Breaking News

Tojikiston dissidentlarga bosimni kuchaytirmoqda


Tojikiston rahbari Emomali Rahmon

Niderlandiyada yashaydigan tojikistonlik siyosiy faol Sharofiddin Gadoyev 2019-yilda Moskvaga qilgan safari chog’ida hibsga olingan. Majburan Tojikistonga deport qilingan. Huquqni himoya qilish tashkilotlari va Yevropa mamlakatlari bosimi bilan 35 yoshli Gadoyev Dushanbedagi qamoqdan ozod etilgan va Yevropaga qaytishga ruxsat etilgan edi.

Biroq u jazodan to’liq qutulgan emas. Garchi Niderlandiyadan boshpana olib, erkin yashayotgan bo’lsa-da, Tojikiston huquq-tartibot organlari uning qarindoshlariga kuch ishlatmoqda. Yaqinlariga bosim o’tkazib, harakatlanishini cheklab qo’ygan.

“2014-yilda otamni qattiq do’pposlashdi. Birovning yordamisiz yura olmaydigan bo’lib qoldi. Salomatligi yomonlashib, 2016-yilda vafot etdi”, - deya hikoya qiladi Gadoyev “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Uning bildirishicha, ayni damda Tojikistonda yashayotgan onasi va opasi hukumat bosimi ostida qolmoqda.

Gadoyev bunday vaziyatga tushgan yagona shaxs emas. “Human Rights Watch” tashkiloti 4-dekabr kuni Tojikiston hukumatini dissidentlarga qarshi kampaniya yuritayotganlikda aybladi. Tashkilot dissidentlarning vatanda qolgan qarindoshlari qiynoqqa solinayotgani, o’ldirilayotgani yoki ta’qib qilinayotganini ma’lum qilgan.

Gadoyev ayni damda xorijda “Tojikistonda islohotlar va taraqqiyot” harakatini boshqaradi. Avval Dushanbe shahrida transport kompaniyasiga ega tadbirkor edi. Hukumatni oshkor tanqid qilgani uchun siquvga olingan. 2012-yilda mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’lgan.

O’tgan yili qamoqqa olinganida, Tojikiston hukumati Gadoyevdan mamlakatga “o’z ixtiyori” bilan qaytib kelishni talab qilgan. Biroq Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligi Gadoyevni sobiq biznesiga aloqador jinoyat ishida ayblanganini e’lon qilgan edi.

“Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning ashaddiy tanqidchisi bo’lgan jiyanim Umarali Quvvatov 2015-yilda Istanbulda otib o’ldirildi”, - deya hikoya qiladi Gadoyev.

Uning aytishicha, Quvvatov “24-guruh” deb nomlangan muxolifat harakati rahbari bo’lgan. Tojikiston hukumati harakatni ekstremizmda ayblab, 2014-yilning oktabrida taqiq o’rnatgan edi.

Gadoyev Tojikiston so’roviga ko’ra 2014-yilda Ispaniyada, 2018-yilda Polshada ham Interpol tarafidan qo’lga olingan. Dushanbe uning ovozini o’chirish maqsadida bosim kampaniyasini yanada kengaytirdi.

“O’tgan oyda kuyovim Sadi Rahmatovni Tojikiston so’rovi bilan Interpol Gretsiyada qo’lga oldi. Uni qo’yib yuborishdi. Xalqaro himoyaga olindi”, - deydi Gadoyev.

“Amerika Ovozi” Gadoyev va boshqa muxolif faollarga qarshi ayblovlar yuzasidan Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi va Vashington shahridagi Tojikiston elchixonasiga murojaat qildi. Biroq hech qanday javob bo’lmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG