Breaking News

Qozog'iston Rossiyaga qarshi bayonot berdi


Qozog’iston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining siyosiy uyushmaga aylanishiga qarshi. Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomonining G’arb sanksiyalariga qarshi ittifoqchilar bilan hamjihatlikda javob qilishga doir bayonotiga shunday munosabat bildirgan.

Vazirlik tomonidan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi masalasi bo’yicha tarqatilgan bayonotda tashkilotni tuzishdan asosiy maqsad iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish ekanligi ta’kidlanadi.

“Uchinchi tomonning sanksiyalariga hamkorlikda javob berish bo’yicha shuni qayd etamizki, G’arb sanksiyalari birinchi galda siyosiy omilga ega. Yevrosiyo ittifoqining barcha a’zolariga emas, balki aniq bir davlatga qarshi qaratilgan. Qozog’iston Yevrosiyo ittifoqi doirasida biror davlat sanksiyalariga qarshi “hamjihatlikda” javob choralarini qo’llash bo’yicha muhokamalarda ishtirok etqayotgani yo’q”, deyiladi Qozog’iston bayonotida.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi G’arb sanksiyalariga hamjihatlikda qarshi javob choralarini muhokama qilayotganini Rossiya Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Aleksandr Pankin ma’lum qilgan.

Peterburgda o’tgan xalqaro iqtisodiy forum davomida qilingan bu bayonotga ko’ra, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkilot a’zolariga nisbatan uchinchi tomon joriy etgan nodo’stona saknsiyalarga qarshi “kollektiv” javob choralarini ishlab chiqishni muhokama qilmoqda.

Yevrosiyo ittifoqining faol a’zolaridan biri bo’lgan Qozog’iston uchinchi tomon sanksiyalari tashkilotga emas, balki alohida bir davlatga, ya’ni Rossiyaga qaratilganini, Qozog’iston bu sanksiyalarga javob qaytarishni muhokama qilmayotganini alohida ta’kidlaydi.

Tashqi ishlar vazirliklari o’rtasidagi bu bayonotlar jamoatchilikda, ayniqsa, Qozog’iston jamoatchiligida jiddiy munozaralar qo’zg’ar ekan, mamlakatning Savdo va integratsiya vazirligi ham alohida bayonot bilan chiqdi.

Unda uchinchi tomon sanksiyalari tashkilot a’zolariga bilvosita ta’sir ko’rsatishi tan olinadi. Ammo “Qozog’iston tomoni Yevrosiyo ittifoqini uchinchi tomonga qarshi siyosiy vositaga aylantirish harakatlariga keskin qarshi” ekanligi bildiriladi.

Qozoq eksperti Ermek Narimboyga ko’ra, Yevrosiyo masalasida Qozog’istonda, shuningdek, O’zbekistondagi mavjud xavotirlar ham o’rinli. Rossiya bu tashkilotdan G’arbga qarshi siyosiy ittifoq yasashni maqsad qilmoqda:

“Qozog’istonning bu bayonoti Rossiyaning MDH hududida aksilg’arb blokini tashkil etish harakatiga javob deyish mumkin. Qozog’iston buni rad etmoqda. Qozog’iston uchun bu ittifoq faqat iqtisodiy ahamiyatga molik. Qozog’iston Rossiya va G’arb o’rtasidagi sanksiyalar urushiga qo’shilmoqchi emas. Moskva zaiflashayotgan bo’lsa-da, undan keladigan xavf juda ulkan. Biz Rossiya bilan eng uzun chegaraga egamiz”.

Ekspertning ta’kidlashicha, Qozog’iston tomonining bayonoti G’arbga berilayotgan ishora bilan ham diqqatli.

“Vazirlikning bu qat’iy bayonoti G’arb-Rossiya ziddiyatida Qozog’iston Rossiya tomonida emasligini bildiruvchi aniq ishora. Bu ishoraning esa ancha keskin bildirilayotgani diqqatlidir. Bundan qat’i nazar, Rossiyaning Qozog’stonga tahdidi xavotirli darajada qolaveradi. Ayniqsa, Qozog’iston-Rossiya chegarasi bo’ylab Rossiyaning bir nechta armiyalari joylashtirilgani inobatga olinsa. Bu fakt Qozog’istondan ham aniq bir harbiy, siyosiy choralar ko’rishni talab qilmoqda. Ammo geosiyosiy muhit o’ta tarang. Nur-Sulton shu cheklangan imkoniyatlar darajasida harakat qilishga majbur”, - deydi Ermek Narimboy.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi Armaniston, Belarus, Rossiya, Qozog’iston va Qirg’izistondan iborat. Yaqinda O’zbekiston bu tashkilotga kuzatuvchi davlat maqomida qo’shildi.

Tashkilot sammiti 21-may kuni o’tdi. Onlayn muloqotda ittifoq a’zolaridan tashqari Prezident Shavkat Mirziyoyev ham qatnashgan. O’zaro avia va transport qatnovlarini tiklash, hamkorlikni kuchaytirish borasida tashabbuslar bildirgan edi.

O’zbekistonda mamlakatning bu tashkilotga kuzatuvchi maqomida qo’shilishi ham jiddiy munozaralar ostida kuzatildi. Jamoatchilikdagi asosiy xavotir Yevrosiyo ittifoqi iqtisodiy emas, balki siyosiy ittifoq ekanligi bilan bog’liq.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG