Breaking News

AQSh Mirziyoyevni demokratik islohotlarga, erkinlikni kengaytirishga undadi


Toshkent, 4-oktabr, 2021

O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkentda AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Uendi Sherman bilan muloqot qildi.

Tomonlar suhbatdan mamnun: strategik sheriklik, AQShdan sarmoya oqimi, siyosiy-iqtisodiy islohotlar va inson huquqlari masalasi hamda Afg’onistondagi vaziyat muhokama qilingan.

Vashington Toshkent bilan serqirra aloqa tarafdori ekanini, O’zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimo quvvatlashini eslatgan.

Toshkent, 4-oktabr, 2021
Toshkent, 4-oktabr, 2021

Bayden ma’muriyati a’zosi O’zbekiston prezidentini demokratik va iqtisodiy islohotlarni davom ettirib, inson huquqlari bobida olg’a qadam tashlayverishga undagan.

Mirziyoyev idorasiga ko'ra, xavfsizlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, savdo, innovatsiya, qishloq xo‘jaligi, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, gumanitar almashinuvlar kabi yo‘nalishlarda qo'shma loyihalarni ko'paytirish borasida ham so'zlashilgan.

AQSh Davlat kotibi Uendi Sherman Prezident Mirziyoyev bilan muloqotda, Toshkent, 4-oktabr, 2021
AQSh Davlat kotibi Uendi Sherman Prezident Mirziyoyev bilan muloqotda, Toshkent, 4-oktabr, 2021

Pandemiyani bartaraf etish va vaksina ta'minoti xususida gap ketar ekan, O'zbekiston Amerikaga bu boradagi yordami uchun minnatdorlik bildirgan.

Afg‘onistonda ahvol og'ir. O‘zbekistonning bu xalqqa ko‘magi e'tirof etilib, AQSh bilan birga qanday qadamlar tashlanishi mumkinligi to'g'risida ham gaplashib olgan.

Sherman kecha Toshkentda O'zbekiston Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev bilan ham uchrashgan.

Sherman O'zbekistonni mustaqillikning 30 yilligi bilan qutlab, Afg'oniston yuzasidan hamkorlik uchun rahmat aytgan.

Davlat kotibiga ko'ra, Afg'oniston xalqi yordamga muhtoj, Tolibon boshqaruvi ostida fuqaro huquqlari va erkinlik toptalmoqda, barcha elat va siyosiy taraflarni o'z ichiga olgan hukumat tuzilishi lozim. AQSh mintaqa davlatlari, jumladan O'zbekiston bilan kelishib ish tutishga bel bog'lagan.

Mirziyoyev ma'muriyati o'z siyosatida nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlarini ko'zlayotganini bildirgan. Toshkent Afg'onistonga madad ko'rsatib, qo'shni yurtni quvvatlashda davom etadi, degan rasmiylar. Toshkent, ularning ta'kidlashicha, Afg'onistonda barqarorlikka erishish uchun Amerika bilan hamkorlikni kengaytirishga shay.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG