Breaking News

Armanistonning Tog'li Qorabog'dan chiqib ketishiga qo'shimcha muddat berildi


Tog'li Qorabog'dagi arman askarlari, 2020-yil, 15-noyabr

Ozarbayjon Tog'li Qorabog’ mintqasida olti haftalik urushni tugatgan tinchlik bitimi doirasida Armaniston kuchlari chiqib ketishi lozim bo’lgan hududlardan biriga qo’shimcha muddat berdi.

"Ozarbayjon Armaniston qurolli kuchlari va noqonuniy arman ko'chmanchilarining Kalbajardan chiqib ketish muddatini 25-noyabrgacha uzaytirishga rozi bo'ldi", - dedi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning yordamchisi Hikmat Hojiyev yakshanba kuni Bokuda bo'lib o'tgan matbuot anjumanida.

Uning so'zlariga ko'ra, Aliyev "insonparvarlik nuqtai nazaridan" Rossiya Prezidenti Vladimir Putin vositachiligida armanistonliklarning chiqib ketish muddatini kechiktirish so'rovini qondirgan.

Armaniston, tinchlik bitimiga ko’ra, Kalbajar tumanidan 15-noyabrda chiqib ketishi kerak edi.

Hojiyevning aytishicha, Armanistonning 20-noyabrda Agdam viloyatidan va 1-dekabrgacha Lochin tumanidan chiqib ketishi bo’yicha qo’yilgan muddatlar o’zgartirilmagan.

O'nlab yillar davomida etnik armanlar nazorati ostida bo'lgan Kalbajar tumani aholisi 10-noyabr kuni tinchlik shartnomasi imzolanganidan beri o'z uylarini tark etmoqda.

Ba'zilar ketishidan oldin uylarini yoqib yuborgan.

Kalbajarda Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin 1990-yillarda boshlangan urushda ko’plab ozariylar ham uylarini tashlab ketgan edi.

Kremlning ta'kidlashicha, Putin 14-noyabr kuni Aliyevdan Tog'li Qorabog'dagi xristian ziyoratgohlarini himoya qilishni so’ragan.

Aliyev nasroniylarning muqaddas joylarini himoya qilishga va'da berdi, deyiladi uning matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.

Rossiya vositachiligida erishilgan tinchlik bitimiga ko’ra, Armaniston keyingi ikki yarim hafta ichida Kalbajar va yana ikki tumanni Ozarbayjonga qaytaradi. Kalbajar singari, bu tumanlar ham 1994-yilda tugagan urush ortidan arman ayirmachilari nazoratida saqlanib kelayotgan edi.

Ikki oyga yaqin davom etgan so’nggi mojaroda 5000 nafargacha askar va tinch aholi vakillari halok bo’lgan.

10-noyabr kuni e'lon qilingan bitim ko'plab armanlar tomonidan rad etildi, chunki u jang paytida qo'lga kirtilgan hududlarning Ozarbayjon ixtiyorida qolishiga imkon beradi.

Ushbu kelishuv doirasi Rossiyaning 2000 nafar tinchlikparvar kuchlari sulh ijrosini nazorat qilish uchun mintaqaga joylashtiriladi. Sulh e'lon qilingandan beri bir necha yuz askar allaqachon hududga yetib kelgan.

14-noyabr kuni Rossiya qo'shinlari kelganidan keyin tomonlar bir-biri bilan halok bo’lgan askarlar jasadlarini almashdi.

Tog'li Qorabog’ xalqaro hamjamiyat tomonidan Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olinadi, ammo 1990-yillarda olib borilgan urushda Armaniston himoyasidagi kuchlar mintaqaning katta qismini egallab olgan edi.

Armaniston Sog'liqni saqlash vazirligi 14-noyabr kuni ma'lum qilishicha, sentabr oyi oxirida boshlangan janglarda kamida 2300 arman va tog’li qorabog'lik jangchi halok bo'lgan. Vazirlik vakili Alina Nikogosyanning aytishicha, bu raqam Ozarbayjon nazorati ostidagi hududda qolgan jasadlarni o'z ichiga olmaydi. Ularning umumiy soni hali ma'lum emas, deydi u.

Ozarbayjon rasmiylari qurbonlarning aniq miqdori haqidagi ma'lumotlarini e'lon qilgani yo’q.

Tinchlik kelishuvining e'lon qilinishi Ozarbayjonda tantanalarga, Armanistonda esa siyosiy inqirozga sabab bo'ldi. Yerevanda g'azablangan namoyishchilar hukumat binolari va parlamentga bostirib kirdi.

11-noyabr kuni 10 taniqli muxolifat arbobi hibsga olingan va "noqonuniy zo'ravon ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish"da ayblangan. Hibsga olishlar oppozitsiya tomonidan noqonuniy deya qoralandi. Ikki kundan keyin muxolifat vakillari ozod qilindi.

Armanistonning muxolifatdagi “Vatan” partiyasi rahbari Artur Vanetsiyan 14-noyabr kuni hibsga olingan va hukumatni ag'darishni rejalashtirishda va Bosh vazir Nikol Pashinyanga qarshi suiqasd rejalashda ayblangan.

Ilgari Armaniston Milliy Xavfsizlik Xizmatini (MXX) boshqargan Vanetsiyan 14-noyabr kuni xizmatning Tergov bo'limiga kelganidan keyin hibsga olingan, deydi uning advokati.

"Vanetsiyan hokimiyatni egallab olish va Bosh vazir Nikol Pashinyanni o'ldirishga tayyorgarlik ko'rishda gumon qilinib hibsga olingan", deb yozdi uning advokati Lusin Saxakyan “Facebook”da.

Bundan tashqari, Saxakyanning yozishicha, Vanetsiyan ota-onasining kvartirasida va “Vatan” partiyasiga tegishli idorada "noqonuniy tintuvlar" o'tkazilgan.

Saxakyan ham, Vanetsianning “Vatan” partiyasi ham ayblovlarni siyosiy motivlarga asoslanganini aytadi.

Xavfsizlik xizmati Vanetsiyanning hibsga olinganligini tasdiqlamagan, ammo 14-noyabrdagi bayonotida Pashinyanga qarshi suiqasd harakatining oldi olinganligini aytgan.

“Vatan” partiyasi norozilik namoyishlarini boshlagan va Pashinyan iste'fosini talab qilgan 17 arman muxolifat guruhlaridan biridir. Muxolifat Pashiniyanni Ozarbayjonga taslim bo’lganlikda va xoinlikda ayblamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG