Breaking News

Ukraina chegarasida Rossiya harbiylari 100 mingdan oshdi


Qurolli to'qnashuvlarga shay turgan Ukraina askari. Donetsk, Ukraina, 19-aprel, 2021.
Qurolli to'qnashuvlarga shay turgan Ukraina askari. Donetsk, Ukraina, 19-aprel, 2021.

Pentagonning ma’lum qilishicha, Rossiya so’nggi ikki hafta mobaynida Ukraina chegaralari bo’ylab o’z qo’shinlari tarkibini muntazam oshirib borgan. Ayni damda harbiylar soni 2014-yilda Qrimni egallash uchun safarbar qilingan kuchlar sonidan sezilarli darajada ko’p.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi Rossiya kuchlarining aniq soni haqida ma’lumot bermadi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning matbuot kotibi o’tgan hafta mamlakat chegarasi yaqinida Rossiya askarlari 80 mingga yetganini ma’lum qilgan. Ularning 40 nafari Qrimda joylashganini aytgan edi.

Yevropa ittifoqi 19-aprel kuni bu ko’rsatkich 100 mingdan oshganini bildirdi.

2014-yilda Rossiya Qrimni o’z hududiga qo’shib olish maqsadida belgi-nishonlarsiz formadagi harbiylarni safarbar qilgan edi. Moskva Ukraina sharqidagi separatist kuchlarni dastaklab keladi. Yetti yildirki, ikki mamlakat o’rtasidagi nizolar tinmayapti. To’qnashuvlarda shu kunga qadar 14 mingga yaqin qurbon berildi.

Ekspertlar joriy vaziyatga oydinlik kiritishga qiynalmoqda. Rossiya Kiyevni real urushga chorlamoqdami yoki shunchaki o’z qudratini namoyish qilish bilan cheklanmoqchimi? Bu savolga konkret javob yo’q.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu joriy oy avvalida armiyaning bu hududga tashlanishi mashg’ulotlar va harbiy shaylikni oshirish operatsiyasining bir qismi ekanini bildirgan edi.

“Biz Rossiyani o’z maqsadlarini aniq tushuntirishga chaqiramiz. Biz qo’shin sonining bu qadar oshirilishi Ukraina bilan chegarada, ayniqsa, egallab olingan Qrimda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashiga ishonmaymiz”, - dedi Kirbi.

Pentagonga ko’ra, ayni damda chegarada Rossiyaning tank, artilleriya va samolyotlar bilan qurollangan o’n minglab askari shay holda turibdi.

Taranglik ortib borar ekan, Ukraina sharqida separatistlar bilan to’qnashuvlar kuchaygan. Ana shunday to’qnashuvlarda 18-aprel kuni Ukrainaning bir nafar askari halok bo’ldi, bir nafari yaralandi.

Vashington, shuningdek, Rossiyaning Qora dengizning ayrim hududlariga xorijiy kemalarning kirishini taqiqlashga doir rejasini qoralamoqda.

Moskva va Vashington qarama-qarshi sanksiyalarni joriy qilishi ortidan AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Sallivan ortga qaytishini e'lon qildi. Diplomat ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalar borasida Jo Bayden ma'muriyati bilan maslahatlashib olishi lozimligini aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG