Breaking News

Neft kompaniyasiga qilingan kiberxuruj ortidan AQShda benzin taqchillashdi


Benzin olish uchun navbatda turgan mashinalar, Dyurem, Shimoli Karolina, AQSh, 2021-yil, 12-may

Rossiya AQShning neft mahsulotlari tashishga mo’ljallangan “Colonial Pipeline” kompaniyasi serverlariga uyushtirilgan kiberxuruj ortida turganini inkor etdi. 7-may kuni sodir bo’lgan xuruj ortidan AQShda benzin taqchillashib, narxlar oshgani kuzatilmoqda.

Mamlakat sharqiy hududlarida iste’mol qilinadigan barcha neft mahsulotlarining qariyb yarmini yetkazib beruvchi “Colonial Pipeline” kompaniyasi o’tgan hafta kiberxuruj ortidan o’z faoliyatini to’xtatishga majbur bo’ldi.

Bunday xurujlar ortida turgan guruhlar, odatda, kompaniya yoki hukumatlar tarmoqlarini falaj holatga keltirib, zararni to’xtatish uchun tarmoq egalaridan mo’may pul to’lanishini talab qiladi.

AQSh Federal Qidiruv byurosiga ko’ra, so’nggi hujum ortida Rossiya yoki Sharqiy Yevropada joylashgan “DarkSide” jinoiy guruhi turibdi.

“Bu haqda batafsilroq ma’lumot berishdan oldin razvedka idoralarimiz to’liq tahlil o’tkazishlarini kutib turamiz”, - dedi Oq uy so’zlovchisi Jen Psaki.

“DarkSide” guruhi siyosat bilan ishi yo’qligi, maqsadi faqat pul ishlash ekani haqida bayonot chiqardi. Rossiya hukumati so’zlovchisi Dmitriy Peskov bu ishda Rossiyaning qo’li yo’qligini ta’kidladi.

“Bu ishga bizni aloqador ko’ruvchi har qanday ayblovga keskin qarshimiz”, - dedi Peskov.

Aprelda Bayden ma’muriyati “SolarWinds” kompaniyasi orqali federal agentliklar nishonga olingan kiberxurujdagi ishtiroki uchun Rossiyaga sanksiyalar e’lon qilgan edi. Ekspertlar fikricha, bunday hujumlarni to’xtatish uchun xalqaro kelishuvga erishish lozim.

“Rossiya va unga qo’shni hududlarda joylashgan jinoiy guruhlar ma’lumotlarni o’g’irlab, kompaniyalarni pul to’lashga majburlovchi biznes modelni to’xtatish yo’lini topmagunimizcha; kompaniyalarga o’z ma’lumotlarini himoya qilishda yordam bermagunimizcha yoki muhim infratuzilma ustida ishlovchilarni mavjud risklar haqida to’liq ogoh qilmagunimizcha bu muammo davom etaveradi”, - deydi Vilson markazi eksperti Meg King.

“Colonial Pipeline” kompaniyasi oz xizmatlarini qayta tiklash ustida ishlayotganini e’lon qildi. Bu orada Bayden ma’muriyati benzin taqchilligining oldini olish uchun sifati pastroq neft mahsulotlarining ko’proq savdoga chiqarilishiga ruxsat bedi hamda boshqa hududlardan kerakli miqdorda benzin olib kelinishini ta’minladi.

“Bizda benzin taqchilligi yo’q. Faqat ta’minotda uzilish bor. Tez orada hammasi o’z iziga qaytadi”, - dedi AQSh Energetika vaziri Jennifer Grenxolm.

Agar zarurat tug’ilsa, hukumat Amerika portlarida neft tashish bilan faqat AQSh kompaniyalari shug’ullanishini talab qiluvchi qoidani vaqtinchalik bekor qilishi mumkinligini ham ma’lum qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG