Breaking News

Bayden: Urush davri tugab, diplomatiya davri boshlandi


AQSh Prezidenti Jo Bayden BMT minbarida nutq qilmoqda, Nyu-York, AQSh, 2021-yil, 21-sentabr.

AQSh Prezidenti Jo Bayden BMT Bosh assambleyasi yig’inidagi nutqida xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi. Global muammolar kengayib borar ekan, xalqaro hamjamiyat har doimgidan ham ko’ra bir-biri bilan yaqin ishlashi kerak, dedi AQSh yetakchisi.

“Bizning xavfsizligimiz, bizning farovonligimiz va erkinligimiz har qachongidan ko’ra bugun bir-biriga ko’proq bog’liq”, - dedi Bayden.

Bu qarash sobiq prezident Donald Tramp olg’a surgan “Amerika birinchi” siyosatining aksidir.

Harbiy choralar haqida gapirar ekan, Bayden “AQSh harbiy kuchlari bizning birinchi emas, oxirgi choramiz bo’lishi kerak va biz dunyoda ko’rayotgan har bir muammo uchun uni yechim sifatrida ko’rmasligimiz lozim”, - dedi.

"Biz Afg'onistondagi yigirma yillik urushni tugatdik. Endi uzluksiz urush davrini tugatib, davomiy diplomatiyaning yangi davrini boshlaymiz", - deya qo’shimcha qildi prezident.

Baydenning aytishicha, u xalqaro muammolarni, xususan, Hind -Tinch okeani mintaqasidagi ziddiyatlarni hal qilish uchun ko'p tomonlama diplomatik institutlarni ishga soladi.

Baydenga ko'ra, AQSh tinch maqsadlarni ko'zlagan har qanday davlat bilan hamkorlik qilishga tayyor.

Ayni paytda u Koreya yarimorolini to'liq yadro qurolidan holi hududga aylantirish harakatlari davom etishini bildirdi.

Bayden, xususan, Janubiy Sudan, Checheniston va Moldovani tilga olib, Vashington dunyo bo’ylab inson huquqlari, erkinlik va demokratiyaga rioya qilish uchun kurashayotganlarni qo'llab -quvvatlashini qayd etdi.

Prezidentning aytishicha, AQSh tez orada COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash bo'yicha qo'shimcha choralarni e'lon qiladi.

U, shuningdek, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashda rivojlanayotgan mamlakatlarga xalqaro yordam dasturlarini moliyalashtirishni ikki barobar oshirish uchun Kongress bilan birga ishlayotganini ta'kidladi.

"Amerika qaytdi. Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotiga va uning qadriyatlariga ishonamiz", - dedi Bayden.

193 a’zo davlat yetakchilari va hukumat vakillari qatnashayotgan BMT yig’ini har yili dunyo yuzlashib turgan global muammolarni muhokama qilish maydoni vazifasini o’taydi.

Yig’inda 100 dan ortiq davlat yetakchilari qatnashmoqda. Bayden bugun Nyu-Yorkda Avstraliya bosh vaziri bilan alohida uchrashishi belgilangan. Shuningdek, Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonni Oq uyda mehmon qilishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG