Breaking News

Chexiya Yevropani birgalikda Rossiyaga qarshi turishga chaqirmoqda


Rossiyaning Pragadagi elchixonasi
Rossiyaning Pragadagi elchixonasi

Chexiya Respublikasi 2014-yilda qurol-yarog’ omboridagi portlashda rossiyalik josuslarni ayblarkan, Yevropa va NATOdagi ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi yagona front bo’lib chora ko'rishga chaqirmoqda.

Xalqaro hayot – 21-aprel, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:41 0:00

Praga harbiy josus deb topgan 8 nafar rossiyalik diplomat mamlakatdan haydaldi. Rossiya 20 ta chexiyalik diplomatni haydash bilan javob berdi.

“Rossiyaning yirik josuslik tarmoqlarini parchalashga muvaffaq bo’ldik. Yangisini yaratish ularga endi oson bo’lmaydi”, - deydi Chexiya muvaqqat Tashqi ishlar vaziri Yan Gamachek.

2014-yilda qurol omboridagi portlashda ikki ishchi o’lgan. Voqeadan oldin Chexiyaga soxta hujjatlar bilan kirgan ikki odam omborni ko’rishga ruxsat so’ragan. Keyinchalik ma’lum bo’lishicha, 2018-yilda Britaniyaning Solsberi shahrida sobiq rus josusi Sergey Skripalni zaharlash amaliyotida ham aynan shu odamlar qatnashgan.

Tergovlar bilan shug’ullanuvchi “Bellingcat” tashkilotiga ko’ra, ularning ismlari Anatoliy Chepiga va Aleksandr Mishkin bo’lib, har ikkisi Rossiya harbiy razvedkasining agentlaridir. Ular qo’poruvchilik bilan shug’ullanuvchi qismda ishlashi aytiladi.

“Ular Yevropaning ko’p joylarida ancha faol ekanini ko’ryapmiz. Berlinga qochgan Zelimxon Xangoshvili ismli odamning o’ldirilishida Rossiya fuqarosi ayblanmoqda. Germaniyada sud ketyapti hozir. Ukrainada “Boing” yo’lovchi samolyotining urib tushirilishi bilan bog’liq ish Gaagada ko’rilyapti. Yevropa Ittifoqining boshqa joylarida ham rossiyalik fuqarolar joniga qasd qilingan”, - deydi Londondagi “Yevropa islohoti uchun markaz” tahlilchisi Ian Bond.

Yevropa Ittifoqi Chexiyaning rossiyalik diplomatlarni haydash qarorini qo’llab-quvvatladi.

“Chexiya razvedkasi ularning rus josuslari ekanini aniqladi. Biz Chexiya Respublikasi bilan birdammiz”, - dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozef Borell.

Kreml so’zlovchisi Chexiya ayblovlarini asossiz derkan, G’arbni Rossiyaga qarshi ommaviy aksilrus psixozda aybladi.

Xorijiy davlatlarning Rossiyaga bosimi haqida Prezident Vladimir Putin parlamentga yillik murojaatida so’zlab, dunyodagi vaziyatni yozuvchi Kiplingning “Maugli” ertagiga qiyosladi.

"Rossiyaga hech bir sababsiz yopishishyapti. Ularning atrofida esa xuddi Sherxon kabi har xil mayda shoqollar aylanib yuribdi. Hammasi Kipling asarida yozilganday”, - dedi Putin.

Rossiya rahbari mamlakat xavfsizligiga tahdid solayotgan har qanday provokatsiya tashkilotchilari o’z harakatlaridan qattiq afsuslanishini aytdi.

So’nggi haftalarda Rossiyaning qo’shni Ukraina bilan aloqalarida taranglik kuchaymoqda. Rossiya chegarada minglab qo’shin va harbiy texnikani to’plagan.

G’arb rossiyalik siyosiy muxolifatchi Aleksey Navalniyning qamalganini ham tanqid qilmoqda. Shifokorlarga ko’ra, uning sog’lig’i og’ir, hozir qamoqxona kasalxonasida yotibdi.

Ian Bonding aytishicha, Prezident Putinning so’nggi bir yilda reytingi tushgan va u obro’sini oshirishga urinmoqda.

“Rossiya COVID-19 dan o’lim holatlari bo’yicha dunyoda yetakchi o’rinlarda turibdi. Iqtisodiyot turib qolgan. Xalqaro valyuta jamg’armasi o’sish hali-beri bo’lmasligini bashorat qilmoqda. Navalniyning hibsga olinishi ketidan yanvar oyida Rossiya bo’ylab o’tgan yirik namoyishlarga o’xshash chiqishlar anchadan beri kuzatilmagan edi”, - deydi tahlilchi.

Qo’shma Shtatlar Rossiyani kiberxurujlar va zararli harakatlarda ayblab, shu oy yangi sanksiyalar e’lon qildi. Chexiya Respublikasi jazo choralarini kuchaytirishga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG