Breaking News

Bizneslar irqchilikni tan olib, zarur qarorlar qila boshlagan


Nyu-York ko'chalarida

Irqchilikka qarshi boshlangan yangi harakatlar xususiy sektorni ham uyg’otgan va bu borada yangi qadamlar tashlashga undamoqda. Kompaniyalar irqchilikka qarshi kurashayotgan nohukumat tashkilotlarga xayriya bermoqda va o’z tarkibida tenglikni ta’minlash uchun harakatda.

“Reddit” kompaniyasi rahbari lavozimidan bo’shadim. O’rnimga qora tanli odam kelsin, deyapman”, - deydi Aleksis Ohaniyan.

Ohaniyan qora tanli tennischi Serena Uilyamsning turmush o’rtog’i. Irqchilikka qarshi kurash bizneslar orasida yangicha tusga olmoqda, deydi u.

“Otaman, qora tanli qizim bor. Ertaga men uchun nima qilding deb so’raganida vijdonan ish tutganimni bilsin”.

AQShning 500 eng katta kompaniyasidan atigi to’rttasini qora tanlilar boshqaradi.

Global miqyosdagi namoyishlar, norozilik hissi bizneslarni tenglikka e’tibor berishga undamoqda.

“Apple” qora tanli ta’minotchilarni ko’paytirgan.

“Facebook” asoschisi va rahbari Mark Zukerberg kompaniya irqchilikka qarshi kurash va ijtimoiy adolat uchun 10 million dollar berishini ma’lum qildi.

“Google” rahbari Sundar Pichai uning kompaniyasi ham shu maqsad yo’lida 12 million dollar xayriya qilishini aytdi.

“YouTube” qora tanli prodyuserlar uchun 100 million dollar ajratmoqda.

“Bank of America”, AQShning yirik banklaridan biri, 1 milliard dollarni kelasi to’rt yilda aynan irqiy tenglikni ta’minlash uchun sarmoya qiladi.

“Shuncha odam bekorga ko’chaga chiqmadi, bekorga nolimadi. Bu global harakat. Muammolarga ko’z yuma olmaymiz. O’zgarishimiz va o’zgartirishimiz kerak. Bizneslar buni hammadan yaxshiroq tushunadi, chunki ta’sirini sezadi. Xalq kayfiyatini tahlil qilib, qanday qadam tashlash kerakligini ko’rib chiqmoqda. Namoyishlardan maqsad ham shu, odamlarni chora tomon undash”,- deydi Darnell Hant, Kaliforniya universiteti professori.

Siyosat o’zgarishi shart, degan chaqiriq bizneslarga ham tegishli.

“Walmart” savdo tizimi turli rangdagi insonlar uchun mahsulotlarini ko’paytirmoqda. Oldin bunday emas edi. Qattiq tanqid ketidan o’zgardi.

“Amazon” onlayn savdo tizimi adolat va tenglik targ’iboti uchun 10 million dollar xayriya qildi.

“Amazon” odamlarni yuziga qarab ajratuvchi texnologiyalarni sotishni ham cheklamoqda. Bu texnologiya qora tanilarni kamsitish uchun ishlatilmoqda degan qarash keng.

“NASCAR” avto-poygasi boshqaruvi esa haydovchilarga konfederatsiya, quldorlikni saqlash uchun kurashgan tomon bayrog’ini hilpiratishni man etdi.

Oldinlari bu erkinlik deya yo’l berilgan ishlar bugun irqchilik deya tamg’alanmoqda.

Jim turish, loqaydlik kechirib bo'lmas biznes xató, deydi xususiy sektor vakillari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG