Breaking News

Kuzda maktablar ochiladimi?


Yangi o’quv yiliga oz qolmoqda. Pandemiya xavfi kamaymasa-da, ba’zi maktablar ochilishga tayyorgarlik ko’rmoqda. Xo’sh, maktablar ochilishi kerakmi yoki yo’q?

AQShda Tramp ma’muriyati maktablarni kuzda o’z vaqtida ochilishga undamoqda. Prezident Donald Tramp hatto vaqtida ochilmagan maktablarga pul ajratmaslik bilan po’pisa qildi. Biroq, bu ishni qanday qilib xavfsiz tarzda amalga oshirish bo’yicha yakdillik yo’q.

Masalan, Los-Anjelesda katolik maktablari kuzda ochilishga tayyorgarlik ko’ryapti. Jumladan, Avliyo Jozef maktabi ham."Hozircha rejamiz – yuzma-yuz darslarga tezroq qaytish, lekin ehtiyorkorlik bilan. Masofa saqlash, niqob, harorat o’lchash - majburiy qoida”, - deydi maktab direktori Luis Hayes.

Kuzda maktablar ochilishi kerakmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:52 0:00

Lekin Los-Anjelesdagi maktab okrugi boshqaruvchisi Ostin Byutner onlayn ta’lim davom ettirilishini aytmoqda. “Yangi o’quv yili avgust oxirida boshlansa-da, yuzma-yuz emas. Salomatlik va xavfsizlik birinchi navbatda”, - deydi u.

Tibbiyot va ta’lim bo’yicha mutaxassislar bola maktabda bo’lgani yaxshi, deydi. Masofaviy ta’lim sifati ko’ngildagiday emas. Bolalar ijtimoiy muloqotdan ham qolib ketmoqda.

Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi rahbari Robert Redfildning aytishicha, bolalar faqat ta’limdangina mosuvo bo’layotgani yo’q. “7,1 million bolaning ruhiy salomatligi, yeb-ichishi maktabda doimiy nazoratda edi. Hisobotlar bolalarga nisbatan turli zo’ravonlik holatlari ham kuchayganini ko’rsatmoqda”, - deydi u.

Bolalar o’rtasida virus bilan kasallanish darajasi u qadar katta emas. Lekin bunday holatlar ham yo’q emas.

Ta’lim milliy assotsiatsiyasi prezidenti Lili Garsiyaning aytishicha, o’qituvchilar ishga tushishni istaydi, lekin xavfsiz bo’lsagina.

"Donald Tramp sinfimda kuniga yetti soatlab, haftasiga besh kun o’tirib ko’rsin avval. Yo’talayotgan, aksirayotgan bolalar bilan shu havodan nafas olsin”, - deydi pedagog Lili Garsiya.

Germaniya, Janubiy Koreya va boshqa bir qancha mamlakatlarda maktablar ochilmoqda, yangi qoidalar bilan: niqob taqish, harorat o’lchash, masofa saqlash, muntazam dezinfeksiya qilish kabilar bilan.

Lekin Jons Xopkins Salomatlik markazi mutaxassisi Jeniffer Nuzzo fikricha, bu mamlakatlar ochilishdan avval epidemiyani nazorat ostiga olishga muvaffaq bo’ldi. "Virus juda keng va jadal tarqalayotgan jamiyatlarda maktablarning ochilishi xavfli, raqamlar pasaymaguncha”, - deydi u.

Maktablar ochilishiga oz vaqt qolmoqda, lekin raqamlar esa pasayayotgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG