Breaking News

AQSh bilan ishlagan afg'onlar immigratsion viza so'ramoqda


Hilmand vioyatida AQSh harbiylari bilan ishlagan afg'on tarjimon, 2009

Yillar davomida G'arbga, xususan AQSh va NATOga xizmat qilgan afg'onlar kelajakdan xavotirda. Ular Tolibon va boshqa jangarilardan xavfsirashadi. Bu mutaxassislar xorijdan boshpana so'rab murojaat qilganida, rad javobini olmoqda.

Ayoziddin Hilol Afg'oniston sharqida minglab amerikalik harbiylar va boshqa xorijiy zobitlarga tarjimonlik qilgan. Qo'mondonlar uning ishidan rozi bo'lib, hatto medallar bergan.

Biroq Ayoziddin AQShga oilasi bilan ketish uchun viza so'raganida, ololmadi. Tolibon uni tinch qo'ymasligini, ajnabiylarga xizmati uchun jazolashi mumkinligidan xavotirda.

“Hayotimiz tahlika ostida”, - deydi 41 yoshli afg'on, olti bolaning otasi.

“Tolibon bizga ochiq aytayapti. Akalaring yurtiga ketadi, seni esa senga o'xshagan boshqalar qatorida o'ldiramiz, deb".

Amerika Afg'onistondan chiqib ketgach, mamlakat bo'ylab Tolibonning qo'li balandlashadi, degan qo'rqinch hukmron ekan, chet el harbiylariga ishlaganlar orasida vahima ayniqsa kuchli.

Kobulda namoyish: AQSh va NATOga ishlagan afg'on tarjimonlar boshpana so'ramoqda
Kobulda namoyish: AQSh va NATOga ishlagan afg'on tarjimonlar boshpana so'ramoqda

Nohukumat tashkilotlar, faol xotin-qizlar, ziyolilar va umuman o'tgan 20 yildan beri tashqi dunyo bilan hamkorlikni yo'lga qo'ygan har bir afg'on AQSh va NATO kuchlari chiqib ketgach, Afg'oniston yana jar yoqasiga yaqinlasha boshlaydi, deya G'arbni bu davlatni tashlab qo'ymaslikka chaqirmoqda.

Amerika va xalqaro koalitsiyaga ishlaganlar uchun maxsus viza taklif qilinishi mumkin. Lekin uni olish murakkab jarayon, odamlar obdon tekshiriladi, uzoq vaqt ketadi.

Davlat kotibi Entoni Blinken Vashington bu insonlarga yordam berishini aytgan. Bayden ma'muyati viza olishni osonlashtirib, shaffoflik va adolatni ta'minlashni va'da qilgan.

Odatda bu insonlar soyada yuradi va G'arb bilan hamkorlikni yashiradi, ammo viza ololmaganlar endilikda namoyishlar qilib, norozilik bildirib, jamoat e'tiborida. Bu ham ularga xavf solishini aytishadi, ammo "shikoyat qilishga majburmiz", - deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan afg'onlar.

“Ketmasak, ular bizni albatta qatl etishadi", - deydi Muhammad Shoaib Valizoda, AQSh armiyasining uzoq yillik tarjimonii.

2016-yildan beri kamida 300 tarjimon o'ldirilgan. Tolibon ularga muntazam ravishda zo'ravonlik qilib keladi.

“Tolibon ularni islomning dushmani deb biladi", - deydi Mett Zeller, amerikalik tahlilchi. "Ularga shafqat qilmaydi".

AQSh Kongressi a'zolari va iste'fodagi harbiylar ham Davlat departamentini sobiq xizmatchilarga viza berishni tezlashtirish va dasturni kengayitirshga undamoqda. Kobuldagi elchixona buning uchun xodimlarni ko'paytirgan.

Jami 26 ming 500 afg'onga maxsus viza berish ko'zda tutilgan, yarmi allaqachon olgan.

Ekspert Noa Koburn deydiki, Vashington bu borada chuqurroq o'ylashi va dadilroq harakat qilishi lozim.

Uning hisobicha, 2001-yildan beri qariyb 300 ming afg'on AQSh va xalqaro koalitsiya uchun mehnat qilgan.

2001-yildan beri AQSh va xalqaro koalitsiyaga qariyb 300 ming afg'on ishlagan
2001-yildan beri AQSh va xalqaro koalitsiyaga qariyb 300 ming afg'on ishlagan

Qochqinlar masalalari bilan shug'ullanadigan mutaxassis Adam Beyts taxminicha ham "Tolibon bu insonlarga Amerikaga ketgach aslo rahm qilmaydi, ularni qonli jazolashi muqarrar".

Oxirgi paytlarda qator tarjimonlar va jurnalistlar nishonga olindi.

AQSh hukumati unga ishlaganlarni qadrlashini eslatib, hamma bir paytda viza ololmasligini ham qayd etmoqda.

Harbiylarning quvvatlovi muhim, chunki Kongress ularning fikrini inobatga oladi.

Viza rad etilganlar aksariyat hollarda qayta murojaat qiladi. Konsullik har bir arizani qattiq tekshirishi, mutaxassis kimga qachon qancha va qay tarzda ishlaganini tekshiradi. Ishdan bo'shatilganlar viza ololmasligi mumkin.

Noa Koburn nazarida murojaat qilayotganlar keskin elakdan o'tkaziladi. Istisnolar oz. Qayta topshirish uchun imkoniyat faqat bir marta.

Adam Beyts fikricha, viza bermagan taqdirda ham Amerika bu insonlarni himoya qilish uchun boshqa choralar ko'rishi kerak. Ularga boshqa imkoniyatlar taklif qilishi zarur, deydi tahlilchi.

Minglab sobiq xizmatchilarning dardiga befarqlik Amerika va uning ittifoqchilariga nisbatan ishonch va hurmatni pasaytiradi, kelajakdagi missiyalarda pand beradi, deya ogohlantirmoqda ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG