Breaking News

Qirg'iziston xavfsizlik xizmati jurnalistik surishtiruvni qoralamoqda


O'tgan yil “Ozodlik” radiosining qirg'iz xizmati, Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani tadqiq qilish markazi (OCCRP) va Qirg’izistondagi Kloop sayti "Markaziy Osiyo yuragida patronaj va talon-taroj" deb nomlangan mustaqil jurnalistik surishtiruvni e'lon qilgan edi

Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik xizmatining da’vo qilishicha, “Ozodlik” radiosi Qirg‘iz xizmati muxbirlari "pul yuvish bilan shug’ullangan" tadbirkordan 100 ming dollar pul olgan.

Bu da'vo parlamentda, "uzoq yillar yuzlab million dollar mablag’ni Qirg’izistondan chetga tashigan" xitoylik uyg'ur biznesmen Ayerkin Saymaiti o'limiga oid tinglovda yangradi.

“Ozodlik” radiosi prezidenti Jeymi Flay deydiki, bu da'vo jurnalistlarga qarshi "o'zlarining boyliklari va qudratlarini himoya qilishni istagan korrupsionerlarning qasosidir".

Noyabr oyida Istanbulda o'ldirib ketilishidan oldin Saymaiti qanday qilib Qirg'izistondan pullarni naqd ko’rinishda va kuryer orqali olib chiqib ketganiga oid moliyaviy hujjatlarni jurnalistlarga taqdim etgan edi.

Saimaiti vafotidan so'ng “Ozodlik” radiosining Qirg'iz xizmati, Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani tadqiq qilish markazi (OCCRP) va Qirg’izistondagi Kloop.kg sayti "Markaziy Osiyo yuragida patronaj va talon-taroj" deb nomlangan mustaqil jurnalistik surishtiruvni e'lon qildi.

Surishtiruvda jinoiy sxema figurantlaridan biri sifatida Qirg'iziston Davlat Bojxona agentligi raisining sobiq o'rinbosari Raimbek Matraimov nomi tilga olingan. Jurnalistlar hisoboti e’lon qilinishi ortidan Qirg'izistonda norozilik namoyishlari bo’lib o’tdi.

Siyosiy o’yinlarda ta’sirchan vositachi sifatida ko’riladigan Matraimov va uning oilasi Sayimaitiga va Qirg'iziston bojxona xizmatidagi korrupsiyaga aloqadorligini rad etdi. U va uning oilasi jurnalistlar ustidan tuhmat da'vosi bilan sudga murojaat qildi.

Korrupsiyaga oid surishtiruv e’lon qilinishi ortidan "Ozodlik" radiosi muxbiri Ali Toktakunovga nisbatan bir necha o’lim tahdidlari bo’lgani ham xabar qilindi.

Tergovchilarga ko'ra, Saymaiti Markaziy Osiyo, Yevropa, AQSh va BAAda yuk tashish hamda ko'chmas mulk bo’yicha biznes imperiyasini qurgan uyg'ur biznesmeni Habibulla Abdukadir bilan pul masalasida kelishmovchiliklarga ega bo’lgan.

Saymaiti Abduqodir uchun dunyo bo'ylab yuzlab million dollar mablag’ ko'chirgan. Habibulla Abdukadir nomi jurnalistlar surishtiruvi noyabr oyida e’lon qilinguncha jamoatchilikka noma'lum bo’lgan.

Tergovda guvohlar aytgan ma’lumotga tayanib, Qirg'iziston Xavfsizlik xizmati xodimi Samidin-ulu Sag'inbekning aytishicha, Saymaiti Abduqodirga bosim o'tkazish va o’z moliyaviy muammosini hal qilish uchun jurnalistlarni yollagan.

Sud majlisida video orqali guvohlik berganlardan biri Qirg'izistonning Istanbuldagi sobiq bosh konsuli Erkin Sopokovdir.

Saymaiti o'ldirilgan kechada Sopokovning avtomobili Istanbuldagi qotillik yuz bergan kafe oldidan topilgan.

Ishdan bo'shatilganidan va Qirg'izistonga qaytganidan so'ng Sopokov Saymaiti va boshqalarga mashinasidan foydalanishga ruxsat berganligi uchun xizmat vazifasini suiste'mol qilganlikda ayblanib hibsga olingan. Shuningdek, u noqonuniy mablag’ jamg’arishda ham ayblanmoqda.

Tergovchilar guvohlarning da'volarini tasdiqlovchi biron-bir hujjat yoki boshqa dalillarni taqdim etmadi. Saymaiti jurnalistlarga bergan hujjatlarning soxtaligi haqidagi da’volar yuzasidan ham dalillar ko’rsatilmagan.

OCCRP bayonotiga ko'ra, Qirg'iziston xavfsizlik xizmati tergovda "faqat qotillik qurboniga va jurnalistikaning o'ziga e'tibor qaratmoqda".

"Agentlik ikkita guvohga ishondi, ulardan biri jurnalistlar soxta hujjatlarni ishlatgan deb da'vo qilgan. Ikkinchisi esa “Ozodlik” radiosi muxbiri tomonidan noto'g'ri xatti-harakatlar sodir qilinganini aytgan. Bu da'volar hujjatli dalillar bilan tasdiqlanmagan va ikkalasi ham kimdandir eshitganiga tayangan".

"Ozodlik", OCCRP va "Kloop" birgalikda aprel oyida o'tkazgan surishtiruv 2019-yil uyushgan jinoyatchilik to'g'risida eng yaxshi jurnalistik ishlarni taqdirlovchi “Surishtiruvchi reportyorlar va muharrirlar” nodavlat tashkilotining nufuzli “Tom Renner” mukofotiga sazovor bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG