Breaking News

Chegaradan noqonuniy o’tganlar cho’l jaziramasida halok bo’lmoqda


AQSh-Meksika chegarasi. 19-may, 2021.

O’z hayotini o’zgartirish ilinjida AQSh-Meksika chegarasiga panoh istab kelayotgan migrantlar oqimi to’xtamayapti. Yozning rekord jaziramasida chegarani noqonuniy kesib o’tib, bepoyon cho’l zonasidan o’tishga jazm etganlar nobud bo’lmoqda.

Birgina iyun oyining o’zida AQSh-Meksika chegarasining shimoliy qismida joylashgan Sonora cho’lida 43 kishining jasadi topilgan. Bu haqda “Humane Borders” notijoriy tashkiloti ma’lum qilgan. Guruh 3145 kilometrga cho’zilgan janubiy chegaraning bir uchastkasini nazorat qiladi. Sud tibbiy ekspertizasi ma’lumotlarini to’playdi.

“Iqlim o’zgarishining real natijalari sezilmoqda. Havo harorati ko’tarilib bormoqda. Ob-havo esa beqaror”, - deydi guruhga ko’ngilli sifatida yollangan Bred Jons.

“Humane Borders” guruhi AQSh chegara hududidan 40 kilometrgacha bo’lgan masofada topilgan jasadlarni hujjatlashtirgan. Guruhning ta’kidlashicha, so’nggi paytlarda ushbu cho’l hududiga kelayotgan migrantlar soni keskin ko’paygan. Yirik maydonni qoplagan cho’l hududida esa favqulodda vaziyatlarda ko’mak beradigan xizmatlar yo’q.

Meteorologiya xizmatining bildirishicha, Arizona shtatining Tuson va Feniks hududlarida iyun oyi rekord darajada issiq kechgan. Havo harorati muntazam ravishda 43 darajadan yuqori bo’lgan.

Jonsning ta’kidlashicha, chegara hududida iyun oyi, odatda, eng issiq oy bo’ladi. Joriy yilning shu oyida qayd etilgan o’limlar soni nisbatan yuqori biroq noodatiy emas.

“Boshqacha aytganda, migrantlar o’limiga oid holatlar chegara hududida 20 yildirki tingan emas. Ushbu regionda so’nggi 20 yilda 4 ming nafardan ziyod migrant nobud bo’lgan. O’rtacha hisobda, har ikki kunda bitta o’lik topilgan”, - deydi u.

AQSh immigratsiya xizmati rasmiysining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, migrantlar o’limiga doir federal ma’lumot chegara bo’ylab joylashgan hududlarda qayd etilgan jami o’limlar sonidan kamroq bo’lishi mumkin. Ayni damda federal hukumat hujjatlarida o’tgan yilning oktabridan boshlangan 2021-moliyaviy yilda 324 nafar migrant o’limi qayd etilgan.

AQSh Chegara patrul xizmatining ma’lum qilishicha, 1998-2020-yillar oralig’ida janubiy sarhadlarda 7 mingdan ziyod migrant jasadi topilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG