Breaking News

G'ani Tolibonning qolgan mahbuslarini ham ozod qilishni buyurdi


Ozod qilingan Tolibon mahbuslari, Kobul, 2020-yil, 31-iyul

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani tinchlik muzokaralarini boshlash uchun Tolibonning hibsdagi so’nggi 400 vakili ham ozod qilinishini e’lon qildi.

Xalqaro hayot – 10-avgust, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:41 0:00

29-fevral kuni AQSh va Tolibon o’rtasida tuzilgan bitim asosida isyonchi guruh 1000 nafar afg'on xavfsizlik xizmati xodimini, rasmiy Kobul esa 5000 tolibni ozod qilishi belgilangan edi.

Isyonchilar allaqachon bosqichma-bosqich ozod qilinishi kerak bo'lgan barcha mahbuslarni erkinlikka chiqargan. G'ani esa hibsda qolgan 400 Tolibon mahbusining keyingi taqdiri bo’yicha maslahat olish uchun uch kunlik Loya Jirg’a yig’inini chaqirdi. Yig’inda hukumatga mahbuslarning qolgan qismini ham ozod qilish bo’yicha maslahat berilgan.

"Loya Jirg’a to'siqlarni bartaraf etish, tinchlik jarayonini boshlash va qon to'kilishini to'xtatish uchun 400 tolibni ozod etishni ma'qullaydi", deyiladi anjuman so’ngida qabul qilingan deklaratsiyada.

Afg'oniston prezidenti assambleyaga minnatdorlik bildirib, "bugun men 400 mahbusni ozod qilish to'g'risida buyruq beraman", dedi.

"Tolibon 400 mahbus ozod qilingandan keyin uch kun ichida hukumat bilan to'g'ridan-to'g'ri muzokaralarni boshlashga va o't ochishni doimiy to'xtatish to'g'risida muzokaralarni kun tartibiga kiritishga va'da berdi", - dedi G’ani Loya Jirg’a qatnashchilariga.

Muzokaralarning qachon boshlanishi aniq emas, ammo uchrashuvlar Qatar poytaxti Doxada bo'lib o'tishi kutilmoqda. Doxada isyonchi guruhning rasmiy idorasi bor.

So'nggi haftalarda Tolibon yetakchilari, agar qolgan mahbuslar ozod qilinsa, zudlik bilan sulh tuzish va qonli mojaroni siyosiy yo'l bilan hal qilish bo’yicha tinchlik muzokaralarini boshlashga tayyor ekanliklarini aytib kelayotgan edi.

"Amerika Qo'shma Shtatlari Tolibonning ushbu majburiyatlarga rioya qilishini nazorat qiladi", - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Afg'onistonning Loya Jirg’a yig'ilishidan oldin qilgan bayonotida.

“Biz ushbu mahbuslarning ozod etilishi xalqqa manzur emasligini tushunamiz. Ammo bu og’ir ish zo'ravonlikni kamaytirishga va to'g'ridan-to'g'ri muzokaralarga olib keladi; natijada tinchlik bitimiga erishilib, urush tugaydi", - dedi Pompeo.

AQSh toliblar bilan tuzilgan bitim doirasida Amerika askarlarini Afg'onistondan bosqichma-bosqich olib chiqishni allaqachon boshlagan. 13000 kishilik qo’shindan hozir taxminan 8600 nafar askar qolgan. Kelishuvga ko'ra, barcha Amerika va koalitsiya kuchlari kelasi yilning iyuligacha mamlakatni tark etishi kerak.

AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper shanba kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, Afg'onistonda Amerika qo'shinlari soni noyabr oyining oxirigacha 5000 dan kamroq miqdorga tushiriladi.

O'tgan hafta boshida Prezident Donald Trump “Axios” nashriga bergan intervyusida noyabr oyidagi AQSh saylovlarigacha Afg'onistonda 4000 va 5000 orasida askarlar qolishini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG