Breaking News

Iroqning yangi Bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy kim?


Iroq Bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy
Iroq Bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy

Iroqning yangi saylangan Bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy avvalroq mamlakatining "Eron orqa hovlisiga" aylanib qolishiga qarshi tanqidlari bilan tanilgan edi.

"Kuchli, hamma birga yashaydigan va axil Iroq – mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga yaxshi mos keladigan variant", - deb yozgan edi u 2013-yilda Nuri al-Malikiy Iroq bosh vaziri bo'lishi ortidan.

"Biroq bu narsa Iroqni Eronning orqa hovlisi deb hisoblaydigan mintaqaviy va xalqaro tomonlarning fikri o’zgarmaguncha va Iroq hukumati mustaqil siyosat olib bormaguncha amalga oshmaydi", - degan edi al-Kozimiy.

Al-Kozimiyning bosh vazirlikka saylanishi AQSh va Eron tomonidan iliq kutib olindi. AQShning Eronga qarshi sanksiyalari davom etayotgan bir paytda Iroqning yangi rahbari ikki mamlakat o’rtasida qanday muvozanat saqlashi hozircha savol ostida.

AQSh Erondan gaz va elektr energiyasi import qilish uchun Iroqqa berilgan ruxsatni yana 120 kunga uzaytirdi. Maqsad hukumat o’z oldiga qo’ygan vazifalarni amalga oshira olishi uchun qulay muhit yaratishga yordam berish, deyiladi AQSh davlat departamenti e’lon qilgan bayonotda.

Davlat kotibi Mayk Pompeo al-Kozimiyga qo'ng'iroq qilib, AQSh uni qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

"Iroq xalqi uchun bergan va’dalarining ustidan chiqishi uchun unga yordam beramiz", - dedi Pompeo.

Eronga xayrixoh guruhlar

Bosh vazirlik faoliyatining birinchi haftasida al-Kozimiy oldingi ma'muriyat tomonidan hibsga olingan barcha aksilhukumat namoyishchilarni ozod qilish to'g'risida qaror qabul qildi.

Shuningdek, u namoyishchilarni o'ldirishda ayblangan jangari guruh ortidan tushib, Basra shahridagi "Tar Alloh" guruhining idorasini yopishni buyurdi.

"Kozimiyning ustuvor vazifasi Adil Abdul-Mahdining boshqaruvi tufayli yetkazilgan zararni bir yoqli qilishdir", - dedi Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati institutining Iroq bo'yicha mutaxassisi Bilol Vahob.

Bosh vazirlik lavozimiga kirishishdan oldin al-Kozimiy Iroqning Milliy razvedka xizmatini boshqargan. U "Islomiy davlat" (IShID) terrorchi guruhining hududdagi mag'lubiyatida muhim rol o'ynagani aytiladi.

"Milliy razvedkani u juda yaxshi isloh qildi", - deydi Atlantika kengashining Iroq bo’yicha eksperti Abbos Kozim.

Kozimning qo’shimcha qilishicha, al-Kozimiy davrida Iroq razvedka xizmati siyosiy emas, professional xizmatga aylanib, terrorizmga qarshi kurashda Saudiya Arabistoni, Eron va AQSh razvedka xizmatlari bilan yaqindan hamkorlik qilgan.

Mazhablar bo’yicha qarashi

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, 2003-yilgi AQSh ishg’oli ortidan Iroqning shia rahbarlari olib borgan ayirmachi siyosat "Islomiy davlat" terror guruhining paydo bo’lishiga hissa qo’shgan.

Al-Kozimiy sobiq Baas partiyasi bilan aloqasi bo'lgan barcha davlat xizmatchilarining ishdan bo'shatilishini tanqid qilgan.

"Baas partiyasiga taalluqli narsa uning a’zolariga alohida shaxs sifatida tatbiq etilmasligi kerak", - deb yozgan edi al-Kozimiy “Islomiy davat” Iroqning ikkinchi yirik shahri bo’lgan Mosulni egallashidan bir yil oldin.

"Iroqda turli bosimlar, kelishmovchiliklar va noaniqliklar tufayli millionlab iroqliklar ushbu partiyaga qo'shilishga majbur bo’lgan. Bu holat davlatni qisqartirib, uning barcha jihatlarini partiyaga bog'lab qo’ydi", - degan edi u.

Irbil - Bag'dod aloqalari

Chorshanba kuni Kurd rasmiylari al-Kozimiy Kurdiston mintaqaviy hukumatiga (KRG) ajratiladigan daromad taqsimotiga oldingi hukumat qo’ygan taqiqni bekor qilganini bildirdi. Kurdiston viloyatiga beriladigan bu mablag’ miqdori 400 million dollarga yaqin ekani aytiladi.

Ushbu xabar shimoliy Kurd viloyatida jamoatchilik tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi. Hududda davlat maktabi o'qituvchilari oxirgi ish haqlarini olmaganliklari sababli dam olish kunlari norozilik namoyishiga chiqqan edi.

"Bu ajoyib yangilik, - deydi Irbilda joylashgan universitet professori va Iroq siyosati bo'yicha ekspert Nahro Zagros "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - Kozimiy hukumat rahbarligiga birinchi marta nomzod bo'lganida, kurdlar uni mamlakat bosh vaziri bo'lishi uchun qo'llab-quvvatlagan birinchi guruh edi. U shu tariqa o’z tashakkurini bildirdi”.

Iroq hukumati mamlakatning tabiiy boyliklarini sotish huquqi bo'yicha Kurdiston bilan mavjud kelishmovchiliklar yuzasidan hali yangi qarorini e’lon qilmadi.

AQSh bilan aloqalar

Ilgari al-Kozimiy Qo'shma Shtatlarga Iroqning ajralmas ittifoqchisi sifatida qaragan va Amerikaning azaliy dushmani bo’lgan Eron bilan muvozanatli munosabatlar tarafdori ekanini aytgan.

"Iroq IShIDga qarshi kurashda strategik ittifoqchi sifatida AQSh tomonidan qo'llab-quvvatlanishga muhtoj ekani shubhasiz", - deydi al-Kozimiy.

Ayrim ekspertlarning ta'kidlashicha, Iroq siyosatida shia mazhabiga mansub har qanday rahbar Eronga sodiq ittifoqdosh bo'lib qolaveradi.

"Oldingi bosh vazirlar ish boshlaganlarida Eron qo'g'irchoqlari emas edi. Ammo ular Iroqdagi Eron ta’siriga dosh bera olmay, Eron qo’g’irchog’iga aylanib qoladi", - deydi irbillik tahlilchi Zagros.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG