Breaking News

Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zolik imkoniyati yanada mavhumlashdi


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an

Yevropa Ittifoqining ijroiya organi 6-oktabr kuni Turkiyaning ittifoqqa qo’shilish imkoniyatini yanada uzoqlashtiradigan hisobot e’lon qildi. Unga ko’ra, Anqara demokratiyani qo'llab-quvvatlash va korrupsiyaga qarshi kurashda yetarli darajada muvaffaqiyatlarga erishmagan.

Yevropa Komissiyasi mamlakatga oid yillik hisobotida Prezident Rajab Toyyib Erdog'anning qo'lida haddan tashqari keng siyosiy hokimiyat yig’ilib qolganini, bu esa iqtisodiyotning yomonlashishi va sudlar mustaqilligi pasayishiga olib kelganini qayd etadi. Hisobotda, shuningdek, Turkiya hukumati fuqarolik jamiyati, yordam guruhlari va ommaviy axborot vositalariga bosim o'tkazishda davom etayotgani xavotir bilan tilga olinadi.

"Turkiya Yevropa Ittifoqi uchun muhim sherik bo'lib qoladi. Biroq Turkiya demokratiya, qonun ustuvorligi, asosiy huquqlar va sud hokimiyatining mustaqilligi sohasida jiddiy orqaga qaytish bilan Yevropa Ittifoqidan uzoqlashishda davom etmoqda", - deyiladi komissiya xulosasida.

“AP”ga ko'ra, 2005-yilda Yevropa Ittifoqiga a'zolik bo'yicha muzokaralarni boshlagan Turkiya komissiyaning so’nggi xulosalarini bir yoqlama deya rad etgan.

Yevropa Ittifoqining muhim ijtimoiy-iqtisodiy sherigi sifatida o'z mavqeiga ega bo'lishiga qaramay, Turkiyaning ittifoqqa a'zo bo'lish istagi oson kechmayapti.

Turkiya so’nggi yillarda Gretsiya va Bolgariya bilan chegaralarini yopish orqali Yaqin Sharqdan oqib kelayotgan migrantlarning blokka kirishiga yo'l qo'ymadi.

Buning evaziga Yevropa Ittifoqi Anqaraga 7 milliard dollar atrofida yordam puli ajratgan.

Turkiyaning Kiprga qarshi bahsli da'volari va 2016-yilda amalga oshirilgan muvaffaqiyatsiz harbiy to'ntarishdan keyin Erdo'g'anning tanqidchilariga qarshi tazyiqlarni kuchaytirgani Yevropa Ittifoqining 28-a'zosi bo'lish yo’lida erishilgan yutuqlarning aksariyatini barbod qildi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligining ta'kidlashicha, hisobot "Yevropa Ittifoqining bir yoqlama, konstruktiv bo'lmagan va ikki standartli yondashuvini" aks ettiradi. Hisobotda ittifoqning o'z "majburiyatlari va va’dalari" haqida so'z yuritilmagan va Turkiya "asossiz dalillar" bilan tanqid qilingan, deyiladi unda.

"Bizning samimiy istagimiz shuki, Yevropa Ittifoqi nomzod mamlakat Turkiyaga ma'lum doiralarning xudbin va tor qarashlari bilan emas, balki qit'amizning umumiy manfaat va maqsadlari orqali qarashi kerak", - deyiladi vazirlik bayonotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG