Breaking News

Asli o'zbekistonlik ayol 15 yildan beri erining ozodligi uchun kurashmoqda


Husayn Jalil turmush o'rtog'i Kamila Talendibaeva va birinchi farzandi bilan

Asli o’zbekistonlik va hozir Kanadada yashovchi Kamila Talendibaeva 15 yildan beri turmush o’rtog’ining ovozini va u haqda biror yangilik eshitishni kutib yashaydi.

Uning eri Husayn Jalil Xitoy qamog’ida.

O’tgan oy Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo ikki kanadalik erkak – Maykl Kovrig va Maykl Spavor Xitoy qamog’idan ozod etilganini e’lon qildi. Bu xabarni eshitgan Kamila va uning to’rt o’g’lida umid uchqunlari chaqnadi.

“Yuragimda Kanada hukumati endi turmush o’rtog’im Husayn Jalil ishiga e’tibor qaratadi va uning ozodligini ta’minlab, Kanada olib kelish uchun hamma ishni qiladi, degan umid uyg’ondi”, - deydi Telendibaeva “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Yaqinda ozod qilingan ikki kanadalik Xitoyning “Huawei” kompaniyasi rahbari Men Vanchjou AQSh talabi bilan Kanadada hibs qilinishi ortidan qamoqqa olingan edi. AQSh va Xitoy o’rtasidagi kelishuv natijasida Men ozod qilingach, bu ikki kanadalik ham qo’yib yuborildi. Xitoy bu kanadaliklarning hibsga olinishi Men ishiga aloqador emasligini aytadi.

Jalilning hibsga olinishi

Millati uyg’ur va Kanada fuqaroligini olgan hamda Kanadada tug’ilgan to’rt farzandning otasi bo’lgan Husayn Jalil 2006-yil 23-mart kuni O’zbekistonga turmush o’rtog’ining oilasini ko’rish uchun borganida hibsga olingan. Shu yilning o’zida u O’zbekistondan Xitoyga jo’natilgan.

“Uch o’g’lim, Husayn va men homilador holatimda 2006-yil mart boshida O’zbekistonga Kanada pasporti bilan 20 kunlik viza asosida kirgan edik”, - deydi Kanadaning Ontario provinsiyasida yashovchi Kamila Talendibayeva.

Husayn Jalil Kanadadagi uyida
Husayn Jalil Kanadadagi uyida

Jalil o’tgan asrning 90-yillarida Xitoydan O’zbekistonga ko’chib kelib, bo’lajak turmush o’rtog’i bilan tanishgan. Ular 1999-yil turmush qurib, keyinroq Turkiyaga ko’chishgan. Bu yerda Jalil BMTning qochoqlar idorasida ro’yxatdan o’tib, Kanadaga muhojir sifatida oilaviy kelishgan.

“Xalqaro Amnistiya” tashkiloti saytidagi ma’lumotga ko’ra, Jalil Xitoyni tark etishidan avval uyg’urlarning siyosiy va diniy huquqlarini qo’llab-quvvatlagani uchun bir muddat hibsga olingan.

“Xalqaro Amnistiya”ga ko’ra, Xitoy rasmiylari uni uyg’urlar huquqlarini himoya qilishga oid xatti-harakatlarda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan. Keyinroq jazo 20 yillik muddatga o’zgartirilgan.

Kanada fuqarolari

Jalil va uning turmush o’rtog’i Kamila 2005-yilda Kanada fuqaroligini olgan.

Oila advokati Kris Maklodning aytishicha, Jalil va oilasi O’zbekistonga tashrif buyurganda farzandlaridan biri kasal bo’lib qoladi va ko’proq qolish maqsadida viza muddatini uzaytirish uchun O’zbekiston rasmiylariga murojaat qilishadi. Shundan so’ng Jalil Xitoy hukumati radariga tushadi va Pekin uni hibsga olish uchun Toshkentga talab jo’natadi.

Husayn Jalil va Kamila Talendibaevaning ikkinchi, uchinchi va to'rtinchi farzandlari
Husayn Jalil va Kamila Talendibaevaning ikkinchi, uchinchi va to'rtinchi farzandlari

“Uni O’zbekistonda 90 kuncha ushlab turishdi. Kanada bu masalaga aralashmagan, aslida aralashishi kerak edi. Nihoyat 2006-yil uyun yoki iyulda Husayn Xitoyga jo’natib yuborildi”, - deydi Maklod.

Talendibaeva Toshkentda hibsga olinganidan beri erini boshqa ko’rmadi.

“Men O’zbekistondagi Kanada elchixonasiga murojaat qildim va ularga nima bo’lganini aytdim. Shundan beri ulardan hech narsa eshitmadim. Ularning harakatsizligi O’zbekiston tomonidan erimning maxfiy tarzda Xitoyga berib yuborilishi sabablaridan biri”, - deydi Kamila Talendibaeva.

Kanadaning javobi

Kanada Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Patrisia Skinnerning aytishicha, Kanada hukumati Jalil masalasini Xitoy rasmiylari bilan ko’tarishda davom etadi.

“Xitoy hukumati Jalilning Kanada fuqaroligini tan olishni rad etayotgan bo’lsa ham, Kanada rasmiylari yuqori darajadagi Xitoy rasmiylari bilan uning ishini muhokama qilishda davom etadi”, - dedi Skinner “Amerika Ovozi”ga.

2012 - 2016-yillar Xitoyda Kanada elchisi bo’lgan Gay Seynt-Jakusga ko’ra, Kanada bosh vazirlari Stiven Xarper va Jastin Tryudo 2014 va 2016-yilgi Xitoyga qilgan tashriflarida Jalil ishini Xitoy yetakchilari bilan muhokama qilgan.

Jalil Xitoy fuqaroligini o’z ixtiyori bilan tark etgan bo’lsa-da, Pekin buni tan olmagan.

Mamlakat rasmiylari unga Xitoy fuqarosi sifatida munosabatda bo’lgani bois ham Kanada elchixonasi vakillarining u bilan uchrashishuga ruxsat bermay keladi.

Seynt-Jakusning aytishicha, agar AQSh Prezidenti Jo Bayden Men ishi yuzasidan aralashmaganda, Kanada keyinroq hisbga olingan ikki fuqarosini ham ozod qila olmagan bo’lardi.

Kamila Talendibaeva to'ng'ich o'g'li bilan
Kamila Talendibaeva to'ng'ich o'g'li bilan

“Kanada hukumati bu kelishuvga Jalilni ham qo’shadi, deb umid qilgan edik. Endi bu muvaffaqiyatdan xulosa chiqarib, Jalil uchun ham xuddi shunday qilish kerak”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti vakili Vilf Ruland.

Vashingtondagi Xitoy elchixonasi Jalil ishi bo’yicha “Amerika Ovozi” so’roviga javob qaytarmadi.

Eri qamoqqa olingandan beri Talendibaeva to’rt o’g’lini yolg’iz o’zi katta qildi.

“To’ng’ichimizning rivojlanish bilan bog’liq kasalligi bor. U doim menga bog’liq. 24 soat oldida bo’lishim kerak. Ikkinchimiz 18 yoshda. Toronto universitetida muhandislik bo’yicha o’qiyapti. Uchinchi o’g’lim 17 da. Maktabda 12-sinfda o’qiydi. Kenjasi 15 da. Otasi o’g’irlab ketilganda u hatto hali tug’ilmagan edi”, - deydi Kamila.

“Ular xohlasa, har qanday odamni Xitoydan olib kela oladi. Lekin to’rtta kanadalikning otasi va kanadalikning turmush o’rtog’i bo’lgan odamni ham olib kelishni xohlashadimi?” – deya so’raydi 15 yildan beri turmush o’rtog’ini kutib yashayotgan ayol.

15 yildan beri erini kutayotgan o'zbekistonlik ayol
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:29 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG