Breaking News

COVID-19: AQSh chegaralarida nima gap?


AQSh-Kanada chegarasida. 22-mart, 2020.
AQSh-Kanada chegarasida. 22-mart, 2020.

12-may kuni Kanadadan AQShning Meyn shtati hududiga noqonuniy o’tgan besh nafar meksikalik qo’lga olindi. COVID-19 pandemiyasi davrida joriy etilgan tartibga muvofiq, ular Kanadaga qaytarilgan.

O’z navbatida, Kanadada kuchga kirgan qoidalarda AQSh hududidan boshpana so’rab kirganlarni qabul qilmaslik nazarda tutilgan.

Cheklovlar Kanadadan AQShga noqonuniy immigratsiyani to’liq to’xtatgani yo’q. Biroq AQShdan Meksikaga qochib o’tish uchun foydalanilgan Nyu-York shtatining Chempleyn hududidagi Roksem ko’chasi marshruti to’xtatildi.

Pandemiyadan oldingi tartibga ko’ra, Kanadadan AQShga noqonuniy kirganlar, vaziyatdan kelib chiqib, federal sudga tortilishi yoki o’z vataniga deportatsiya qilinishi mumkin edi.

Prezident Donald Tramp virusdan himoyalanish chorasi sifatida Meksika va Kanada bilan chegaralarni mart oyida yopgan. Chegaralardan o’ta muhim ahamiyatga ega qatnovlargagina o’tish uchun ruxsat bor. Noqonuniy muhojirlar va boshpana olish uchun kelgan shaxslarga nisbatan immigratsiya to’g’risidagi qonunning amal qilishi to’xtatilgan. Favqulodda vaziyatdan kelib chiqib, chegara xodimlariga ularni zudlik bilan ortga qaytarib yuborish vakolati berilgan.

Joriy tartib 21-mayga qadar amal qiladi. Biroq rasmiylar tartib uzaytirilishi mumkinligini aytmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko’ra, aprel oyi oxiriga qadar janubiy chegarada 20860 kishi Meksikaga qaytarib yuborilgan. Shimoliy chegaradagi ko’rsatkich ancha past. 27 kishi Kanadaga qaytishga majbur bo’lgan.

Yangi tartib kuchga kirgach, shimoliy chegarada 21-mart kuni ilk bor olti noqonuniy muhojir qo’lga olingan va shu kunning o’zida ortga qaytarilgan edi.

Tramp hokimiyatga kelgandan buyon AQShdan umidini uzgan o’n minglab immigrantlar Kanadaga noqonuniy yo’llar bilan o’ta boshladi. Ularning aksariyati Chempleyndagi Kanada chegarasigacha davom etadigan Roksem ko’chasidan foydalangan.

Ular, odatiy tartibga ko’ra, Kanada politsiyasi tomonidan hibsga olinar, biroq boshpana uchun hujjat topshirishga ruxsat etilar edi. Hujjat ko’rib chiqilgunga qadar immigrantlarning aksariyati ozodlikda yashar edi.

Biroq pandemiya davri tartibiga ko’ra, muhojirlar shu vaqtning o’zida ortga qaytariladi. Tartib 30-iyunga qadar amal qiladi.

Ma’lumotlarga ko’ra, 21-martdan 13-mayga qadar 26 immigrant Kanada chegarasidan AQShga qaytarilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG