Breaking News

Bayden immigratsiya bo'yicha nimalarni o'zgartiradi?


Muhojirlar huquqlari himoyasi uchun o'tkazilgan namoyish, Nyu-York, 2020-yil, 9-noyabr

AQSh prezidenti etib saylangan Jo Bayden Oq uyda o’z faoliyatini boshlashi bilan Prezident Donald Trampning ko'plab immigratsiya qarorlarini o'zgartirishi kutilmoqda. Ularning ba’zilarini bekor qilish vaqt talab qilsa-da, Bayden vaqtinchalik ishchilar uchun cheklovlarni yumshatish, xalqaro talabalarga to’siqlarni kamaytirish, chegara devorlarini qurishni to'xtatish hamda xususiy immigratsiya markazlarini tugatish ahdida qat’iy.

Bayden, shuningdek, AQShga bolaligida noqonuniy kelib qolgan hujjatsiz muhojirlarni deportatsiyadan himoya qiladigan “DACA” dasturini qayta ishga tushirishi kutilmoqda. U 13 mamlakat fuqarolariga AQShga kirishni cheklovchi qarorni bekor qilishni hamda yangi siyosat ishlab chiqilguncha deportatsiyalarni 100 kunga muzlatishni ham rejalamoqda.

Vaqtinchalik ishchilar va chet ellik talabalar

Jo Bayden, avvalo, vaqtinchalik ishchilarga beriladigan “H-1B” va talabalarning “F-1” vizalariga so’nggi to'rt yil ichida qo’yilgan cheklovlarni bekor qilmoqchi.

Ammo Migratsiya siyosati instituti siyosatshunosi Sara Pirsga ko’ra, pandemiya tufayli iqtisodiyot katta yo’qotishlarga uchrayotgan bir paytda immigratsiya masalalari Bayden qiladigan ishlar ro'yxatida birinchi o'rinda turmasligi mumkin.

"Qiladigan ishlar ko’p bo’lgani bois ko'plab immigratsion masalalarni hal qilish sekin siljishi mumkin. Ammo men ulardan “H-1B”ga do'stona munosabatda bo'lishlarini va hech bo'lmaganda Tramp tomonidan qo'yilgan cheklovlarni bekor qilishlarini kutaman”, - deydi Pirs.

Amerikalik ishchilarni himoya qilish zarurligini ta’kidlab, Tramp ma'muriyati qonuniy immigratsiyani va vaqtinchalik ish vizalari berishni cheklash to'g'risidagi farmon chiqargan edi. Noyabr oyida Tramp “H-1B” vizasi orqali chet ellik ishchini jalb qilish mumkin bo’lgan "ixtisoslashgan kasb" ta'rifini yanada toraytirishni talab qilib, keladigan xorijliklar sonini cheklaydigan yana bir buyruq chiqardi. Shu bilan birga, Mehnat vazirligi AQSh kompaniyalari chet ellik ishchilarga beradigan eng kam maosh miqdorini 30 foizga oshirish haqida yangi qoida chiqardi.

“F-1” vizalari uchun cheklovlarni bekor qilish Baydenning saylovoldi veb-saytida alohida ko'rsatilmagan. Ammo AQShda tahsil olayotgan xorijliklar Bayden ma'muriyati davrida to’siqlar kamayishiga umid qilmoqda.

Tramp davrida talabalar vizalari soni va davomiyligi cheklangan bo'lib, ba'zi chet ellik talabalar o'qishlarini to'xtovsiz davom ettirishi mumkin yoki yo’qligi savol ostida qolgan edi.

Chegara devori

2017-yil ish boshlaganidan besh kun o'tgach, Tramp AQSh-Meksika chegarasi bo'ylab yangi devor qurish to'g'risida qaror chiqardi. Oktabr oyiga qadar ma'muriyat 640 km.dan ortiq yangi va yangilangan to'siqlarni qurib bitkazdi.

Bayden Mudofaa vazirligiga qarashli mablag'larni janubiy chegara bo'ylab devor qurish uchun yo'naltirgan "Favqulodda holat" maqomini tugatishi kutilmoqda.

Bayden devor qurilishini to'xtatishga va'da bergan bo'lsa-da, qurilish bo’yicha allaqachon imzolangan shartnomalar yakunlanguncha, ba’zi ishlar davom etishi mumkin. Tugallangan devor qismlari buzilmaydi.

Qamoqqa olish markazlari va immigratsiya sudlari

Baydenga ko’ra, sud qarorini kutayotgan muhojirlarni hibsga olish odatiy hol emas, balki so'nggi chora bo'lishi kerak.

"Biz foyda uchun ishlaydigan hibsxonalarni tugatamiz va muhojirlar hibsga olinadigan har qanday muassasaning yuqori darajadagi g'amxo'rlik sharoitida bo'lishini, u yerda oilalar xavfsizligi va qadr-qimmatini kafolatlaymiz. Bolalarni hibsga olish iloji boricha eng qisqa muddat uchun bo’lishini ta’minlaymiz. Ular ta'lim olishlari va tegishli parvarishga ega bo’lishlari kerak", - deyiladi immigratsiya bo’yicha Bayden e’lon qilgan hujjatda.

Pirsning aytishicha, Tramp ma'muriyati immigratsiya bo'yicha sud ishlarini tezlashtirish va chiqarilgan deportatsiya to'g'risidagi buyruqlar sonini ko'paytirishga ustuvor ahamiyat bergan.

"Ammo [sobiq Adliya vaziri Jef] Seshns tomonidan chiqarilgan ba'zi qarorlar aslida immigratsiya sudyalarining hayotini qiyinlashtirdi, - deya qo'shimcha qiladi u. - Bu ularni ba'zi erkinliklardan mosuvo qilib, ish jadvallarini boshqarish imkoniyatini pasaytirdi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG