Breaking News

O'rxan Inandining o’g'irlanishi: Qirg’iziston Anqara talabini bajardimi?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an razvedka xizmati O'rxan Inandini Qirg'izistondan olib kelganini e'lon qilmoqda. 5-iyul, 2021.

Asli turkiyalik boʻlgan, ammo bir necha yil avval Qirgʻiziston fuqaroligini olgan “Sapat” xalqaro taʼlim muassasalari prezidenti Oʻrxan Inandining oʻgʻirlanishi Qirgʻiziston jamoatchiligida muhokamalarga sabab boʻlib, tanqidiy mulohazalarni kuchaytirgan.

Koʻplar oʻz fuqarosini oʻgʻirlashga yoʻl qoʻygan mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasiga (MXDQ), Ichki ishlar vazirligi va prezidentga nisbatan norozilik bildirmoqda. Shuningdek, Inandining tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishiga chiqib, hukumatdan uning qanday yoʻl bilan oʻgʻirlanganini izohlashni va uni Qirgʻizistonga qaytarishni talab qilmoqda.

5-iyulda bir oydan ortiq muddatdan beri bedarak yo’qolgan Oʻrxan Inandi Turkiyaning Milliy razvedka tashkiloti tarafidan oʻgʻirlanib, Anqaraga yetkazilgani maʼlum boʻldi.

Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan jonli efirda ma’lum qilgan.

Turkiya hukumati Inandini “terror tashkilotini tuzish yoki uni boshqarish”da ayblamoqda. Rajab Toyyib Erdogʻan Inandini “Fathulloh terror guruhi” FETO ning Markaziy Osiyo boʻyicha bosh menejeri deb atagan.

  • Gulenning harakati” Turkiyada terror tashkiloti deb topilgan. FETO deb ataladi. Turkiya hukumati diniy ulamo “Gulen harakati”ni 2016-yildagi muvaffaqiyatsiz tugagan davlat toʻntarishini uyushtirganlikda ayblab, uni terror tashkilotlari qatoriga qoʻshgan. Ammo 1999-yildan beri AQShda yashab kelayotgan Gulen bu ayblovni rad etib keladi.

Turkiya hukumatiga qarashli "Hurriyet" haftalik gazetasi 7-iyulda eʼlon qilgan maqolasida Oʻrxan Inandini Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarovning Turkiyaga uyushtirgan rasmiy safari oldidan “sovgʻa” sifatida olib kelinganini yozgan.

Bunga javoban Prezident Japarovning matbuot kotibi Erbol Sultanbayev qirgʻiz hukumatining Oʻrxan Inandining oʻgʻirlanishiga aloqadorligi haqidagi iddaolarni inkor qildi.

“Oʻrxan Inandining yoʻqolgani maʼlum boʻlgandan boshlab Japarov huquq-tartibot idoralariga tezkor-qidiruv ishlarini olib borishni, chegarada xavfsizlikni kuchaytirish, Inandini qidirishga qoʻshimcha kuchlarni jalb qilishni topshirgan”, - deb bildirgan Sultanbayev.

Shu bilan birga, Inandini avval uch karra oʻgʻirlashga urinish boʻlganini, “oxirgi safar uni Qirgʻizistonning maxsus xizmati saqlab qolganini”, shundan keyin unga tansoqchilar bilan yurish taklif qilinganini ham eslatib oʻtgan.

Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligi esa Turkiyaning Qirgʻizistondagi elchisi Ahmet Sodiq Dog'anga Qirgʻiziston fuqarosi Oʻrxan Inandining qoʻlga olinib, Turkiyaga yetkazilishi boʻyicha nota taqdim etdi.

“Hukumat Turkiya tomonini Oʻrxan Inandini Qirgʻizistonga qaytarishga va unga xalqaro huquqiy nizomlar boʻyicha muomala qilishga, zoʻravonlik hamda tazyiqlarga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlashga chaqirdi”, - deb yoziladi TIV tarqatgan maʼlumotda.

MXDQ: “Oʻrxan Inandi boshqa davlatda qilgan jinoyati uchun javob bermoqda”

Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi yetakchisi Qamchibek Tashiyev 8-iyulda oʻtkazgan matbuot anjumanida “Oʻrxan Inandi boshqa davlatda qilgan terror jinoyati uchun javob bermoqda” deb bildirdi. Shu bilan birga, u Inandini Qirgʻiziston fuqarolari bilan taqqoslamaslikka chaqirdi.

“U boshqa davlatda, boshqa yurtda qilgan jinoyatlariga javob bermoqda. Qirgʻizistonda qilgan jinoyatlari uchun javob berayotgani yoʻq hozirgi kunda. Oʻrxan Inandi boshqa mamlakatdan kelgan. Oʻsha davlatning aytishiga koʻra, terror jinoyatini amalga oshirib, soʻngra bizning davlatga kelib yashab qolgan odam”, — dedi Tashiyev.

Bundan tashqari, maxsus xizmatning yetakchisi “Sapat” taʼlim muassasasining asoschisi Inandining Turkiya va Qirgʻiziston fuqaroligiga ega ekan eslatilgan. “Oʻzini tashqarida Qirgʻiziston fuqarosi qilib koʻrsatib, Turkiyada oʻzgarish boʻlsa, Turkiya pasporti bilan ketib qolish maqsadida bo’lgan fuqaro” qatorida sifatlangan.

Ammo yuristlar davlat mulozimi bo’lmagan qirgʻizistonliklarga qoʻsh fuqarolikka ruxsat berilganini taʼkidlaydi. Shuningdek, yuristlarning fikriga koʻra, Oʻrxan Inandi Turkiya fuqarosi boʻlgan taqdirda ham, uni oʻz mamlakatiga oʻtkazib berish uchun maxsus sud qarori boʻlishi kerak.

“Turkiya Oʻrxan Inandini oʻgʻirlab, xalqaro qonunlarni buzdi”

“Human Rights Watch” xalqaro tashkiloti Inandining oʻgʻirlanib, sud tergovlarisiz Turkiyaga yetkazilishi “xalqaro va Qirgʻiziston qonunlarini jiddiy buzish” ekanini ta’kidlamoqda.

Tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Xyu Vilyamsonning aytishicha, mazkur holat “Anqaraning huquq ustuvorligiga va asosiy xalqaro qonunlarga beeʼtiborlik qilganini” anglatadi.

Siyosatchi Oʻmurbek Tekebayev esa “Facebook”dagi sahifasida Oʻrxan Inandining Turkiya Davlat razvedka xizmati tarafidan oʻgʻirlanishini “Qirgʻiziston suverenitetiga va davlat manfaatlariga tahdid qilish bilan barobar” deb baholadi.

“Fargʻona vodiysining chegarasiz yuristlari” jamoat uyushmasining asoschisi Azizbek Ashurov “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida Inandining fuqaroligini tekshirishga doir IIV harakatlarini tanqid qildi.

“Bizning fuqarolarning yana boshqa davlatda fuqaroligi boʻlishiga qonunda yoʻl berilgan. Minglab fuqarolar chet mamlakatda fuqarolik olib, Qirgʻiziston fuqaroligidan chiqmagan holda yuribdi. Bu xalqaro tajribada ham bor. Har bir mamlakat oʻz fuqarolarini himoya qilishi kerak. Fuqaroning millati, qayerda tugʻilgani yoki boshqa jihatlari ahamiyatsiz”, - dedi Ashurov.

Oʻrxan Inandi ishi boʻyicha shug’ullanayotgan Taalaygul Toktakunova “BBC”ga bergan intervyusida aytishicha, bu holat Qirgʻizistonning kuchsiz ekanini koʻrsatadi.

“Bizning mamlakatning kuchsizligi. Bizning fuqaroni qanday qilib bizning chegaradan olib ketilganini bilmay oʻtiribmiz. Konstitutsiya normalariga amal qilinmaydi. Oʻzimizning konstitutsiyada berilgan kafolat bor. Insonning umrini hech narsaga solishtirib boʻlmaydi. Qirgʻizistonning boyligi konlarida emas, boyligi — xalqi, oʻz fuqarolari”, - degan advokat.

Inson huquqlari himoyachisi Izzatillo Rahmatillayevning aytishicha, Qirgʻizistondan mamlakat fuqarosi boʻlgan va fuqaro boʻlmaganlarning xorijiy maxsus kuchlar tomonidan olib ketilishi avval ham bir necha bor yuz bergan.

“1996-2000-yillari Oʻzbekiston maxsus kuchlari koʻplab dindorlarni Qirgʻiziston hududiga kirib, oʻgʻirlab ketgan. 2005-yili qoʻshni davlat maxsus kuchlari boshpana izlab kelgan andijonlik qochqinlarni oʻgʻirlab ketgani boʻyicha faktlar bor. Oʻshning Majrumtol koʻchasida Jumabayevning 2020-yili oʻldirilishi, bugungi kunda Polshadagi qochqin Rahimjon Qosimovning va boshqalarning ishini misol tariqasida keltirish mumkin.

Shuningdek, 2017-yilda Sankt-Peterburgdagi portlash ortidan asli jalolobodlik boʻlgan Azimovning Oʻshdan olib ketilishi, 2018-yili Qozogʻiston faoli Murat Tungishbayevning mamlakatiga ekstraditsiya qilinishi, 2020-yili jurnalist Bobomurod Abdullayevning Qirgʻizistonda Toshkentga ushlab berilishi bunga misol boʻla oladi. Shulardan kelib chiqib, Qirgʻizistonni bedarvoza hovliga oʻxshatish mumkin. Oʻrxan Inandining Turkiyaga oʻgʻirlab ketilishi ham yuqoridagi misollarni tasdiqlaydi” – deydi, huquq himoyachisi.

Qirgʻiziston va Turkiya munosabatlaridagi “Gulenchilar omili”

“Sebat” xalqaro taʼlim muassasasi Qirgʻizistondagi faoliyatini 1992-yildan beri olib boradi. Bugungi kunda mamlakat boʻyicha 16 litsey, Xalqaro “Alatoo” universiteti, Xalqaro “Silk Road” maktabi hamda to’rtta oʻrta umumtaʼlim maktabi “Sebat”/ “Sapat”ga qarashli.

Mazkur taʼlim tarmoqlari esa Turkiyada 2016-yilning 15-iyulida muvaffaqiyatsiz tugagan davlat toʻntarishini uyushtirganlikda ayblanayotgan ulamo Fathulla Gulenga aloqador ekani aytiladi.

Shu sababdan, Turkiya hukumati 2016-yildan beri Qirgʻizistondan “Sebat” maktablarini yopishni talab qilib keladi.

Shu bilan birga, Turkiya hukumati Qirgʻizistondan FETO tashkilotining aʼzolarini mamlakatga ekstraditsiya qilishni ham iltimos qila boshlagan. Ammo oʻsha vaqtdagi Qirgʻiziston Prezidenti Almazbek Atambayev maktablarni yopishning oʻrniga “Sebat” muassasasining nomini “Sapat”ga almashtirib, asoschilar qatoriga Maorif vazirligini qoʻshtirgan.

Atambayev maktablarni yopish va Fathulla Gulen tarafdorlarini mamlakatdan chiqarib yuborishga rozi boʻlmagani ortidan Anqara va Bishkek munosabatlariga sovuqchilik oralagan edi.

Turkiya prezidenti ayni talablarni Qirgʻizistonning keyingi rahbari Sooronbay Jeenbekov bilan 2018-yili Anqarada uchrashganda ham takrorlab, hamkasbini Bishkekdan boshpana topgan Gulenchilarga qarshi kurashga chaqirgan edi.

Jeenbekov oʻshanda Erdoʻgʻanning bu chaqirig'iga rasman javob bermagan va oʻz pozitsiyasini ham oshkor etmagan.

Sadir Japarov davlat rahbarligiga kelgandan keyin, 2020-yilning noyabr oyida Qirgʻiziston Tashqi ishlar vaziri Ruslan Qazakbayev Anqaraga borgan vaqtda ham Turkiyaning Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushoʻgʻlu ushbu mavzuni qayta ochadi.

Chavushoʻgʻlu joriy yilning martida Bishkekka kelganda ham qirgʻiz hukumatiga “Gulenchilar xavfini” eslatgan.

Shunday vaziyatda Japarovning Turkiyaga safari oldidan “Sapat” litseyining prezidenti, muassasaning asoschilaridan biri Oʻrxan Inandi Bishkekda yoʻqolgan.

Qirgʻiziston milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining yetakchisi Qamchibek Tashiyev 8-iyun kuni matbvuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, FETO haqida ham oʻz fikrini aytib oʻtdi.

“Biz FETOning koʻlami Qirgʻizistonda qanchalik ekanini Inandi yoʻqolgandan keyin sezdik. Toʻgʻrisini aytsam, bungacha mazkur tashkilotga katta eʼtibor qaratmagandik. Inandining yoʻqolishidan keyin biz ular qanday kuchga, qanday moddiy imkoniyatlarga ega ekanini koʻrdik. Hatto bir qancha rasmiy lavozimda oʻtirgan shaxslar, ayrim parlament deputatlarining ham ular bilan bogʻliqliklari sezilib qoldi. Biz buni tekshirishimiz kerak. Bizning mamlakatda qandaydir begona davlatning siyosiy tashkiloti boʻlmasligi kerak”, - dedi u.

Shu bilan birga, Tashiyev FETO tashkiloti Qirgʻizistonda shartli ravishda mavjud ekanini va shu vaqtga qadar mamlakat ichida ularning qonunga qarshi faoliyat olib borgani haqida maʼlumotlar yoʻqligini aytdi.

Ismining zikr etilishini istamagan media ekspertning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Gulenchilarning Qirgʻizistondagi taʼsir kuchi ancha katta va ular hatto vazirliklarda ham ishlaydi.

“Men shaxsiy xavfsizligim sabab, shaxsimning e'lon qilinishini istamayman. Ular xavfli odamlar. Ammo men aytadigan narsalar koʻpchilikka sir ham emas. Koʻplar buni biladi. Masalan, yuqori lavozimlardagi ayrim insonlarning biznesi ham ular bilan bogʻlangan. Mamlakatdagi bir qator media gulenchilarga tegishli. Tarbiyasida ko’plab bolalar bor, ular uchun hamma narsaga tayyor. Oʻrxan Inandiga kelsak, bu ish shunday tugashi turgan gap edi. Atambayev unga fuqarolik berib, uni Qirgʻiziston uchun “sekin portlovchi mina”ga aylantirdi. Sadir Japarov esa “yemagan somsasiga pul toʻlashni” istamadi”, - deydi ekspert.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG