Breaking News

Turkiya va Rossiya manfaatlari to‘qnashgan hudud: Tog'li Qorabog'


Ozarbayjon bilan chegarada hozir bo'lgan Armaniston kuchlari. 14-iyul, 2020.

Turkiya prezidentining matbuot kotibi Ibrohim Kalin 14-avgust kuni Ozarbayjon davlat televideniyesiga bergan intervyusida Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga to‘xtalar ekan, Anqara mazkur muammo tinch yo‘l bilan hal etilishi tarafdori ekanini aytdi. Ayni paytda, Ozarbayjonga hujum uyushtirilgudek bo‘lsa, Turkiya jim qarab turmasligini va bor imkoniyatini ishga solishini ta’kidladi.

Shuningdek, Ibrohim Kalin Turkiya va Ozarbayjon hamkorligida o‘tkazilgan so‘nggi harbiy mashg‘ulotlar haqida ham gapirdi.

“Bu qaysidir uchinchi davlatga qaratilgan emas, balki ikki davlatning imkoniyati va qobiliyatini orttirishni ko‘zlagan, mushtarak strategik maqsadlar doirasida amalga oshirilgan mashg‘ulotlardir. Oxirgi vaqtda Armanistonning tajovuzkor hakaratlariga javoban Ozarbayjonning tabiiy va xalqaro qonunlardan kelib chiqqan fundamental huquqidir”, – dedi u.

Biroq, tahlilchilarning fikricha, Turkiya va Ozarbayjonning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari, birinchi navbatda, Armanistonga va bilvosita Rossiyaga signal ekaniga shubha yo‘q. Anqaraning Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha oxirgi bir haftadagi ketma-ket bayonotlarini Boku uchun umid, Yerevan va Moskva uchun esa ogohlantirish deb tushunish mumkin.

Minsk guruhidan foyda yo‘qmi?

Tog‘li Qorabog‘ nafaqat Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi, balki mintaqaviy ahamiyatga ega masala hisoblanadi. Bu mojaroda Turkiya Ozarbayjonni, Rossiya esa Armanistonni qo‘llab-quvvatlab keladi. Suriya va Liviyada bo‘lgani kabi bu hududda ham Anqara va Moskvaning manfaatlari bir-biriga qarama-qarshi, ya’ni Tog‘li Qorabog‘ masalasi ushbu ikki davlat o‘rtasidagi taranglik omillaridan biridir.

Ozarbayjon va Armaniston chegarasi
Ozarbayjon va Armaniston chegarasi

Sovet Ittifoqi davrida Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibida edi. Biroq 1980-yillarning oxirida aholisining aksarini armanlar tashkil etuvchi mazkur hududda ayirmachilik kayfiyati kuchaydi va buni Yerevan qo‘llab-quvvatladi.

O‘sha paytda Armanistonda Tog‘li Qorabog‘ Armanistonga qaytarilishi kerakligi haqida chaqiriqlar yangray boshladi. 1991-yilning 10-dekabrida Tog‘li Qorabog‘da o‘tkazilgan va ozari aholi tomonidan boykot qilingan referendumda hududning Ozarbayjondan ajralib chiqishi va mustaqil bo‘lishi uchun ovoz berildi. Voqealar rivoji Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida urush boshlanishiga olib keldi. 1994-yilda tomonlar sulh imzoladi. Ozarbayjon hududining 20 foizidan ajraldi.

Yerevanning da’vosiga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘da azaldan armanlar yashab kelgan va u Armanistonning tarixiy hududidir. Yerevanning qo‘llovi bilan tuzilgan va Arsax deb ham ataladigan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini xalqaro hamjamiyat tan olmaydi hamda hududni Ozarbayjonning bir parchasi deb hisoblaydi.

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi mojaroda tomonlar o‘rtasida vositachilik qilish uchun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining tarkibi 11 davlatdan iborat Minsk guruhi tashkil etilgan. Turkiya bu guruhning samarasiz ekanini aytmoqda.

11-avgust kuni Anqarada ozarbayjonlik hamkasbi Jayhun Bayramovni qabul qilgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li Tog‘li Qorabog‘ mojarosi shu paytgacha hal bo‘lmagayotganiga Minsk guruhi raislari – Rossiya, Fransiya va AQShning sustkashligini asosiy sabab sifatida ko‘rsatdi. Vazirning ta’kidlashicha, rais davlatlar shunchaki bayonotlar bilan cheklanib qolmay amaliy qadamlar ham tashlashi zarur.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi tufayli Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida vaqti-vaqti bilan qurolli to‘qnashuvlar yuz beradi. Biroq oxirgi – joriy yilning 12-iyulida boshlangan to‘qnashuv bevosita Tog‘li Qorabog‘da emas, undan qariyb 300 kilometr naridagi Tovuz tumanida kuzatildi. Tuman Ozarbayjon uchun juda muhim Janubiy Kavkaz gaz quvuri yaqinida joylashgan.

Mazkur quvur orqali Ozarbayjon gazi “TANAP”ga (Transanatoliya gaz quvuri liniyasi) yetkaziladi, “TANAP” esa Anqaraning Rossiya gaziga bo‘lgan qaramligini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.

“Turkiya Rossiyadan xaridlarni kamaytirmoqchi. “TANAP” orqali keladigan gaz Turkiya uchun Rossiya gazidan arzonroqqa tushadi. Bu milliy xavfsizlik masalasidir”, – deydi Bonn universitetining rossiyalik eksperti Zaur Gasimov.

“Ozarbayjon yolg‘iz emas”

Tovuz chegara hududidagi to‘qnashuvlardan keyin, 29-iyulda Turkiya va Ozarbayjon harbiylari ishtirokida keng qamrovli o‘quv-taktik mashg‘ulotlar boshlanib ketdi. Ozarbayjonning “Ag‘” (“Oq”) partiyasi yetakchisi Tural Abbosli bu mashg‘ulotlarning ahamiyatiga urg‘u berar ekan, Turkiya Ozarbayjonda harbiy baza ochishi kerak degan fikrni bildirdi.

Ozarbayjonni qo'llab-quvvatlayotgan turkiyalik. Arxiv.
Ozarbayjonni qo'llab-quvvatlayotgan turkiyalik. Arxiv.

“Bu avvalo Rossiya va yana ayrim davlatlarga yoqmasligi aniq. Lekin hozirga qadar Rossiya kabi strategik hamkordan ajralib qolmaylik deganlar qanday o‘tning ichiga tushib qolganimizni ko‘rishlari zarur. Rossiyaga yoqish-yoqmasligiga qarab o‘tirmay, Turkiya bilan harbiy hamkorligimizni yanada kengaytirishimiz kerak”, – deydi siyosatchi.

Harbiy mashg‘ulotlarning yakuniy qismini kuzatgani Ozarbayjonga borgan Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akar Anqara Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini va Tog‘li Qorabog‘ni qaytarib olish bo‘yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi.

“Xo‘jalida butun dunyoning ko‘z o‘ngida genotsid o‘tkazgan, hech bir huquqiy asosga ega bo‘lmagan holda Tog‘li Qorabog‘ni bosib olgan Armanistonga qarshi Ozarbayjon bilan birgamiz. Ozarbayjon yolg‘iz emas”, – dedi vazir 13-avgust kuni harbiylar bilan uchrashuvda.

Ozarbayjonlik jurnalist va tadqiqotchi Kamol Salimov Tog‘li Qorabog‘ masalasiga faqatgina Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi muammo deb qarash o‘ta yuzaki bo‘lishini aytadi.

“Albatta, bu o‘rinda Rossiya omili juda muhim. Xuddi Gruziyadagi Abxaziya va Janubiy Osetiya yoki Ukrainadagi Qrim masalasida bo‘lganidek. Butun dunyo – BMT ham, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhi ham Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjon hududi deb tan olgan. Biroq Moskva “ha, Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjonga tegishli, Armaniston u yerni zudlik bilan tark etishi kerak” demayapti. Turgan gapki, Armaniston Rossiyaning yordamiga ishonadi. Ozarbayjon esa Moskvaning Kavkazdagi ta’siri tufayli o‘z yerlarini qaytarib ololmayapti. Ammo Yerevanning tutumidan ko‘rinib turibdiki, Tog‘li Qorabog‘ masalasi urushsiz hal bo‘ladiganga o‘xshamayapti”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG