Breaking News

AQSh generali: Xitoy harbiy qudratda AQShdan o'zib ketishi mumkin


Xitoy Ozodlik armiyasi askarlari Prezident Si Zinpinning ulkan portreti oldida, Pekin, Xitoy, 2019-yil, 1-oktabr.

AQShning yuqori darajadagi generali Vashington va uning ittifoqchilarini Pekinning harbiy salohiyati kundan-kunga kuchayib brayotgani va u AQSh va Rossiyani quvib o’tishi faqat vaqt masalasi ekani haqida ogohlantirdi.

Qo’shma harbiy shtab raisining oʻrinbosari va Vashingtondagi ikkinchi oliy martabali harbiy ofitser general Jon Xayten Xitoy armiyasining bu qadar tez yuksalib borayotganini “hayratlanarli” deb atadi.

"Agar biz buni o'zgartirish uchun biror narsa qilmasak, bu sur’at va yo’nalish bilan ular Rossiya va Qo'shma Shtatlardan ham o’tib ketadi", - dedi general Mudofaa bo’yicha yozuvchilar guruhi o’tkazgan tadbirda.

Kelasi oy nafaqaga chiqishi kutilayotgan Xaytenning bu ogohlantirishi Xitoy iyul oyida tovushdan besh baravar tez harakatlanuvchi qurol tizimini sinovdan o'tkazgani AQSh rasmiylari tomonidan tasdiqlanishidan bir kun o’tib yangradi.

“Bloomberg” telekanaliga bergan intervyusida AQSh qo’shma harbiy shtabi raisi general Mark Milli Xitoyning bu sinovini “juda tashvishli” deb ta’rifladi.

"Bu “Sputnik” lahzasimi yoki yo'qligini bilmayman, lekin menimcha, bu juda yaqin", - deya qo'shimcha qildi Milli Rossiya tomonidan 1950-yillarda kosmosga uchirilgan dunyoning birinchi sun'iy yo'ldoshiga ishora qilib.

Ayni shu voqeadan keyin fazoda AQSh va Rossiyaning murosasiz poygasi boshlangan edi.

Milli singari Xayten ham Xitoyning gipertovushli quroli sinovi tafsilotlarini baham ko'rishdan bosh tortdi va ma'lumotlar maxfiyligini aytdi.

Ammo bunday sinovni o'tkazish orqali Xitoy o’ziga xos mujda yo’llamoqda, deya qo’shimcha qildi u.

"Ular yaratayotgan barcha gipertovushli qurollar, ular yaratayotgan barcha yadroviy qurollar o'z aholisi uchun mo'ljallanmagan, - dedi Xayten Xitoy harbiy qurollari haqida. - Bu Amerika Qo'shma Shtatlari uchun mo'ljallangan va biz shunday deb taxmin qilishimiz, shunga mos reja tuzishimiz kerak”.

Harbiyga ko’ra, Amerikaning gipertovushli qurollar dasturi ancha ilg’or, ammo bu borada vaziyat tez orada o’zgarishi mumkin.

"So'nggi besh yil ichida, ehtimol undan ham ko'proq vaqt ichida Qo'shma Shtatlar to'qqizta gipertovush tezligidagi qurollar sinovini o'tkazdi, - dedi Xayten jurnalistlarga. – Xitoy esa yuzlab bunday ishlarni bajardi".

Xaytenning qo’shimcha qilishicha, AQS Xitoy va Rossiyaning gipertovush tezligidagi qurollaridan o’zini mudofaa qilish bo’yicha hali ko’p ish qilishi kerak.

"O'zingizni gipertovushli qurollardan himoyalanishda eng muhim narsa bu qurol emas. Bu o'zingizning shunday qurolingizni yaratish ham emas. Bu gipertovushli qurolni ko'ra oladigan sensorni yaratishdir, - dedi u. - Hozir bizda bunday sensorlar yo'q."

Xitoy armiyasi harbiy mashg'ulot o'tkazmoqda, 2021-yil, 22-may.
Xitoy armiyasi harbiy mashg'ulot o'tkazmoqda, 2021-yil, 22-may.

Xaytenning ta'kidlashicha, yechimlardan biri shuki, AQSh ittifoqdoshlari bilan yuqori tezlikdagi qurollarni aniqlash uchun yerdagi va kosmik tizimlarning o’zaro integratsiyalashgan tarmog'ini yaratishi lozim.

Ammo bunday salohiyatni yaratish vaqt talab etadi va Xayten Pentagonning o'sib borayotgan byurokratiyasi tufayli bu dastur to'xtab qolishidan xavotirda. Uning so'zlariga ko'ra, samaradorlikni oshirishga qaratilgan so'nggi sa'y-harakatlarga qaramay, muhim dasturlarning ijrosi hanuz sust ketmoqda.

Xaytenning aytishicha, gipertovushli qurollarga qarshi kurashishning yana bir usuli yorug'lik tezligida harakatlanadigan lazerlarga murojaat qilishdir.

“Biz lazer texnologiyalari bo’yicha shu darajaga yetdikki, u haqiqatda kelayotgan raketa tahdidlarini bartaraf eta olish kuchiga ega. Biz bu sohaga sarmoyani oshirishimiz kerak”, - dedi general.

Rossiya hanuz asosiy tahdid manbai

Xitoyning jadal rivojlanib borayotgan harbiy salohiyati haqidagi xavotirlarga qaramay, Xayten hozircha Rossiya AQSh uchun eng katta tahdid bo‘lib qolayotganini aytdi.

"Rossiya hanuzgacha eng jiddiy tahdid bo'lib qolmoqda, chunki ularda 1500 ta yadroviy qurol bor. Xitoy esa buning taxminan 20 foiziga ega. Demak, biz yaqin kelajakda Rossiya haqida qayg'urishimiz kerak", - dedi Xayten.

"Ular allaqachon yadroviy qurol tashiydigan gipertovushli tizimga ega, - deya qo’shimcha qildi general Rossiya haqida. - Va ular gipertovush bilan tajriba o'tkazishda davom etmoqda. Ammo Xitoy tezligida emas, Xitoy tezligiga yaqin emas."

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG