ularning o’z ehtiyojini qondirish uchun yetarli emas. Natijada kambag’al davlatlardan yuqoriroq maosh bilan xodimlar jalb etiladi.

Hisobot muallifi Meri Votkins fikricha, bu tendensiyani to’xtatishning yagona yo’li rivojlanayotgan mamlakatlarda maosh va ish sharoitini yaxshilashdir.

“Faqat maoshigina emas, balki faoliyati xavfsizligini ham ta’minlash, ish joyida zo’ravonlikka duch kelmasligini oldini olish kerak. Ayniqsa COVID-19 pandemiyasi davrida hamshiralar faoliyati davomida virus yuqtirib olmasligi uchun yetarli darajada tibbiy himoya vositalari yetkazib berish zarur”, - deydi Votkins.

Tibbiyot sohasi xodimlari xilma-xil kasalliklar ichida faoliyat yuritadi. Qaysidir ma’noda ular doim xavf ostida. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, ish jarayonida virus yuqtirib olish holatlari ko’p uchramoqda.

Masalan, Italiyada oxirgi ikki hafta ichida sog’liqni saqlash xodimlarining 9 foizi virus yuqtirib olgan. Ispaniyada esa bu ko’rsatkich 14 foizni tashkil etadi. Bu ikki davlatda shu kungacha 100 ga yaqin hamshira va boshqa tibbiyot xodimlari virusdan vafot etdi. Virus yuqtirib olish holatlarining ko’p uchrayotgani sababi esa ularni himoya vositalari bilan to’liq ta’minlanmaganiga borib taqaladi.

“Siyosatchilar bu soha vakillarini o’qitish va tayyorlash arzon emasligini yaxshi biladi, lekin qadrini mana endi anglamoqda. Hamshira yetkazish uchun sarflangan har bir tiyin jamiyat taraqqiyotida juda muhim ahamiyat kasb etadi”, - deydi Hamshiralar xalqaro kengashi prezidenti Anet Kennedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG