Breaking News

O'zbekistonda siyosiy islohotlar bo'ladimi?


O'zbekiston xalqi adolatli saylov o'tkazishga tayyor emasmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:47 0:00

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hokimlarni saylashga xalq hali tayyor emasligi haqidagi fikrlari turli bahslarga sabab bo'ldi.

Prezident hokimlarni saylashga hali erta ekanligini mahalla miqyosidagi saylovlarda guruhbozlik, tanish-bilishchilik hukm surayotgani bilan izohladi. Mirziyoyevga ko’ra, shuning uchun ham o’zbek jamiyati hali hokimlarni saylash tajribasiga tayyor emas. Prezidentning bu izohi Toshkent viloyatiga safari, xususan, viloyatga yangi hokim tayinlanishi paytida qilingan.

Hokimlarni saylov asosida tanlash saylovda g’alaba qozonib prezidentlikka kelgan Mirziyoyevning dastlabki siyosiy va’dalaridan biri edi. Ammo birinchi prezidentlik muddati yakunlanish arafasida ekan, Shavkat Mirziyoyev mahalla raisini adolatli saylashni eplay olmayotgan o’zbek jamiyatiga hokimlarni saylash uchun izn berishni xiyonatga tenglashtirdi.

Prezidentning bu xulosalari marhum prezident Islom Karimov boshqaruvi davrida urfga kirgan qarashni - o’zbek xalqi demokratiyaga tayyor emasligi haqidagi iqtiboslarni yodga soladi.

Karimov boshqaruvining ilk bosqichi ham hokimlarni saylash, adolatli saylovlar o’tkazish, demokratik qadriyatlarni qaror toptirishga doir va’dalarga boy edi. Bu va’dalar keyinchalik o’zbek xalqining hali demokratiyaga tayyor emasligiga doir iddaolar bois siyosiy dasturdan uloqtirildi; demokratiyaga tayyor bo’lmagan xalq mutlaqo totalitar boshqaruv ostiga olindi. Nafaqat saylash, balki so’z, e’tiqod erkinligi kabi asosiy inson huquqlaridan ham mahrum qilindi.

Ammo yangi O’zbekistonning yangi prezidenti qilgan so’ngi bayonotlardan kelib chiqilsa, o’zbek xalqi hamon demokratiyaga, nafaqat prezident, hokimlar hatto mahalla raisini saylash darajasiga ham tayyor emas.

Prezident bayonotini o’zbek xalqini kamsitish sifatida baholayotgan faollar fikricha, Karimov davridagi iboralarning qayta siyosiy iste’molga kiritilayotgani turg’unlik davriga qaytishga urinishdan darak beradi. Saylovlar adolatsiz, raqobatsiz, ehtiyotsiz o’tayotgani uchun esa o’zbek xalqi emas, iqtidordagi hukumatning o’zi aybdor, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG