Breaking News

Bayden armanlar qatliomini genotsid deb e'lon qilmoqchi


Usmonlilar imperiyasi askarlari qatl etgan armanlarning qoldiqlari. Livandagi cherkov, 23-aprel, 2015.

Prezident Jo Bayden Usmonlilar imperiyasi tomonidan armanlarning qatl etilishini “genotsid” deb e’lon qilish taraddudida. Bu haqda Oq uyga yaqin uch manba 21-aprel kuni ma’lum qildi.

Usmonlilar imperiyasi Birinchi jahon urushi davrida armanlarni ommaviy qatl etgan edi. Ana shu mudhish fojia har yili 24-aprel kuni yodga olinadi. AQSh rahbari mazkur voqeani rasman genotsid jinoyati sifatida tan olishga qaror qilgan.

Vashingtonning bunday pozitsiyasi Anqaraning e’tirozlariga sabab bo’lishi, NATO doirasidagi ikki ittifoqchi davlat munosabatlariga soya solishi muqarrar.

“Tushunishimcha, prezident bir to’xtamga kelgan va 24-aprel kuni “genotsid” so’zini qo’llaydi”, - deydi manbalardan biri.

Informatorlarga ko’ra, Turkiya bilan ikki tomonlama aloqalarning ahamiyatidan kelib chiqib, Bayden so’nggi daqiqada o’z qarorini bekor qilishi ham mumkin.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psakining ma’lum qilishicha, prezident ma’muriyati 24-aprel kuni bunga oydinlik kiritadi.

AQSh Davlat departamenti bu mavzuda batafsil ma’lumotni faqat Oq uy berishini aytgan. Milliy xavfsizlik kengashi ham biror izoh bermagan.

O’tgan yili Usmonlilar imperiyasining so’nggi davrida jon bergan 1,5 million armanlarni yod etar ekan, AQSh prezidentligiga nomzod bo’lgan Bayden ushbu fojianing genotsid deb tan olinishi tarafdori ekanini aytgan edi.

“Prezidentlikka saylansam, armanlar qatliomini genotsid deb tan olish to’g’risidagi rezolyutsiyani qo’llab-quvvatlayman va universal inson huquqlarini ustuvor tamoyil etib belgilayman”, - degan edi Bayden.

Turkiya ko’plab armanlarning Usmonlilar imperiyasi bilan to’qnashuvlarda halok bo’lganini tan oladi. Biroq o’limlar soni borasida e’tirozga ega. Armanlarning o’ldirilishi tizimli tashkil etilgan genotsid emasligini iddao qiladi.

Armanlarga qarshi genotsidni tan olish tashabbusi AQSh Kongressida bir necha o’nyilliklar mobaynida natijasiz yakun topgan. Turkiya bilan munosabatlarni inobatga olib, prezidentlar ham genotsid atamasini qo’llashdan tiyilib kelgan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an AQShning avvalgi rahbari Donald Tramp bilan qalin munosabat o’rnata olgan edi. Biroq u joriy yilning 20-yanvarida hokimiyatga kelgan Bayden bilan hanuz uchrashmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG