Breaking News

AQSh: "Shimoliy oqim-2" loyihasida qatnashayotgan nemis kompaniyasini jazolamaymiz


AQSh "Shimoliy oqim-2" (Nord Stream 2) gaz quvurini qurayotgan Germaniya kompaniyasiga sanksiya qo’llamaydigan bo’ldi. Bu haqda 19-may kuni Davlat departamenti Kongressga ma’lumot berdi.

Rasmiylarga ko’ra, Germaniyaning "Shimoliy oqim-2" kompaniyasi va uning rahbari Rossiya gazini Germaniyaga yetkazuvchi gaz quvurlarini qurishda AQSh qonunini buzgan bo’lsa-da, AQSh milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda sanksiya qo’llamaslik ma’qul deb topilgan.

Lekin hisobotda Rossiyaning bir qator kemalari va kompaniyalariga loyihadagi ishtiroki uchun jazo qo’llanishi qayd etilgan.

Bu haqdagi qaror rasman e’lon qilinishi oldidan unga oid tafsilotlar ilk bor “Axios” saytida paydo bo’ldi. Shundan so’ng Rossiya va AQShning ba’zi qonunchilari unga munosabat bildirishga ulgurdi.

"Shimoliy oqim-2" loyihasi suv ostidan Rossiya gazini Germaniyaga yetkazuvchi bir necha milliard dollarlik loyiha bo’lib, Kreml va G’arb o’rtasidagi ziddiyatlar ortidan 2019-yil dekabrda qurilishi to’xtatib qo’yilgan edi.

“Nord Stream” kompaniyasi rasmiylariga ko’ra, Rossiya dekabrda qurilishni qayta boshlagan. Yevropa energiya xavfsizligi uchun jiddiy tahdid manbaiga aylanishi mumkinligini xavotir olib, AQSh bu loyihaning ijrosiga qarshilik qilib kelayotgan edi. Yangi loyiha hozirda mavjud “Nord Stream” quvurlarida oqadigan gaz hajmini ikki barobarga oshirishni maqsad qiladi.

AQSh Senati Tashqi aloqalar qo’mitasining yetakchi a’zolaridan biri senator Jim Rish Davlat departamenti qarorini noto’g’ri va ziddiyatli deb atadi.

“Ma’muriyat Rossiyaning xatarli ta’sirini oshiruvchi loyihaning bitkazilishini AQSh manfaatlari uchun foydali, deb hisoblarkan”, - dedi qonunchi o’zi e’lon qilgan bayonotda.

Davlat kotibi Entoni Blinken lavozimiga tasdiqlanish paytida bu loyihani to’xtatish uchun barcha choralarni ishga solish ahdida qat’iy ekanini aytgan edi.

Muxolifat vakili Aleksey Navalniy hibsga olinishi ortidan Bayden ma’muriyati ko’plab Rossiya rasmiylariga yangi sanksiyalar qo’lladi. O’tgan oy jurnalistlar gaz quvurining taqdiri haqida so’rashganda, prezident loyihani “hanuz ko’rib chiqilayotgan murakkab masala” ekanini aytgan edi.

Kreml esa “Oxios” nashrida e’lon qilingan xabar ortidan bu o’zgarishni “ijobiy ishora” deb atadi.

“Yangi sanksiyalar qo’llanadi, degan narsani o’qishdan ko’ra bu xabar yoqimliroq”, - dedi Rossiya Prezidenti so’zlovchisi Dmitriy Peskov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG