Breaking News

Uyg'urlar: Xitoy mahbuslardan propaganda uchun foydalanmoqda


Xitoy hukumati Shinjonda uyg'urlar "biz qamoqda emasmiz" deb aytgan videolarni chiqarar eka, bu elatning chet eldagi vakillari Pekindan yanada norozi. Uyg'urlarni bunday deyishga zo'rlashmoqda, deydi faollar, oilalar propaganda uchun qo'llanmoqda.

Vatandagi yaqinlari bilan uzoq yillardan beri aloqa qilolmagan uyg'urlar hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali ularga murojaat qilib, hukumatning aytganini qilmaslikka undamoqda.

Amerikada yashovchi Samira Iminning otasi Iminjon Seydin qamoqda. Lekin yaqinda hukumat chiqargan videoda u erkin ekanini aytadi. Qizi deydiki, otasi aslida mehnat lagerida.

"WeChat tarmog'idagi muloqotimda otam mendan postlarimni o'chirib tashlashni so'radi. Uch yildan beri gaplashmagan edik", - deydi 27 yoshli talaba.

Samiraning fikricha, otasini Xitoyda ataylab shu holga solishmoqda va qizining faolligini shu tariqa to'xtatishmoqchi.

Shinjon-uyg'ur muxtoriyatidagi maxsus majmualardan birida uyg'ur ayollar siyosatdan dars oladi
Shinjon-uyg'ur muxtoriyatidagi maxsus majmualardan birida uyg'ur ayollar siyosatdan dars oladi

“Xitoy hukumatiga xos taktika bu. Men albatta bosh egmayman va otam bilan hech qanday bosimsiz gaplshishni xohlayman”.

2017-yilgacha Iminjon Seydin Shinjon islomiy institutida tarixdan dars bergan. Shuningdek, u noshirlik qilgan, o'z biznesini yuritgan. Til, ta'lim, texnoloigya va psixologiya haqida qariyb 50 kitob chiqargan.

Keyin bedarak yo'qolgan. 2019-yilda uning "qayta tarbiyalash lagerida" ekani ma'lum bo'ldi. So'ngra uning 15 yilga qamalgani haqida informatsiya olindi. Yashirin sud uni ekstemizmni targ'ib qilganlikda aybdor deb topgan. Hozir esa Pekinni quvvatlovchi videolarda chiqmoqda.

36 yoshli Kuzzat Oltoyning otasi 68 yoshli Mamat Qodirdan ikki yildan beri darak yo'q.

“Ikki yildan beri na tirik va na o'likligi haqida bilar edik. Birdaniga TVda chiqib, bizni hukumatga qarshi gapirmaslikka undamoqda. Bu mening otam. Faolligimni bas qilmasin, meni oq qilishini aytdi".

Samira Imin otasining surati bilan
Samira Imin otasining surati bilan

Kuzzat Oltoy ham otasi yo'qolganidan keyin Xitoyning uyg'urlarga nisbatan zulmini qoralab, Amerikadagi elatdoshlari bilan ishlay boshlagan.

"Agar otam haqiqatni aytayotgan bo'lsa, u Amerikaga kelib, o'sha gaplarni bu yerda aytsin", - deydi Oltoy.

Otasi zo'rlab propaganda videolarga chiqarilayotganiga uning ham ishonchi komil.

Har qanday shubhali harakatda gumon qilingan uyg'urlarni maxsus lagerlarga tashlash 2016-yildan beri avj olib, yoshi va jinsidan qat'i nazar Pekin ularning ovozini o'chirishga hamda ulardan foydalangan holda xorijdagi tanqidchilarda qutulishga bel bog'lagan, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan faollar.

BMT Shinjondagi lagerlarni mustaqil o'rganmoqchi lekin Xitoy bunga ruxsat bermayapti. Pekinga ko'ra, bu majmualarda fuqarolar qayta o'qitiladi, kasb-hunar o'rganadi va jamiyatga "foydaliroq" odam sifatida qaytariladi. Terrorizm va esktremizmga moyil insonlar qayta tarbiyalanadi, deydi rasmiylar.

Fransisko Benkosme va Luiza Griv singari g'arblik ekspertlar uyg'urlar nafaqat vatanda balki okean osha ham ruhiy bosim ostida yashayotganini aytadi. Yaqinlari Xitoy qamog'ida ekan, Amerika va boshqa davlatlardagi uyg'urlarda xotirjamlik yo'q.

“Muhojirlar qo'rqinchda va ko'p hollarda o'zini ayblaydi. Buning ustiga esa endi ular Xitoy propaganda videolarida yaqinlari tomonidan la'natlanmoqda, qoralanmoqda", - deydi Griv.

34 yoshli Zebo Murod ulardan biri. Onasi 2018-yilda bedarak ketgan. Keyinroq uning mehnat lagerida ekani aniqlangan.

"Gapirsam onamga qiyin bo'ladi deb qo'rqaman. Lekin gapirmasam, uning ahvoli o'zgaradimi? Shuning uchun ham gapiraman".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG