Breaking News

O'zbekiston: o’zgarishlar ramziga aylangan jurnalist yana hibsda


Bobomurod Abdullayev Bishkekda Toshkent iltimosiga ko'ra hibsga olingan

O'zbekistonlik jurnalist va sobiq siyosiy mahbus Bobomurod Abdullayev 9-avgust kuni Bishkekda O’zbekiston so’roviga ko’ra hibsga olingan. Uning Toshkentga topshirilish ehtimoli yuqori. Xalqaro tashkilotlar Qirg’iziston hukumatini Abdullayevni O’zbekistonga topshirmaslikka chaqirmoqda.

Inson huquqlari va matbuot erkinligi himoyachilari Qirg’izistonga xalqaro qonunlarni eslatib, jurnalistni qiynoqqa solinishi mumkin bo'lgan O’zbekistonga ekstraditsiya qilmaslikni so’ramoqda.

AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi qayd etishicha, Bobomurod Abdullayev avval O’zbekiston qamoqxonasida qiynoqlarni boshdan kechirgan. Qirg’iziston uni O’zbekistonga topshirsa, yana qiynoqqa solinishi mumkin.


Bobomurod Abdullayevga nisbatan shu yilning iyul oyida Mirzo Ulug’bek tumani sudi tomonidan sirtdan jinoyat ishi ochilgani aytilmoqda.

Abdullayevning aytishicha, u “Qora mergan” taxallusi ostida e’lon qilingan maqolalar muallifligida gumonlanmoqda. Uning hibs etilishi sababi hozircha faqat shu gumondan iborat. Toshkent bu borada lom-mim demaydi.

Bobomurod Abdullayev avval Usmon Haqnazar taxallusi ostida yozilgan maqolalar uchun sudga tortilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning so’z va matbuot erkinligi yuzasidan boshlagan islohotlari isboti o'laroq ozodlikka chiqarilib, mamlakatda kechayotgan o’zgarishlar ramziga aylangan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi 12-avgust kuni Telegram sahifasida Bobomurod Abdullaevning hibsga olinganligi yuzasidan qisqa ma'lumot berdi.

"O‘zbekiston Respublikasining so‘roviga asosan, 22.01.1993 yildagi “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida”gi Minsk Konvensiyasiga muvofiq, B.Abdullayev Qirg‘iziston Respublikasi huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirgi kunda uning O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilinishi masalasi hal qilinmoqda", - deyiladi prokuratura bayonotida.

Bobomurod Abdullayev ayni paytda Qirg’iziston Davlat xavfsizlik qo’mitasi hibsxonasida saqlanmoqda. Unga nisbatan htiyot chorasi sifatida 30 kunlik qamoq muddati belgilangan. Bu muddat 8-sentabrda tugaydi.

Bobomurod Abdullayev hibsga olinishidan ikki hafta oldin “Qora mergan” taxallusiga aloqasi yo’qligi haqida video post qilgan.

O’zbekiston jurnalistlari, jumladan, xorijdagilar “Qora mergan” kimligi haqida aniq tasavvurga ega emas, ammo ularning ayrimlari “Qora mergan” ekanlikda gumonlab kelingan.

“Eltuz” nashri muharriri, siyosiy muhojirlikda yashayotgan Qudrat Bobojon ham “Qora mergan” bo'lishi mumkin deya taxmin qilingan, ammo u buni inkor etadi.

Qudrat Bobojon “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki, Bobomurod Abdullayevning hibsga olinishi, bir paytlar uning qamoqdan ozod etilishi so’z erkinligiga oid islohotlarga ishora berganidek, bu o’zgarishlar davri yakunlanayotganidan darak bermoqda.

Bobomurod Abdullayev nega hibsga olindi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:55 0:00

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG