Breaking News

JST: Vaksinani faqat boy davlatlar olishi noto'g'ri


Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adamon
Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adamon

Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti rahbarining aytishicha, qashshoq mamlakatlarning keksa odamlaridan oldin boy davlatlarning yosh va sog’lom aholisini koronavirusga qarshi emlash to’g’ri emas.

Xalqaro tashkilot yetakchisi Tedros Adamonga ko’ra, qashshoq bir mamlakatga bor-yo’g’i 25 ta vaksina dozasi berilgan; 50 ga yaqin boy davlatda esa 39 milliondan ortiq aholi allaqachon emlab bo’lingan.

“Daromadi eng kam bir davlatga 25 dona vaksina dozasi berilgan. 25 million yoki 25 mingta emas, bor-yo’g’i 25 ta”, - dedi Tedros mamlakatning nomini tilga olmay.

Shunga qaramay, Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti rahbari bir yildan oz muddat ichida koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqishga muvaffaq bo’linganini olqishladi.

“Vaksina bu barchamiz shak-shubhasiz qo’limizga ukol orqali olishimiz kerak bo’lgan emdori. Lekin oldinda bizni boshqa bir tahdid kutmoqda. Vaksina bizga umid bersa ham, u boylar va kambag’allar o’rtasidagi tengsizlik devori ustiga qo’yilgan yana bir g’ishtga aylanmoqda”, - dedi Tedros.

U vaksina ishlab chiqaruvchilar va davlatlar o’rtasida tuzilayotgan ikki tomonlama kelishuvlarni qoraladi. Tedrosning aytishicha, bunday o’zboshimchalik Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tashabbusi bilan barcha mamlakatlarga, boy yoki kambag’alligidan qat’i nazar, ehtiyojga qarab vaksina tarqatishni ko’zda tutuvchi tartibni izdan chiqaradi.

“Ko’plab ishlab chiqaruvchilar vaksina haqidagi ma’lumotlarni Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga to’liq berish o’rniga foydani ko’paytiradigan boy davlatlardan individual ruxsat olishga ko’proq e’tibor qaratmoqda”, - dedi u.

Natijada vaksinani keng miqyosda qo’llashga ruxsat berish uchun Jahon Sog’liqni saqlash tashkilotida yetarli ma’lumot yo’q.

“Bunday harakatlar pandemiyani, azob-uqubatlarimizni, oqibatlarni kamaytirish yo’lidagi cheklovlarni hamda insoniy va iqtisodiy yo’qotishlarimizni ko’paytiradi, xolos”, - dedi Tedros.

Uning qo’shimcha qilishicha, vaksinani butun dunyoga teng taqsimlash nafaqat axloqiy, balki strategik va iqtisodiy jihatdan ham o’ta muhim vazifadir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG