Breaking News

AQSh qochqinlarni qabul qilishni to'rt martaga oshiradi


Rio-Grande daryosini kechib Meksikadan AQSh hududiga o'tgan qochqinlar chegara xizmatiga shoshilmoqda. 27-aprel, 2021.

Donald Tramp rahbarligi davrida qochqinlarni qabul qilish bo’yicha yillik kvota rekord darajada minimal bo’ldi. AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden avvaliga ana shu minimal ko’rsatkichni saqlab qolishni rejalagan edi. Biroq 3-may kuni kvota to’rt marta kengayishini bildirdi.

“Joriy moliyaviy yilda AQShda qochqinlarni qabul qilishga doir yillik limitni 62500 nafargacha ko’tarish masalasini ko’rib chiqayapman”, - deya bayonot berdi Oq uy rahbari.

Baydenning ta’kidlashicha, yiliga 15 ming nafar qochqinga boshpana berishga doir avvalgi ma’muriyat joriy etgan kvota o’z kuchini yo’qotadi. Misli ko’rilmagan darajadagi minimal limit qochqinlarga hamdard va panoh bo’lib kelgan Amerika qadriyatlariga zid, deydi prezident.

AQSh rahbari, shuningdek, kvotani keyingi moliyaviy yilda 125 ming nafargacha kengaytirish taraddudida ekanini bildirdi.

Ikki hafta avval Oq uy Donald Tramp ma’muriyati belgilagan 15 minglik limit joriy moliyaviy yilda ham saqlab qolinishini ma’lum qilgan edi.

Ushbu bayonot Baydenning qochqinlar qabul qilishni kengaytirishga doir saylovoldi va’dalariga zid holda e’lon qilindi. Uning Kongressdagi demokrat safdoshlari va qochqinlar huquqlarini himoya qiluvchi advokatlarning e’tirozlari kuchaydi.

“Qochqinlar ko’p og’ir damlarni boshidan kechirgan va hayotining yangi sahifasini ochishni sabrsizlik bilan kutmoqda. Ularning ongida dunyoning beparvoligi borasida ildiz otgan shubhalarni yo’qotish uchun yangi choralarni bugunoq tatbiq etish kerak. Achchiq haqiqatni aytish lozimki, joriy yilda qabul qilinajak qochqinlar soni 62500 nafarga yetmaydi. Biz o’tgan to’rt yilda yetkazilgan zararni bartaraf qilish ustida faol ishlayapmiz”, - dedi Bayden.

Prezident bayonotidan ko’p o’tmay, Davlat kotibi Entoni Blinken AQShdan boshpana olish ilinjida bo’lgan qochqinlar uchun mamlakat eshiklarini ochiq tutish vatandoshlarning qoniga singgan fazilat ekanini ta’kidladi.

Qarordan norozilar ham kam emas. Respublikachi kongressmen Skott Jarleyga ko’ra, kvotaning kengaytirilishi “AQSh milliy xavfsizligi va jamiyat salomatligiga to’g’ridan-to’g’ri tahdid uyg’otadi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG