Breaking News

Qirg'iz-tojik chegarasida to'qnashuvlar davom etmoqda


Qirg'iziston xavfsizlik kuchlari Tojikiston chegarasiga yaqin Ko'k-Tosh qishlog'ida. 29-aprel, 2021.

Qirgʻiziston Tojikiston bilan chegaradagi vaziyatni izga solish uchun barcha zarur choralar qabul qilinayotganini bildirdi.

Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi Tojikiston chegarachilari Qirgʻizistonning besh chegara punktiga oʻt ochganini xabar qildi. Qirgʻizistonning maxsus boʻlimi esa Tojikistonning harakatlariga javoban Xoʻja-Aʼlo chegara punktini egallab olgan.

28-aprelda Qirgʻizistonning Tojikiston bilan chegaradosh hududidagi Botkenning Oq-Soy qishlogʻida joylashgan “Golovnoy” deb ataluvchi suv taqsimlash punkti hududida toʻqnashuv yuz bergan. Toʻrt nafar qirgʻizistonlik va Tojikiston tomonidan yetti kishi jarohatlanganini ikki davlat chegara xizmatlari bildirgan.

Qirg'iz-tojik chegarasida joylashgan "Golovnoy" suv taqsimlash punkti
Qirg'iz-tojik chegarasida joylashgan "Golovnoy" suv taqsimlash punkti

Mojaro 29-aprelda ham davom etib, oxirgi maʼlumotlarga koʻra, Qirgʻizistonning 31 nafar fuqarosi jarohat olgan, bir kishi halok bo’lgan. Bu haqda Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Botken viloyatining yetakchisi Omurbek Suvanaliyevning mahalliy vaqt bilan 18:50 da bergan maʼlumotiga koʻra, Laylak tumanida ham qirgʻiz va tojik chegarachilarining otishmasi boshlangan. Uning aytishicha, otishma Qulundu va Maqsad qishloqlarida yuz bermoqda.

Qirgʻizistonning chegara xizmati “Tojikistonning chegara zobitlari va Ichki ishlar vazirligining maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan harbiylari “Golovnoy” suv taqsimlash punktida minamyot, pulemyot va avtomat bilan otishma boshladi”, deya xabar bergan.

Tojikiston chegara idorasi esa nizoni qirgʻiz tomoni boshlaganini maʼlum qilgan.

Rasmiylar Qirgʻizistonning qishloqlaridan bolalar, ayollar hamda katta yoshlilardan iborat 800 nafardan ortiq aholi xavfsiz hududlarga koʻchirilganini bildirdi.

Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligining matbuot xizmati hozirda Botkenda dori-darmon yetarli ekanini, 54 tonna oziq-ovqat yuborilganini maʼlum qildi.

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov qirgʻiz-tojik chegarasida yuz berayotgan nizo boʻyicha oʻz fikrini aytib, aholini provokatsiyaga uchmaslikka chaqirdi.

Japarov oʻzining “Facebook” sahifasida Qirgʻizistonning barcha aholisini, birinchi galda siyosiy kuchlarni hamda ommaviy axborot vositalari xodimlarini sabrga hamda nizoni kuchaytirmaslikka chaqirdi.

“Biz tojik xalqi bilan doimo til topishamiz. Ahil qoʻshnichilik manfaatlarini va doʻstlikni saqlash bilangina barcha muammolarni hal qilamiz. Hozir janjalni chiqarib, uni ichkaridan kuchaytirishga harakat qilganlar xavotirlantiradi. Mamlakat uchun bunday noqulay vaziyatda barcha ichki siyosiy kuchlarni sabrli boʻlishga chaqiraman”, deb yozgan Qirgʻiziston prezidenti.

Chegara masalalari boʻyicha komissiyaning yetakchisi Qamchibek Tashiyev esa hozirda Qirgʻizistonda emas. U hukumat rahbari Uluqbek Maripov bilan Tataristonda. Shu bois, prezident Sadir Japarov chegaradagi mojaroni hal qilishni bosh vazirning oʻrinbosari Artyom Novikovga topshirdi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham Qirgʻiziston va Tojikiston chegarasidagi joriy vaziyat ortidan bayonot berib, qoʻshnilarni ahillikka chaqirdi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston vaziyatni tez orada izga solish uchun oʻz yordamini berishga tayyor ekanini bildirgan.

Qirgʻiziston rasmiylari voqea 28-aprelda Botken tumanining Koʻk-Tosh qishlogʻidagi suv ombori hududiga Tojikistonning kelishilmagan holda video nazorat uskunalarini oʻrnatishidan boshlangan. Bunga qarshi chiqqan qirgʻizistonliklar va tojikistonliklar bir-biriga tosh otishi ortidan vaziyat jiddiylashib ketgan. Tomonlar ov miltiqlaridan ham o’q uzgan.

Botken viloyati rasmiylari 28-apreldan 29-aprelga oʻtar kechasi toshbo’ron toʻxtab, vaziyat “nisbatan barqarorlashgani”ni, ammo koʻp vaqt oʻtmay Tojikiston fuqarolari Botken tumanida yashovchilarning uylariga yana tosh otib, mashinalarni oʻqqa tuta boshlaganini bildirgan.

Huquq-tartibot idoralari voqealar boʻyicha “Ommaviy tartibsizlik”, “Bezorilik” va “Odam oʻldirishga urinish” moddalari boʻyicha tergov boshladi.

Hozirda Botken viloyatiga qarashli Oq-Tatir, Oq-Soy va Samarqandek qishloqlarida favqulodda vaziyat e’lon qilindi.

Shu kecha-kunduz Tojikiston va Qirgʻiziston chegarasida yuz bergan toʻqnashuvlar haqida Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi Chegara qoʻshinlari matbuot xizmati ikki marta rasmiy maʼlumot berdi.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi Chegara qoʻshinlarining 29-aprel kuni tushdan keyin bergan ilk maʼlumotlariga koʻra, voqea quyidagicha boʻlgan.

“2021-yil 29-aprel kuni soat 10:45 da Tojikistonning Somoniyon va Qirgʻizistonning Koʻk-Tosh mahallalari aholisi oʻrtasidagi mojaro paytida Qirgʻiziston fuqarolari ov kamoni bilan Tojikiston fuqarolari tomoniga oʻq uzib, Isfara shahrining Chorkuh jamoati Somoniyon mahallasida yashovchi 1989-yilda tugʻilgan fuqaro Amakov Oqil Yunusovichni peshonasidan yaralagan. U Isfara shahar markaziy kasalxonaga yotqizilgan va ahvoli ogʻir.

Shu kuni soat 11:30da Qirgʻiziston fuqarolari tomonidan otilgan oʻqlardan Isfara shahrining Chorkuh jamoati Somoniyon mahallasida yashovchi yana bir Tojikiston fuqarosi, 1989-yilda tugʻilgan Samadov Sattor Qodirovich qoʻli va oyogʻidan jarohat olgan va u ham Isfara shahar markaziy kasalxonasiga yotqizilgan.

Ushbu mojaro 28-aprel kuni soat 16:00da Isfara shahrining Chorkuh jamoati Xoʻja-A’lo qishlogʻida Isfara daryosi ustida joylashgan “Golovnoy” suv taqsimlash punkti hududida Qirgʻiziston fuqarolarining provokatsion harakatlari va Tojikiston fuqarolari tomon tosh otishlari natijasida boshlandi. Ular otgan toshlardan yetti nafar Tojikiston fuqarosi turli tan jarohatlari olgan. Shuni taʼkidlash kerakki, Qirgʻiziston fuqarolari orasida fuqarolik kiyimidagi maxsus boʻlinmalar zobitlari ham bor edi”.

Oradan yarim soat oʻtib, mahalliy vaqt bilan tushdan keyingi soat 14:00 da Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi Chegara qoʻshinlari matbuot xizmati quyidagicha maʼlumot berdi:

“2021-yil 29-aprel soat 13:05 da Qirgʻiziston harbiy kuchlari Isfara shahrining Chorkuh jamoati Xoʻja-A’lo qishlogʻi hududida, Isfara daryosi ustida joylashgan “Golovnoy” suv taqsimlash nuqtasi hududida Tojikiston chegarachilari tomon oʻt ochdi.

Mazkur hodisa Qirgʻiziston tomoni soʻnggi kunlarda oʻzboshimchalik bilan Tojikiston bilan ilgari kelishilgan ikki tomonlama bitim shartlarini buzgan holda “Golovnoy” suv taqsimlash punktini egallab olish rejasini amalga oshirishga kirishgan paytda sodir boʻldi.

1924-1927 va 1989-yilgi xaritalarga koʻra, ushbu inshoot butunlay Tojikiston hududida joylashgan boʻlib, 1968-yilda Tojikiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston respublikalari chegaradosh shahar va tumanlarni sugʻorishda foydalangan”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG