Breaking News

AQSh-Eron muloqotining kelajagi mavhum


Bayden ma’muriyati va Yevropa rasmiylari yadro dasturi bo’yicha Eron bilan muzokaralarni qayta boshlash niyatida. Bu orada mintaqada vaziyat yana beqarorlashmoqda.

Fors ko’rfazida Isroil kemasiga hujum uyushtirilishi ortidan Isroil Suriyadagi Eron inshootlarini nishonga oldi.

Isroil 2015-yil Eron bilan tuzilgan yadro bitimiga keskin qarshilik ko’rsatgan, Trampning bu kelishuvdan chiqishini olqishlagan edi.

Tramp joriy qilgan sanksiyalar Eron iqtisodiyotiga zarar yetkazdi, ammo yadro dasturini to’xtata olmadi. Tehron uranni boyitish ishlarini davom ettirmoqda. Isroil da’vosiga ko’ra, boyitish darajasi ruxsat berilgan miqdordan ikki barobar ko’p.

“Isroil nuqtai nazaridan hammasi ravshan, ya’ni bu Eronga uranni boyitishni davom ettirishga ruxsat beruvchi juda yomon kelishuv. Hozir ular kelishuvdan avvalgiga qaraganda yaxshiroq uskunalarga ega. 2025-yilga borib hammasi normal qabul qilinadi. Yetti yildan keyin esa ular yadro loyihasini davom ettirishning qonuniy asoslariga ega bo’ladi”, - deydi Vashingtondagi yahudiy instituti tadqiqotchisi Yakov Amidror.

Ammo ba’zi Isroil harbiylari AQShning Eron bilan tuzilgan kelishuvga qaytishi tarafdori ekani aytgan.

“Biz Eronga ishona olmaymiz, shu bois o’rtada kelishuv bor. BMT kuzatuvchilari ham bo’ladi. Eron bitim shartlariga qanchalik rioya qilayotganini tekshirish uchun Isroil va AQSh razvedkasi salohiyatiga ishonaman”, - deydi isroillik qonunchi, sobiq harbiy Omer Bar Lev.

Ayrim harbiy tahlilchilar fikricha, Eronning yadro quroliga intilishi kengroq tashqi siyosatning bir qismi.

“Eron mintaqaviy qudratga, hatto global qudratga aylanish uchun ulkan strategiya qo’llayapti. Yadro quroliga ega bo’lish shulardan biri. Ikkinchisi – Iroq, Suriya, Livan va Yamanda terror guruhlarini qo’llab-quvvatlash orqali gegemonlik o’rnatish”, - deydi Milliy xavfsizlik tadqiqotlari instituti eksperti Amos Yadlin.

Mintaqada ziddiyat kuchayar ekan, AQSh ham Suriyada Eronga qarashli guruhlarni nishonga oldi. Bu Prezident Jo Bayden davrida qo’l urilgan ilk harbiy amaliyot.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG