Breaking News

Olimpiada Tokioga qimmatga tushmoqda


Tokioda yangi Milliy stadion qarshisida. 4-mart, 2020.

Tokio 2020-yilda o’tishi kerak bo’lgan yozgi olimpiada o’yinlariga mezbonlik huquqini qo’lga kiritganida tashkilotchilarning boshi ko’kka yetgan edi. Yaponiya Fukusimada yuz bergan yadroviy fojia tufayli yuzaga kelgan uzoq muddatli iqtisodiy turg’unlik davridan chiqib olgan edi. Yirik xalqaro tadbir buni dunyoga namoyish qilish uchun qulay fursat bo’lishi kutilgan edi.

Biroq ishlar rejadagiday ketmadi. Global pandemiya tadbirning bir yilga kechiktirilishiga sabab bo’ldi. Biroq muammo faqat pandemiya bilangina bog’liq emas.

Tokioda bosh olimpiada stadionini qurish uchun yirik qiymatga ega loyiha taklif etilgan edi. Kimlardir uni gigant kaskaga, fazo kemasiga, yana kimlardir toshbaqaga qiyos qildi. Loyihadan voz kechildi.

Olimpiada o'yinlarigacha qolgan vaqtni ko'rsatuvchi tablo qarshisida. Tokio, 3-fevral, 2021.
Olimpiada o'yinlarigacha qolgan vaqtni ko'rsatuvchi tablo qarshisida. Tokio, 3-fevral, 2021.

Olimpiada o’yinlari ramzi Belgiyadagi teatr emblemasidan o’zlashtirib olingan degan da’vo ortidan Tokio logotipni olib tashladi.

Olimpiada o’yinlarining tashkiliy qo’mitasi prezidenti joriy haftada iste’foga chiqishi mumkinligini ma’lum qildi. Ayollar majlislarda juda ko’p gapiradi, degan tanqidi ortidan yuzaga kelgan e’tirozlar prezidentning o’z vazifasidan ketishiga sabab bo’lishi mumkin.

O’yinning kechiktirilgani, tashkilotchilarning aytishicha, mamlakatga 3 milliard dollarlik xarajat yuklagan.

Ayrim hisob-kitoblarga ko’ra, Olimpiada o’yinlariga mezbonlik Yaponiyaga 35 milliard dollarga tushadi. Bu avvaldan ajratilgan 7,5 milliard dollarlik byudjetdan katta farq qiladi. Tashkilotchilar ayrim loyihalar to’gridan-to’g’ri o’yinlarga aloqador emasligini aytib, yirik raqamlar borasida e’tiroz bildirgan.

Biroq mamlakat aholisini boshqa tashvishlar ham o’ylantirmoqda. So’nggi so’rovlarga ko’ra, aksariyat yaponiyaliklar olimpiada o’yinlari koronavirus pandemiyasining keskin kuchayishiga sabab bo’ladi deb hisoblaydi. Shuning uchun ham tadbir bekor qilinishi yoki yana kechiktirilishi lozim.

Ekspert Viktor Metisonning ta’kidlashicha, olimpiada o’yinlari bilan bog’liq iqtisodiy muammolar COVID-19 pandemiyasidan avval ham mavjud edi.

Joriy vaziyat olimpiadaga mezbonlik qilish tartiblariga radikal o’zgarishlar kiritish lozimligini yuzaga chiqarmoqda. Ekspertlar nazdida, o’yinlarga mezbonlik davlatlar uchun iqtisodiy qopqon rolini o’ynamoqda. Xalqaro tadbir uchun qurilgan yirik komplekslar keyinchalik yo ekspluatatsiya qilinmayapti, yo yetarlicha foydalanilmayapti.

Tokioda Olimpiada o'yinlarini o'tkazishga qarshi namoyish. 23-iyul, 2020.
Tokioda Olimpiada o'yinlarini o'tkazishga qarshi namoyish. 23-iyul, 2020.

Britaniyaning Oksford universiteti o’tkazgan tadqiqotga ko’ra, Tokio olimpiadasi eng yirik mablag’ sarflangan yozgi o’yinlar sirasiga kirishi kutilmoqda.

Garchi mezbon mamlakatdan global pandemiya sharoitida o’yinlarni qanday o’tkazish borasida izoh talab qilinmayotgan bo’lsa-da, xarajatlarni nazorat qilishning imkoni bo’lmayapti.

Oksford tadqiqotida qayd etilishicha, 1960-yildan buyon o’tkazilgan olimpiada o’yinlarida belgilangan byudjetdan o’rtacha 172 foiz ko’p mablag’ sarflangan.

Quyida Oksford tadqiqotida sanab o’tilgan ayrim ayanchli faktlarni keltiramiz:

  • 1976-yilda Monreal byudjetdan 720 foiz ko’p xarajat qilgan. Kamomadni to’liq qoplash uchun 30 yil ketgan;
  • Afinada 2004-yilda o’tgan yozgi o’yinlarda byudjetdan ikki barobar ko’p mablag’ sarflandi. Ekspertlar keyinchalik bu Gretsiyada yuz bergan iqtisodiy inqirozga eltgan asosiy omillardan bo’lganini ta’kidladi;
  • 2016-yilda Rio-de-Janeyroda o’tgan olimpiada iqtisodiy inqiroz davrining kulminatsion davriga to’g’ri kelgan. Shahar meri tadbirni moliyalashni ta’minlash maqsadida favqulodda holat e’lon qilishga majbur bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG