Breaking News

Qrimda O’zbekiston fuqarosi otib o’ldirilgan


Otib o'ldirilgan Nabi Rahimovning turmush o'rtog'i Sohiba Burhonova qizi bilan

2015- yildan buyon Qrimda yashab kelayotgan o'zbekistonlik Nabi Rahimov Rossiya maxsus xizmatlari o’tkazgan amaliyot paytida halok bo’lgan.

Hodisa 11-may kuni Simferopol tumanida yuz bergan.

Qrim tatarlariga qarashli “Qrim birligi” tashkilotining voqea guvohlariga tayanib tarqatgan xabarida aytilishicha, shu kuni ertalab soat 06:00 atrofida Rahimov ijarada yashayotgan uyga maxsus xizmat xodimlari bostirib kiradi. Uyda shovqin-suron, o’q ovozlari eshitiladi. Keyinroq uydan Nabi Rahimovning jasadi olib chiqiladi. Voqea guvohlari Rahimov kuch ishlatar tizimlariga qarshilik qilgani uchun otilganini aytishadi.

Rossiya matbuotida Simferopolda o’tkazilgan maxsus amaliyot haqida tarqatilgan xabarda Rossiya maxsus xizmatlari qidiruvga berilgan xalqaro terrorchi guruh a’zosini qo’lga olish bo’yicha amaliyot o’tkazgani, amaliyot paytida qidiruvdagi shaxs maxsus xizmatlarga qarshi o’q otgani, qarshilik ko’rsatgani, to’qnashuv paytida jangari terrorchi yo’q qilingani ta’kidlanadi.

Nabi Rahimov O’zbekistondan 2010-yillarda, noqonuniy diniy guruhlar, “Hizbut Tahrir” oqimiga a’zolikda ayblanib, jinoiy ish qo’zg’atilishi ortidan chiqib ketgan. Shundan so’ng u O’zbekiston tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan.

Rahimov 2013-yilda Moskvada hibs qilinadi, bir muddat qamoqda saqlanadi. O’zbekiston tomoni Rahimovni topshirish bo’yicha Rossiyaga murojaat qiladi.

Diniy e’tiqodi uchun tazyiqqa olinayotganini bildirgan Nabi Rahimov Rossiyada hibsga olinishi, qiynoqlar va O’zbekistondagi ta’qiblar masalasida inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudiga murojaat qiladi.

Rahimov ishini ko’rib chiqqan Yevropa sudi uning O’zbekistonga topshirilishini taqiqlaydi, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun Rossiya hukumati jabrlanuvchiga 17 ming yevro tovon to’lashi haqida qaror chiqaradi.

Qrim-tatar faollariga ko’ra, 2015-yildan buyon o’z oilasi bilan Qrimda yashab kelayotgan Nabi Rahimovning terrorizmga, ekstremizmga mutlaqo aloqasi bo’lmagan, u oshpazlik qilish bilan oilasini boqib kelgan. Qrimda musulmonlar jamoasi tadbirlarida faol qatnashib yurgan. Uning maxsus xizmatlar tomonidan otib o’ldirilishi musulmonlarga nisbatan tazyiqlarning haddan oshayotganini ko’rsatmoqda.

Nabi Rahimovning otib o’ldirilishi ortidan maxsus xizmatlar Rahimovning xotini Sohiba Burhonovani so‘roqqa olib ketishadi. Burhonovaga nisbatan Rossiyada bo’lish tartib-qoidalarini buzish bo'yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan. U eri Nabi Rahimovga nisbatan mavjud jinoiy ishda guvoh sifatida qatnashishi ham ma’lum qilingan.

O’zbekiston fuqarosi, ikki nafar farzandning otasi Nabi Rahimovning Qrimdagi o’limi yuzasidan O’zbekiston tomoni hozircha biror munosabat bildirmagan.

Xalqaro qidiruvga berilgan Nabi Rahimovga nisbatan Rossiya maxsus xizmatlari o’tkazgan amaliyotning O’zbekiston tomoni so’roviga qanchalik bog’liqligi bo’yicha hozircha tasdiqlar yo’q.

Ayni paytda marhum Rahimovning oila a’zolariga Simferopoldagi qrim-tatar jamoasi tomonidan huquqiy, ijtimoiy yordam ko’rsatilayotgani xabar qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG