Breaking News

Tolibon va Afg'oniston hukumati tarixiy sulh muzokarasini boshladi


Tinchlik muzokaralarida Tolibon delegatsiyasi. Doxa, Qatar, 12-sentabr, 2020.

Tolibon va Afg’oniston hukumati vanihoyat to’g’ridan-to’g’ri tinchlik muzokaralarini boshladi. Tarixiy ahamiyatga molik anjuman ochilishida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo nutq so’zladi. Tomonlardan Afg’onistonda xilma-xil g’oyalarni tolerantlik asosida jipslashtiradigan yangi hokimiyat taqsimoti borasida kelishib olish kutilmoqda. Jahon hamjamiyati shu tariqa Afg’onistonda bir necha o’n yillar mobaynida hukmronlik qilgan qonli urushga barham berilishidan umidvor.

Tolibon yetakchilari va Afg’oniston hukumati delegatsiyasi o’rtasida Qatar poytaxti Doxada 12-sentabr kuni o’tgan muzokaralarda AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo vositachilik qildi.

Tinchlik muzokaralarida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo. Doxa, Qatar, 12-sentabr, 2020.
Tinchlik muzokaralarida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo. Doxa, Qatar, 12-sentabr, 2020.

“Bugun chindan ham muhim kun. Afg’onistonliklar vanihoyat mamlakatning yangi kelajagini belgilash uchun bir muzokara stoli atrofida o’tirishga qaror qildi. Bu umid uchqunlari paydo bo’lgan muhim voqea”, - dedi Pompeo.

AQSh bosh diplomati, shuningdek, muzokaralar qarama-qarshi fikr-g’oyalardan xoli bo’lmasligini ta’kidladi. Tomonlarni ushbu tarixiy fursat ahamiyatini tog’ri baholab, bahsli masalalarni bosiqlik bilan hal etish va Afg’oniston tarixida yangi sahifa ochishga chaqirdi.

Pompeoning ta’kidlashicha, joriy yilning 29-fevralida Vashington va Tolibon o’rtasida imzolangan Tinchlik bitimi bugungi muzokaralarning tamal toshi bo’lib xizmat qilgan.

Pompeo Tinchlik muzokaralarida so'zlamoqda. Doxa, Qatar, 12-sentabr, 2020.
Pompeo Tinchlik muzokaralarida so'zlamoqda. Doxa, Qatar, 12-sentabr, 2020.

Davlat kotibi, shuningdek, Afg’oniston kelajagini faqat afg’on xalqi hal qilishiga urg’u berdi. Muzokaralarda barcha afg’onistonliklarning haq-huquqlari inobatga olinishi va so’nggi ikki yilda erishilgan ijtimoiy progress yo’qqa chiqarilmasligidan umidvor ekanini bildirdi.

“Har qanday qarorni qabul qilar ekansiz, siz tanlaydigan yo’l kelgusida AQShning Afg’onistonga ko’rsatajak yordami ko’lami va mohiyatiga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir qiladi”, - dedi Pompeo.

Afg’oniston hukumati delegatsiyasi rahbari Abdulla Abdulla o’z jamoasi bilan Doxaga “ezgu niyat va ezgu umid” bilan tashrif buyurganini aytdi. Hukumat 40 yildan ziyod davom etayotgan qonli to’qnashuvlarni to’xtatish umidida ekaniga urg’u berdi.

Abdulla Abdulla (chapda) Tinchlik muzokaralarida. Doxa, Qatar, 12-sentabr, 2020.
Abdulla Abdulla (chapda) Tinchlik muzokaralarida. Doxa, Qatar, 12-sentabr, 2020.

“Biz muzokaralar muvaffaqiyatli yakun topishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyormiz. Afg’onistonda mustaqil, suveren, yagona, rivojlangan va erkin davlat qurishni istaymiz. Mamlakatda Islom an’analariga asoslangan, hech kim kamsitilmaydigan jamiyat qurish tarafdorimiz”, - dedi Abdulla Abdulla.

Tolibon delegatsiyasi rahbari Abdul G’ani Birodar ham o’z guruhining muzokaralarga samimiy yondashayotganini bildirdi. Tomonlardan masalalarni hal etishda sabr-toqatli bo’lishni so’radi. Tolibon ham Afg’onistonning “mustaqil, suveren, yagona, rivojlangan va erkin davlat” bo’lishini istashini ma’lum qildi.

Tinchlik muzokaralarida Tolibon delegatsiyasi rahbari Mulla Abdul G'ani Birodar. Doxa, Qatar, 12-sentabr, 2020.
Tinchlik muzokaralarida Tolibon delegatsiyasi rahbari Mulla Abdul G'ani Birodar. Doxa, Qatar, 12-sentabr, 2020.

Anjuman doirasida Pompeo Abdulla bilan alohida, Birodar bilan ham alohida muzokaralar o’tkazdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG