Breaking News

AQSh biznes olamida ildiz otayotgan o'zbekistonlik


Sardor Ahmedov 7 yil oldin Qo’shma Shtatlarga maktabda tahsil olish uchun kelgan. Massachusettsda o’rta maktabni, Nyu-Yorkda kollejni bitirgan. Keyinchalik o’z biznesini boshlaydi.

Sardor Ahmedov - Qo’shma Shtatlarga tahsil olib, biznesda muvaffaqiyat qozonayotgan yangi avlod o’zbekistonlik immigrantlar vakili. U 23 yoshida ikki oylayn biznesni boshqaradi, “Forbes Business” kengashining eng yosh a’zolaridan biri. Tijoratdan tashqari u jamoat ishlarida ham faol. UzbekDiaspora.com notijorat platformasiga hammuassis Sardorning maqsadi jahonning turli burchaklaridagi yosh o’zbekistonlik mutaxassislarni o’zaro hamkorga aylantirish.

Sardor Ahmedov 7 yil oldin Qo’shma Shtatlarga maktabda tahsil olish uchun kelgan. Massachusettsda o’rta maktabni, Nyu-Yorkda kollejni bitirgan o'zbekistonlik bu yosh keyinchalik Amerikada o’z biznesini boshlaydi. Bolaligidan tijoratga qiziqishini aytadi.

“Men o’zimni tanibmanki, har doim biznesmen bo’lishni, tadbirkor bo’lishni xohlaganman. Kimdir rassomchilikka, kimdir esa mashinalarga qiziqadi, men esa yoshligimdan savdo-sotiq qilib foyda qilishga qiziqqanman. Oilamizda pul bilan muammo bo’lmagan, ammo qanaqadir yangi narsani yaratish va uni sotish menga doim zavq beradi. Oilamizda dadam tadbirkor bo’lganlar, hamon tadbirkorlikni davom ettirayaptilar. Dadamga havas qilib, u kishidan ham ko’p narsani o’rganganman. Lekin dadam an’anaviy biznes vakili, IT sohasida emas”, - deydi Sardor Ahmedov.

So’nggi yillarda Sardor qator IT loyihalarni boshqarib keladi. Texnologik biznes yo’nalishidagi yutuqlari va notiqlik san’ati tufayli AQShda mutaxassislar orasida ham tanilishga ulgurgan.

“Mening kuchli tarafim - doim harakatdaligim. Nyu-Yorkdagi medialar, “Yahoo” kabi resurslar men haqimda aynan har doim harkatda bo’lganligim tufayli yozishyapti. “LinkedIn”da faol bo’la boshlaganimda katta media vakillari menga yozishni boshlashdi”, - deya tushuntiradi suhbatdosh.

AQShda ikki biznesni boshqarayotgan yosh o'zbekistonlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:29 0:00

AQShdagi mavjud imkoniyatlar unga ham shaxsiy, ham biznes ko’nikmalarini qisqa fursatda ishga solish imkonini berganidan Sardor mamnun.

“AQShga men o’qishga kelganman. Grant yutib bu yerda o’rta maktabning 11- sinfini bitirdim. Massachusettsdagi xususiy maktabda o’qiganman. Keyin Nyu-Yorkda institutga kirganman. Institutda 4 yillik diplomni emas, ikki yillik diplomimni olib darrov biznesga kirib ketganman. Talabalik vizasi bilan kelganman. Bu yil mening grin kartamni tasdiqlashdi. EB-1 toifasidagi grin karta bor. Bu nodir iste’dod sohiblariga beriladigan grin karta, menga biznesni muvaffaqiyatli darajada yuritganim uchun ushbu grin kartani berishdi”, - deya mamnunligini aytadi Sardor Ahmedov.

Sardorga O’zbekistonda an’anaviy biznes vakili sifatida o’z otasi namuna bo’lgan bo’lsa, AQShda u onlayn bizneslarda muvaffaqiyat qozongan tadbirkorlarni o’zi uchun ustoz sifatida kashf qilgan.

“Garri Vaynerchukni o’zimning ustozim deb bilaman. Hayotda hali uchrashmagan bo’lsak-da, har doim uning videolarini kuzataman. Shu odamning menga bergan katta maslahati sabr haqida bo’lgan. Unga ko’ra, hozir 20-30 yoshgacha bo’sangiz, hatto 15 yoshdan oshgan bolsangiz, hali hayot oldinda, o’rtacha olganda inson 70 yoshgacha yashaydi. Hali 50 yildan oshiq umringiz bor va katta-katta ishlarni qilishga ulgurasiz, demak buning uchun sabr kerak. Lekin ko’pchilik ana shu sabrni adashtirib, demak sekin harakat qilsam ham bo’ladi deb o’ylaydi. Yo’q. Har kunlik ishingizda sabrsizlik bo’lishi kerak. Bugungi maqsadlarimni qo’ysam, olaylik men hozirgacha ya’ni kunduzgi soat 4 gacha sakkizta uchrashuv o’tkazdim. To’xtamayman, doim harakatlanaveraman. Lekin milliardlik kompaniyani maqsad qilsam, buning uchun menga kamida 5 yil bor. Demak, men 5 yillik sabrni o’zimda qo’yganman. Besh yil men sabrli bo’lib kutaman. Katta yo’nalishda sabrli bo’lish kerak, ammo har kunlik ishingizda harakat katta bo’lishi shart”, - deydi suhbatdosh.

Bugungi kunda Sardor AQShda o’z o’rnini topgan o’zbekistonlik boshqa bir muvaffaqiyatli onlayn bizneslar asoschisi Bobir Akilxanov bilan hamkorlikda ishlamoqda. Jafton.com hamda Missed.com kabi loyihalarga rahbarlik qiladi. Biznesdagi faoliyatidan tashqari u jahonning turli qismlaridagi yosh o’zbekistonlik mutaxassislarni bir platforma – “Uzbek Diaspora” atrofida birlashtirishga muvaffaq bo’lgan.

Sardor Ahmedov maqsadi sari intilarkan, hayotidagi har bir uchrashuv unga katta orzusiga yetishishining kaliti bo’lishi mumkinligini biladi.

“Ikki taraflama, ham shaxsiy ham biznes yo’nalishida o’sishim uchun joy ko’p. Kimdir bu yosh va muvaffaqiyatli deyishi mumkin. Lekin bo’ldi, endi men muvaffaqiyatli ekanman deb hech qachon o’tirib qolmaslik kerak. Men shu narsani tushunib yetganman. Mening endigi maqsadim ustozim va sherigim Bobir Akilxanov bilan birgalikdagi orzuimizga erishish, bir milliard dollarlik IT kompaniyasini qurish. Shu maqsadda biz hozir qattiq ishlayapmiz. Yetti kunlab, dam olmasdan ishlayapmiz. Shaxsiy o’sish borasida ham ancha narsalarga ulgurishim kerak. Hali qancha o’qilmagan kitoblar, qancha tanishish kerak bo’lgan odamlar bor. Bir sohada, bitta bizneda o’ssangiz, ichida shaxsingiz ham o’sadi. Shuning uchun men netvorkingga, ya’ni atrofimdagi muvaffaqiyatli bizneslar egalari bilan muloqotga katta ahamiyat beraman”, - deydi Sardor.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG