Breaking News

Bayden davrida Vashington-Seul aloqalari qanday bo'ladi?


Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje-In

Jo Bayden AQSh prezidenti sifatida qasamyod keltirishi ortidan yengil tin olgan dunyo yetakchilaridan biri bu Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje-In bo’ldi.

“Amerika yana qaytdi”, - dedi Mun Bayden inauguratsiyasi munosabati bilan e’lon qilgan tabrik maktubida. Maktubda sobiq prezident Donald Tramp nomi tilga olinmagan, ammo bu bilan u nimani nazarda tutgani ma’lum edi.

Tramp davrida AQSh-Janubiy Koreya aloqalari ochiq ziddiyatlar bilan kechdi. Tramp Janubiy Koreyadagi uch mingga yaqin amerikalik askar xarajatlari uchun ko’proq pul ajratishni talab qilib, Seulga turli yo’llar bilan tahdid va tanqidlar yo’lladi.

Bayden davrida bunday tahdidlar g’oyib bo’lishi kutilyapti. U yaqinda Seuldan pul talab qilish amaliyotiga chek qo’yilishi haqida gapirdi. Ammo Shimoliy Koreya masalasida ikki davlat o’rtasida yangi ziddiyatlar paydo bo’lishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.

Sobiq huquq himoyachisi va so’l qanotga moyil Mun shimoldagi qo’shni davlat bilan aloqalarni yaxshilash istagida. Uning ota-onasi urush davrida janubga Shimoliy Koreyadan qochib kelgan.

Besh yillik muddati nihoyasiga yetib borar ekan, Prezident Mun ixtiyorida ikki Koreya o’rtasida tinchlik o’rnatish uchun vaqt juda kam. U muloqotni qayta tiklash uchun yana bir bor urinib ko’rishga so’z bergan, ammo Bayden qo’llab-quvvatlovisiz buni amalga oshirish qiyin.

Farqli yondashuvlar

Shimoliy Koreya muammosiga qanday yondashish bo’yicha Bayden va Mun qarashlarida farqlar bor.

Prezident Obama ma’muriyati davrida vitse-prezident Bayden Pxenyanga qarshi “strategik bosiqlik” siyosatini qo’llagan. Iqtisodiy va harbiy bosim o’tkazish orqali Shimoliy Koreyani muzokaralar stoliga o’tirishga majburlash maqsad qilingan.

Saylov kampaniyasi paytida Bayden bir necha bor Shimoliy Koreya yetakchisini “kallakesar”, “zolim” va “diktator” deb atadi. Shimoliy Koreyani yadro qurolidan holi qilish harakatida samara bo’lmasa, u Kim bilan uchrashmasligini aytgan.

Shimoliy Koreyada o'tkazilgan harbiy parad, 2021-yil, 14-yanvar
Shimoliy Koreyada o'tkazilgan harbiy parad, 2021-yil, 14-yanvar

Bayden ma’muriyatining Shimoliy Koreyaga nisbatan siyosati qanday bo’lishi hali e’lon qilinmagan bo’lsa-da, davlat kotibi bo’lishi kutilayotgan Antoni Blinken Pxenyanni muzokaralarga qaytarish uchun diplmatiya va bosim o’tkazish choralari davom etishini bildirdi.

Seuldagi xavotirlar

Agar AQSh Pxenyanga qarshi keskinroq siyosat qo’llasa, bu Munning tinchlik o’rnatish bo’yicha rejalariga putur yetkazishi mumkin.

O’tgan hafta o’tkazilgan matbuot anjumanida Mun Bayden ma’muriyati muloqotni 2018-yil Singapurda Shimoliy Koreya bilan erishilgan kelishuv asosida boshlashiga umid qilishini bildirdi. O’shanda Tramp va Kim Koreya yarimorolini yadrodan xoli hududga aylantirish bo’yicha ish boshlashga kelishib olgan edi.

“Bayden davrining boshlanishi biz uzoq kutgan tinch dunyoni qayta olib kelishiga kafolat yo’q”, - dedi Mun.

Muloqot davom etadi

Shunga qaramay, Seul qo’shnisi bilan aloqalarni yaxshilash harakatini to’xtatmoqchi emas.

So’nggi haftalarda Janubiy Koreya rasmiylari martga rejalangan AQSh-Janubiy Koreya qo’shma harbiy mashg’ulotlari bekor qilinishi mumkinligiga ishora qildi.

Shu yil Tokioda bo’ladigan yozgi olimpiada munosabati bilan Seul va Pxenyan o’zaro muloqotni yana tiklashi kutilyapti.

Shimoliy va Janubiy Koreya chegarasida Janubiy Koreya rasmiylari AQSh harbiylari bilan, 2020-yil, 16-sentabr
Shimoliy va Janubiy Koreya chegarasida Janubiy Koreya rasmiylari AQSh harbiylari bilan, 2020-yil, 16-sentabr

Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, Bayden e’tiroziga qaramay, Mun Shimoliy Koreya bilan bevosita aloqa o’rnatishga urinishi mumkin.

Bunday yondashuv ish beradimi?

Hozirgi rejalar 2018-yilgi urinishlarni eslatadi. O’shanda Seul va Pxenyan qishki olimpiada munosabati bilan o’zaro muloqotni yo’lga qo’ygan edi. Bu muloqot keyinroq Tramp va Kim uchrashuviga yo’l ochdi.

Bunday harakat yana o’z samarasini beradimi, degan savolning javobi aniq emas. Koronavirus tufayli Tokio olimpiadasi yana qoldirilishi mumkin. Sport o’yinlari o’tkazilgan taqdirda ham, mezbon Yaponiya muloqotda qatnashishdan bosh tortishi mumkin.

Shimoliy Koreyaning javobi qanday bo’ladi?

Har qanday holatda ham Shimoliy Koreya muloqotni qayta boshlashga rozi bo’lmasligi ehtimoli bor. Vashington sanksiyalarni yumshatmagani uchun so’nggi paytlarda Pxenyan AQSh va Janubiy Koreya tashkil qilgan ko’plab uchrashuvlarni boykot qilmoqda.

Shu oy o’tkazilgan yirik siyosiy anjumanda Shimoliy Koreya janubdagi qo’shni bilan aloqalarni yaxshilash yo’llarini qidirayotganini, ammo Seul, avvalo, AQSh bilan harbiy mashg’ulotlarni hamda yangi harbiy qurollar sotib olishni to’xtatishi lozimligini ta’kidladi.

Ayni paytda Pxenyan yangi harbiy salohiyatini ko’z-ko’z qilmoqda. Qit’alararo ballistik raketa, suvosti kemasidan otiladigan yana bir yangi ballistik raketa shular jumlasidan.

Ba’zi tahlilchilar fikricha, Shimoliy Koreya tez orada yangi qurollar sinovini, hatto yadro quroli testini o’tkazishi mumkin. Pxenyan AQShda yangi ma’muriyat ish boshlashi oldidan o’z harbiy qudratini namoyish qilishga odatlangan.

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Un (o'ngda) harbiy mashg'ulotni kuzatmoqda, 2020-yil, 9-mart.
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Un (o'ngda) harbiy mashg'ulotni kuzatmoqda, 2020-yil, 9-mart.

Vashington va Seul yakdil bo’lishi muhim

Xavotirlardan yana biri shuki, agar Pxenyan kattaroq harbiy sinov o’tkazsa, Mun va Bayden o’rtasidagi kelishmovchilik chuqurlashishi mumkin.

“Seul va Vashington yakdil qarashda bo’ladi, degan umiddaman. Chunki vaziyat oson emas. Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaga bosim o’tkazishda davom etadi. Mun prezidentligi tugashiga esa bir yil vaqt qoldi”, - deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi eksperti Syu Mi Terri.

Bayden va Mun umumiy til topisha oladi, deb umid qilmoqda tahlilchilar.

“Bayden ma’muriyati Shimoliy Koreyani e’tibordan chetda qoldira olmaydi, - deydi Mun mansub Demokratik partiya a’zosi va qonunchi Yon Kun-Yan. – Shimoliy Koreyaning yadro muammosini faqat sanksiyalar bilan hal qilish imkonsiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG