Breaking News

Faollar Xitoyni JSST ishiga ta'sir o'tkazayotganlikda aybladi


Tayvan Sog'liqni saqlash vaziri Chen Shi-Chun, 2020-yil, 6-may

O'tgan hafta Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti o’zining yillik assambleya sammitini o'tkazdi. Unda yangi siyosat va ustuvor yo'nalishlar belgilab olindi, ammo Tayvan bilan bog'liq tortishuv, Pekin siyosatining JSST faoliyatiga o’tkazayotgan ta’siri yuzasidan yangi munozaralar yuzaga chiqdi.

Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotining rasmiy “Facebook” sahifasida bo'lib o'tgan sammit davomida JSST moderatorlari Tayvan bilan bog'liq yoki “koronavirus Xitoydan kelib chiqqan” degan so'zlarni o'z ichiga olgan izohlarga qarshi senzura qo’lladi. Tayvanning bir nechta ommaviy axborot vositasi xabariga ko’ra, "Tayvan" yoki "Tayvan yordam berishi mumkin" degan har qanday izoh o’chirilgan.

Bunga javoban JSST chiqargan bayonotga ko’ra, xakerlar "Tayvan" va "Xitoy" so'zlarini ishlatib tashkilot tarmoqlariga xuruj uyushtirgani bois shunday so’zlarni filtlash tizimi yo’lga qo’yilgan. Keyinroq Tayvan hukumati shikoyatidan so'ng bu tizim olib tashlangan.

Senzura faqat Tayvan bilan bog’liq emasligi aniqlangan. Internet foydalanuvchilariga ko’ra, "Vinni Pux", "Uxan virusi" va "Xitoy virusi" kabi iboralar ham bloklangan. Xitoy rahbari Si Szinpinni ba’zilar “Vinni Pux” obraziga o’xshatib masxara qilishi bois Xitoyda bu so’z ham nomaqbul iboralar ro’yxatiga qo’shilgan.

AQSh Kongressning bir nechta vakili JSST harakatlaridan xavotir bildirdi.

Respublikachi qonunchi Maykl Makkol, 2020-yil, 23-aprel
Respublikachi qonunchi Maykl Makkol, 2020-yil, 23-aprel

Vakillar Palatasi Tashqi aloqalar qo'mitasining yuqori darajadagi a’zolaridan biri, respublikachi qonunchi Maykl Makkol Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotining yondashuvidan xavotirda ekanligini aytdi.

"Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti Xitoy Kommunistik partiyasini tinchlantirish uchun Tayvanning “COVID-19”ga qarshi namunali javob choralari bilan bog'liq onlayn senzurani amalga oshirganidan tashvishdaman, - dedi u. - Tayvanning JSSTdagi ishtiroki global sog'liq uchun juda muhimdir."

Bu yil ham Tayvanga har yili o'tkaziladigan Butunjahon sog'liqni saqlash assambleyasida qatnashish taqiqlandi. Makkolning ta'kidlashicha, JSST Tayvanni kelgusi uchrashuvlarda ishtirok etishga taklif qilishi kerak.

“Facebook” Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining jonli efirini boshqarishda bevosita ishtirok etmaganini ma'lum qildi. “Deutsche Welle”ga ko’ra, moderatorlar ma'lum kalit so'zlarni bloklash yoki xabarlarni o'chirishda “Facebook” taqdim etgan funksiyalardan foydalangan. Bu funksiyalar sahifa menejerlari tomonidan nazorat qilinadi.

Ayni paytda, ko'pchilik e’tirorizga ko’ra, pandemiyaga qarshi kurashda eng muvaffaqiyatli bo'lgan mamlakatlardan birining sammitga qo’yilmagani Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti shu borada olib borayotgan ishlarning samarasini savol ostiga qo’yadi.

"Nima uchun Xitoy JSST yig'ilishida Tayvanning ovozini o’chirishga urinadi? Ehtimol, Tayvan “COVID-19”ni muvaffaqiyatli yenga olgani uchundir", - dedi respublikachi senator Marsha Blekbern.

O'tgan juma holatiga ko'ra, 23 million aholiga ega Tayvanda koronavirusga chalinganlar soni jami 597 tani tashkil etgan; ularning aksariyati chet eldan.

Tayvanning AQShdagi vakili Xiao Bi-ximning aytishicha, agar JSST “Facebook”dagi sahifasida Tayvan bilan bog'liq xabarlarni bloklagani rost bo'lsa, "bu Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti va “Facebook” Kovidga qarshi muvaffaqiyatli kurashni bloklashda Xitoyning iflos ishlariga ko’maklashayotganini ko’rsatadi".

Bu yilgi Butunjahon sog'liqni saqlash assambleyasi 9-noyabrdan boshlab olti kunlik videokonferensiya shaklida o'tdi. Tayvan Xitoyning e’tirozi tufayli 2017-yildan beri unda ishtirok eta olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG