Breaking News

Turkiya Liviyada qanday manfaatga ega?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an (o'ngda) va Liviya Bosh vaziri Fayoz Sarraj. Anqara, 4-iyun, 2020.

4-iyun kuni Turkiya va Liviya o’zaro aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib oldi. Prezident Rajab Toyyib Erdog’an Liviya Bosh vaziri Fayoz Sarrajni Anqarada qabul qildi.

Qo’shma matbuot anjumanida Erdog’an davlatlar aloqalar ko’lamini kengaytirishini ma’lum qildi. Xususan, O’rta yer dengizining sharqiy hududida ham.

Ayni damda poytaxt Tripolini egallab turgan, Turkiya qo’llab-quvvatlab kelayotgan hukumat may oyi oxirlarida Xalifa Xaftar boshchiligidagi isyonchi kuchlardan ustunlikka erishgan. Tomonlar joriy haftada qurolli to’qnashuvlarni to’xtatib, muzokaralarni boshlashga kelishib olgan.

“Tarix isyonchi Xaftarni dastaklab, Liviyada qon to’kilishiga sababchi bo’lganlar ustidan adolatli hukm chiqaradi’, - dedi Erdog’an matbuot anjumanida so’zlar ekan.

O’z navbatida, Sarraj Xaftar kuchlari ustidan yakuniy g’alabasini e’lon qildi. “Tripolida sen mag’lub bo’lding, buni tan ol”, - dedi u.

Ayrim ekspertlar rasmiy hukumatning so’nggi paytda qayd etilgan takroriy g’alabalarini Liviyada olti yildan beri davom etayotgan fuqarolik urushidagi muhim burilish deb biladi. Bunday burilishga eng kuchli tashqi ta’sir aynan Turkiya tomonidan qo’llanganini ta’kidlaydi ular.

Tahlilchilar nazdida, Erdog’an Shimoliy Afrika mintaqasida Turkiyaning siyosiy va iqtisodiy yetakchiligini saqlab qolish uchun Liviyadan foydalanishni rejalagan.

“Turkiyaning asosiy maqsadi Liviyani Misr va Birlashgan Arab Amirliklari ta’siridan asrab, o’zining geostrategik va iqtisodiy manfaatlarini himoyalash. Nafaqat Liviyada, balki O’rta yer dengizi sharqida ham”, - deydi ekspert Nigar Goksel.

Urushga yanvar oyidan rasman qo’shilgan Turkiya o’z harbiy kuchlari va tahminlarga ko’ra, Suriyadagi otryadlarni Liviya hududiga kiritgan. Liviyaga qurol-yaroq embargosi e’lon qilinganiga qaramay, Anqara BMT tan olgan hukumatni dronlar va havo mudofaasi tizimi bilan ta’minlagan.

Turkiyaning aralashuvi Misr, BAA, Gretsiya, Kipr va Fransiya tomonidan keskin tanqid ostiga olindi. May oyida e’lon qilingan qo’shma bayonotda ushbu besh mamlakat Turkiyadan “qurol yetkazib berish bo’yicha BMT joriy etgan embargoga to’liq amal qilish va Suriyadan Liviyaga xorijiy kuchlarning kirib kelishini to’xtatish”ni talab qildi.

Xaftar Turkiyaning mamlakatdagi bazalariga qarshi “Liviya tarixidagi eng yirik havo hujumlari”ni amalga oshirishini ma’lum qilgan. Anqara esa bu “jiddiy oqibatlarga olib kelishi” haqida ogohlantirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG