Breaking News

Saudiya Qoshiqchining o'limidan keyin ham zulmni to'xtatmadi


Saudiyaning Istanbuldagi konsulligida qatl etilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi
Saudiyaning Istanbuldagi konsulligida qatl etilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi

“The Washington Post” jurnalisti Jamol Qoshiqchining qatl etilishiga doir hisobot e’lon qilingan kunda AQShdagi yana bir saudiyalik nufuzli dissidentga tahdid qilindi.

“Seni ham Qoshiqchining taqdiri kutmoqda”, deyiladi Abdulloh Aloudning “Twitter”dagi sahifasiga yozilgan xabarda.

Poytaxt Vashingtonda Yaqin Sharq mintaqasi bo’yicha ekspert sifatida faoliyat yuritayotgan professor Aloud Saudiyaga doir tanqidiy maqolalari bilan tanilgan. Men deyarli har kuni qabul qilayotgan onlayn tahdidlar ortida qirollik hukumati turibdi, deydi u.

Biroq tahdidlar bir kishi bilan chegaralanmagan. 2018-yilda qirollikning Istanbuldagi konsulligida jurnalist Jamol Qoshiqchining qatl etilishi ortidan quvg’indagi ko’plab saudiyalik faollar xavotir va qo’rquv ichida yashamoqda. Ularning aksariyati o’lim tahdidi bilan ogohlantirilganini ma’lum qilgan.

Qoshiqchining o’ldirilishi bo’yicha tergov olib borgan BMT vakili Agnes Kallamard tashkilot uchrashuvlarida Saudiyaning yuqori martabali rasmiysi ikki bor tahdid bilan ogohlantirganini aytgan. Agnes bu haqda 23-mart kuni “The Guardian” nashriga ma’lum qildi.

Garchi AQShda yashayotgan bo’lsa-da, Aloud shahzoda Muhammad ibn Salmon Qoshiqchining o’limi uchun jazolanmasa, o’zini xavfdan holi deb bilmasligini aytmoqda.

AQSh razvedka xizmati fevral oyida taqdim etgan hisobotda Saudiya shahzodasi Qoshiqchini qo’lga olish yoki o’ldirish operatsiyasini ma’qullagani tasdiqlangan.

O’z navbatida, Saudiy hisobotni isbot-dalillarga asoslanmagan tuhmat deb atagan.

Vashington Saudiya shahzodasiga ayblov e’lon qilmaganini AQSh bilan diplomatik aloqalarga ega davlatlarning liderlarini qora ro’yxatga kiritmasligi bilan izohlagan. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki ma’lum qilgan.

Jo Bayden ma’muriyati fevral oyida Saudiyaning quyi pog’onalardagi 70 dan ziyod rasmiylariga iqtisodiy sanksiyalar qo’llagan. Viza cheklovlarini joriy qilgan xolos.

Psakining ta’kidlashicha, Saudiya bilan munosabatlardan AQSh manfaatdor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG