Breaking News
Din

Ramazon: taroveh va iftorlar bo’lmaydi, haj bekor qilinishi mumkin


Kabaning 2019 va 2020-yillardagi qiyosiy surati, Makka, Saudiya Arabistoni
Kabaning 2019 va 2020-yillardagi qiyosiy surati, Makka, Saudiya Arabistoni

Bu yil Ramazon oyi 24-aprelda boshlanib, 23-maygacha davom etishi kutilyapti. Musulmonlar bu muqaddas oyda 30 kun davomida sahardan shomgacha ro’za tutadi, taroveh namozlarini o’qiydi; yo’qsillarga xayr-saxovat qilib, ommaviy iftorlar beradi.

Ammo bu yil ro’za oyi COVID-19 virusi keng tarqalgan paytga to’g’ri kelgani uchun dunyo bo’ylab Ramazonga xos an’anaviy tadbirlar o’tkazilmaydi.

O’zbekiston

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi koronavirus epidemiyasi paytida Ramazon oyini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida bayonot berdi. 13-aprel kuni muftiyat rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda ta’kidlanishicha, bu yil masjidlarda taroveh namozlarini o’qimaslik va ommaviy iftor tadbirlarini o’tkazmaslikka qaror qilingan.

O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov sharafiga Toshkentda qurilgan Islom ota masjidi
O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov sharafiga Toshkentda qurilgan Islom ota masjidi

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi “Ramazon oyida mo‘min-musulmonlarimiz taroveh namozlarini, xatmi Qur’onlarni o‘z oila a’zolari bilan xonadonlarida o‘tkazsinlar”, degan qarorga kelgan.

Bundan tashqari, Musulmonlar idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan qorilarning xatmi Qur’onlari onlayn tarzda amalga oshiriladi.

“Iftorlik savobidan umidvor bo‘lgan saxovatpesha musulmonlarimiz iftorlik marosimlari uchun mo‘ljallagan mablag‘larini Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga yetkazsinlar”, deyiladi bayonotda.

“Musulmonlarimiz xonadonlarida Alloh taolodan koronavirus balosini tez kunlarda bartaraf etishini so‘rab, ixlos bilan duo qilsinlar”, deb ko‘rsatma beriladi bayonotda.

Markaziy Osiyo

O’zbekiston Musulmonlari idorasi chiqargan bayonotda Qozog’iston va Qirg’izsiton ulamolari bilan maslahatlashilgani aytilgan. Demak, unga ko’ra, bu yil Ramazon oyida Qozog’iston va Qirg’izistonda ham masjidlarda jamoat namozlari o’qilmaydi va ommaviy iftorlar berilmaydi.

Qo’shni Tojikistonda birorta koronavirus bilan bog’liq holat qayd etilmagan. Shunga qaramay, ehtiyot chorasi sifatida 18-apreldan boshlab mamlakatda masjidlarda jamoat namozi o’qish taqiqlandi. Ramazon oyida ham bu tartib amal qiladi.

Tojikistonning Xoʻjand shahridagi Shayx Maslihaddin masjidi
Tojikistonning Xoʻjand shahridagi Shayx Maslihaddin masjidi

Tojikiston Islom markazi Ulamolar kengashi 4-mart kuni ham koronavirus tahdidi tufayli masjidlarda jamoat namozlari o‘qilishini taqiqlagan, faqat janoza namozigagina ruxsat berilgan edi.

Ammo oradan ikki hafta o‘tib, Tojikiston Din, an’analar va urf-odatlarni tartibga solish qo‘mitasi jom’e masjidlarida jamoat namozlari o‘qilishiga ruxsat berdi. O‘shanda mamlakat rasmiylari dindorlardan yuqumli kasalliklar, ayniqsa, COVID-19 profilaktikasi maqsadida umumiy sanitariya me’yorlariga rioya qilishni so‘ragan edi.

Qirg'izistondagi "Sulaymon tog'" masjidi
Qirg'izistondagi "Sulaymon tog'" masjidi

Markaziy Osiyoning koronavirus aniqlanmagan yana bir mamlakati Turkmanistonda ommaviy taqiqlar joriy etilgani haqida ma’lumot yo’q.

Dunyoning boshqa musulmon mamlakatlari

Musulmon dunyosining koronavirus aniqlangan deyarli barcha mamlakatlarida koronavirus pandemiyasi tufayli Ramazon oyi bilan bog’liq ommaviy tadbir va ibodatlarga cheklov qo’yilgan.

Musulmon olaminng muqaddas maskanlari joylashgan Saudiya Arabistonida koronavirusga chalinganlar soni 10 mingdan oshgan. Mamlakatda umra ziyorati va jamoat ibodatlariga allaqachon taqiq qo’yilgan. Bu cheklovlar Ramazon oyida ham davom etadi.

Muqaddas Ka'ba ziyoratgohi, Makka, Saudiya Arabistoni, 2020-yil, 3-aprel
Muqaddas Ka'ba ziyoratgohi, Makka, Saudiya Arabistoni, 2020-yil, 3-aprel

Mamlakat bosh muftiysi Abdulaziz Shayxning aytishicha, bu yil taroveh va hayit namozlari masjidlarda o’qilmaydi. Joriy yilda haj amali ham bekor qilinishi ehtimoli bor. Saudiya rasmiylari xorijdagi musulmonlarga haj uchun chiptalarni olmay turishni maslahat bergan.

Agar haj bekor qilinsa, musulmonlar islom arkonlaridan biri bo’lgan Ka’ba ziyoratini zamonaviy tarixda ilk bor amalga oshirish imkoniyatidan mahrum bo’ladi.

Iordaniya, Misr, Malayziya, Indoneziya, Turkiya kabi aholisining aksariyati musulmon bo’lgan ko’plab mamlakatlarda ham masjidlarda jamoat namozlarini o’qish taqiqlandi.

G'azo, Falastin, 2020-yil, 19-aprel
G'azo, Falastin, 2020-yil, 19-aprel

Quddusdagi ko’hna masjid eshiklari ham yopilgan.

Turkiya hukumati Ramazonni oilasi davrasida o’tkazishini ta’minlash uchun xorijdagi 60 mingdan ziyod turkiyalikni vataniga qaytaris rejalanayotganini bildirdi.

Bir qator mamlakatlarda bu yil virtual iftor, taroveh va xatmi Qur’onlar tashkil etilishi kutilmoqda. Ya’ni musulmonlar uylaridan turib internet orqali taroveh namozlarida, xatmi Qur’on tadbirlarida qatnashishi mumkin.

O’zbekistonda ham bu yil shunday virtual tadbirlar tashkil etilishi ko’zda tutilgan.

Pokistonda masjidlar ochiq

20-aprel holatiga ko‘ra 8400 dan ortiq koronavirus yuqtirganlik holati qayd etilgan Pokistonda ayrim din peshvolari Ramazon vaqtida masjidlar yopilishiga buyruq berishdan bosh tortdi. Bosh vazir Imron Xon hukumati masjidlar ochiq qolishiga rozi bo‘ldi, ammo dindorlardan ijtimoiy masofa saqlashni iltimos qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG