Breaking News
Din

Moskva yaqinida urushdagi g'alabaga bag'ishlangan cherkov ochildi


Cherkovning qurilish paytida
Cherkovning qurilish paytida

Rossiyada Qurolli kuchlarning asosiy ibodatxonasi rasman ochildi. Poytaxt Moskvadan 55 kilometr narida joylashgan Kubinka posyolkasida salkam ikki yilda qurilgan sobor Sovet Ittifoqining Ikkinchi jahon urushida Natsistlar Germaniyasi ustidan qozongan g’alabasining 75 yilligiga bag’ishlanadi.

Loyihaning ilk ko’rinishida ibodatxona mozaikalarida Rossiyaning hozirgi rahbari Vladimir Putin hamda Sovet Ittifoqining urush paytidagi rahbari Iosif Stalin tasvirlarini tushirish rejasi bor edi, biroq jamiyatdagi noroziliklar tufayli bu g’oyadan voz kechildi. Cherkov bunga Putinning o’zi ham qarshi ekanini bildirdi. Ilk loyihada Qrimning 2014-yilda Rossiyaga qo’shilishini ulug’lovchi mozaika ham bor edi.

Ibodatxona Vermaxt qo’shinlari Moskva ostonasida to’xtatilgan joyda qad ko’tarib turibdi. Uning ochilish marosimida Rossiya Pravoslav cherkovi rahbariyati hamda Mudofaa vaziri Sergey Shoygu qatnashdi.

Cherkov yoniga urush kunlarini interaktiv shaklda tasvirlovchi muzey ham tushirilgan.

Bu o’rtada Moskvada g’alabaning 75 yilligiga bag’ishlangan asosiy paradga hozirliklar avjida. Odatda 9-mayda bo’ladigan parad koronavirus pandemiyasi sabab qoldirildi. Uni 24-iyun kuni o’tkazishga qaror qilindi. 1945-yilda g’alaba qo’lga kiritilganidan so’ng Qizil maydonda o’tgan ilk parad aynan shu kuni bo’lgan edi.

Bir necha kun oldin Moskva va boshqa shaharlarda karantin yumshatilgan. Shunga qaramasdan Rossiya koronavirusdan kasallanganlar soni bo’yicha dunyoda uchinchi o’rinda. So’nggi bir kunda 8200 dan ziyod odam virus yuqtirgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQShda Jorj Floyd o’limidan keyin avj olgan namoyishlarni izohlarkan, bu Amerikada Donald Tramp prezidentlikka saylanganidan beri kuzatilayotgan chuqur ichki siyosiy inqirozning bir ko’rinishi deb aytdi.

“Tramp g’alaba qozonishi bilan va aytish joiz, g’alaba oydin va demokratik edi, mag’lub bo’lgan taraf Tramp g’alabasining qonuniyligini shubha ostiga qo’yish uchun har xil soxta hikoyalar o’ylab topdi”, - dedi Putin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG