Breaking News

Turkiya karantindagi uy-joysiz qochqinlarni qo'yib yubordi


Qochqinlar ko'chalarda uxlamoqda, Izmir, Turkiya, 2020-yil, 13-aprel

Ikki haftadan ko'proq davom etgan majburiy karantindan so'ng Turkiyada yuzlab qochqinlar ozodlikka chiqarildi. Ularning aksariyati ko’chalarda boshpanasiz qolgan.

Yaqin kunlar va haftalarda yana minglab odamlar qo'yib yuborilishi kutilmoqda.

"Avtobus bizni qirg'oq yaqinida tashlab ketdi, - dedi suriyalik qochqin va to'rt kishining otasi bo’lgan 45 yoshli Samir Alahmad. -Haydovchi bizga qayiqqa o’tirib Gretsiyaga borishimizni aytdi."

Ko’chaga tashlab ketilgan qochqin oilalar Gretsiyaga bora olishi ham deyarli imkonsiz. Chunki Gretsiya Turkiyadan kelayotgan qochqinlarga chegarasini butunlay yopgan.

"Men portlashlar tufayli Suriyani tark etdim, - dedi Alahmad. - Keyin chegaraga chiqish uchun barcha mebellarimni Turkiyada sotdim".

Evakuatsiya va karantin

Alahmad 27 kun chegara yonidagi lagerda qoldi. Lagerda hamma sho'rva va non olish uchun har kuni soatlab saf tortardi.

Mart oyining oxiriga kelib, Turkiyada koronavirus tarqala boshlagach, Turkiya hukumati lagerdagini evakuatsiya qilib, karantin markaziga olib keldi.

Alahmad 20 kishiga mo'ljallangan va 25 kishilik xonada yashadi. O'n to'rt kundan so'ng uni sohil bo'yidagi shaharchaga tashlab ketishdi. Endi Alahmad oilaviy uyda yashash uchun pul yig'ishga harakat qilmoqda.

"Men bir yarim oydan beri xuddi shu kiyimlarni kiyib yuribman. Endi yana Yevropaga borishga harakat qilaman", - deydi u.

Arosatda qolganlar

Gretsiyaga Turkiyadan o'tish hozirgi kunda deyarli imkonsiz. Izmir shahrida ko'ngilli bo'lib ishlayotgan Muhammadning so'zlariga ko'ra, uzoq vaqtdan beri Yevropaga kontrabandachilar kemalari orqali o'tmoqchi bo'lgan qochqinlar uchun bu shahar boshlang'ich nuqta bo'lgan.

Yil boshidan beri Gretsiya yangi qochqinlarga toqat qilmasligini aytib kelmoqda. Hukumat qochqinlarni kiritmaslik uchun chegaraga harbiy kuchlarni yuborgan.

"Gretsiya ularga ruxsat bermaydi. Ammo ular urinishdan to'xtamaydilar", - deydi Muhammad.

Gretsiya Turkiyani Yevropani qochqinlar bilan to'ldirishga urinishda ayblamoqda. Anqara Yevropa Ittifoqi beradigan moliyaviy yordam evaziga 3,5 million suriyalik qochqinga berishini aytgan edi.

Turkiya Yevropani 2016-yildagi va'dalarini hech qachon to'la bajarmaganligini aytib, Gretsiyani ayni paytda inson huquqlarini buzishda ayblamoqda.

Muhammadning so'zlariga ko'ra, xalqaro hamjamiyat o’zaro janjal bilan band bir paytda qochoqlar o’z jonlarini xavf ostiga qo’yib Yevropaga qarab yo’lga chiqmoqda.

Yakshanba oqshomida Muhammad Izmirdagi avtovokzal yaqinida 120 ga yaqin qochqinni uchratganini aytadi.

"Ularning hammasi och. Ayollar va bolalar yo'laklarda yotibdi", - deydi u.

Umidsizlik va aldanish

Damashqlik 37 yoshli Abdu Alsadning so'zlariga ko'ra, umidsizlik oilalarni Yevropaga ketishga majbur qilmoqda. O'tgan oyda u va yana taxminan 20 kishi daryodan o'tib Gretsiyaga kirishga urindi. Ertasiga ular kaltaklanib, talon-taroj qilingan va ortga deportatsiya qilingan.

"Biz Turkiya va Yevropa Ittifoqi kelishuvga erishgan deb o'yladik", - deydi Abdu. - Bizda telefon ham yo'q edi, shuning uchun biz ularga ishondik".

Endi u qarindoshining uyida yashirinib yuribdi. Agar qo’lga tushsa, deportatsiya qilinadi. Turkiyadagi aksariyat odamlar singari Abdu ham biror narsa sotib olish uchun ko’chaga chiqsa, yuziga niqob kiyadi, ammo u koronavirus haqida qayg'urmasligini aytadi.

"Men bundan tashvishlanayotganim yo’q, chunki endi yo'qotadigan narsam qolmadi", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG